× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

2020-yilda 30 ta oliy ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari yangicha tartibda attestatsiyadan oʻtkaziladi
06.11.2019

Bugun, 6-noyabr kuni Toshkent moliya institutida “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan oʻtkazish - oʻqitish sifatini oshirishning muhim omili” mavzusidagi seminar tashkil etildi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda oliy taʼlim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishdagi yangicha tartiblar toʻgʻrisida soʻz bordi.

Seminarda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov, inspeksiyasi va vazirlikning tegishli boshqarma boshliqlari, oliy taʼlim muassasalari rektor, prorektor, dekan, kafedra mudirlari va boʻlim boshliqlari hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi.

Taʼlim inspeksiyasi tomonidan 2018-2019-yillar davomida 24 ta oliy taʼlim muassasa (OTM)lar attestatsiyaga jalb qilingan boʻlib, ulardan 10 tasi (41,7%) “Attestatsiyadan oʻtdi” deb eʼtirof etildi va akkreditatsiyalandi. 13 tasi (54,2%) esa “Attestatsiyadan shartli oʻtdi” deb eʼtirof etildi va ularga kamchiliklarni bartaraf etish uchun 1 yil muddat berildi. 1 ta OTM (4,2%) “Attestatsiyadan oʻtmadi” deb eʼtirof etildi va akkreditatsiyalanmadi.

Agarda eʼtibor bergan boʻlsangiz, bor-yoʻgʻi 42% OTMlar attestatsiyadan oʻtgan boʻlib, qolgan 54% attestatsiyadan shartli oʻtgan, yaʼni ularga yana bir imkoniyat berilgan. Lekin afsuski bu imkoniyatdan koʻplab OTMlar samarali foydalanmadi.

Davlat inspeksiyasi joriy yilningsentyabr oyida 22 ta OTMlari va 5 ta ilmiy tadqiqot muassasalarining attestatsiyadan oʻtmagan taʼlim yoʻnalishlari, magistratura mutaxassisliklari hamda ixtisosliklarni qayta attestatsiyadan oʻtkazdi.

Qayta attestatsiya natijasiga koʻra:

40 ta taʼlim yoʻnalishlaridan 17 ta (42,5%) “Attestatsiyadan oʻtmadi” (TAQI -1 ta, TDMRXOM – 1 ta, TATU – 2 ta, OʻzDK – 3 ta, TKTI – 1 ta, TDTU – 2 ta, TerDU – 2ta, GulDU – 1 ta, JizDPI – 3 ta, TDAU Nukus f. – 1 ta);

17 ta magistratura mutaxassisliklaridan 4 tasi (23,5%) “Attestatsiyadan oʻtmadi” (TDTU – 4 ta);
60 ta ixtisoslikdan 19 ta (31,7%) “Attestatsiyadan oʻtmadi” (BuxDU-1, BuxDTI-1, TDAU-2, TDTU-9, TIQXMMI-1, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti-4, Umumiy va noorganik kimyo instituti-1) deb xulosa qilindi va qabul toʻxtalishi belgilandi.

Taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklar va ixtisosliklarning qayta attestatsiyadan oʻtmasligining asosiy sabablari:

20% OTMlarda dastlabki attestatsiya jarayonida aniqlangan kamchiliklarning yuzaga kelishining sabablari tizimli oʻrganilmasdanOTMlar rahbariyati va mutasaddi masʼullar tomonidan tegishli xulosalar chiqarilmaganligi, masalaga masʼuliyatsizlik bilan yondashilganligi, tizimli nazoratning oʻrnatilmaganligi, ushbu muammolarni bartaraf etish boʻyicha qabul qilingan “yoʻl xaritalarining” monitoringi yuritilmaganligi aniqlandi. Xususan, TAQI, TATU, TerDU, TAYLQEI, TKTI, OʻDSMIda oldingi attestatsiya boʻyicha berilgan eʼtirozlar bartaraf etilmagan;

35% OTMlarda professor-oʻqituvchilar tomonidan oʻqitilayotgan dars sifatining pastligi, zamonaviy bilimlarning yetarli darajada berilmasligi, ularning oʻz ustida muntazam ishlamasligi va mustaqil taʼlimga eʼtibor qaratilmasligi sababli talabalarning fan dasturlarini oʻzlashtirish darajasi hamon pastligicha qolayotganligi (TDTU- 5ta, TerDU – 1 ta, TATU -1 ta TKTI- 1ta, AndMI-1 ta, GulDU – 1ta, JizPI - 2 ta) kuzatildi.

30% OTMlarda professor-oʻqituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyati mezon talablariga javob bermaslik holatlari bartaraf etilmagan. Xususan, TATU, TAQI, TerDU, OʻzDK, TDMRXOM, JizDPIda tayanch maʼlumotlari dars berayotgan fanlariga mos boʻlmagan professor-oʻqituvchilar boʻyicha tegishli choralar koʻrilmaganligi aniqlandi;

25% OTMlarda fan dasturida belgilangan laboratoriya mashgʻulotlarini toʻliq va sifatli oʻtkazilmayotganligi hozirgi kunga qadar bartaraf etilmaganligi qayd etildi;
32% OTMlarda ilmiy faoliyatni tashkil etish va uning natijadorligi qoniqarsiz deb eʼtirof etildi;
42% OTMlarda yuqori maʼnaviyatli yoshlarni tarbiyalash uchun mavjud sharoitlar va amalga oshirilgan ishlar nomigagina bajarilganligi maʼlum boʻldi.

Yuqoridagi holatlarni inobatga olib, shuningdek, oliy taʼlim bilan qamrovni oshirish taʼlim sifatiga salbiy taʼsir qilmasligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470-sonli qarori bilan “Davlat taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlandi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev yangi baholash mezonlari ilgʻor xalqaro tajribadan foydalangan holda, xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilganligini taʼkidlar ekan, ushbu jarayondagi yangiliklar haqida maʼlumot berdi.

Xususan, endilikda attestatsiya xulosasi 2 koʻrinishda boʻladi: attestatsiyadan oʻtdi va attestatsiyadan oʻtmadi. Bundan buyon “Shartli oʻtdi” degan tushuncha boʻlmaydi, attestatsiyadan oʻtmagan taʼlim yoʻnalishi yoki mutaxassisligiga qabul toʻxtatiladi.

Yangi nizomga koʻra:
• Xalqaro tajriba asosida OTMlarni akkreditatsiyalash
4 bosqichda amalga oshirilishi belgilandi: oʻzini-oʻzini baholash (ichki baholash), mustaqil ekspertlar tomonidan tashqi baholash, xulosalar tayyorlash, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash va ularni doimiy monitoring qilib borish. Bunda OTMda taʼlim sifatini oʻzini-oʻzi baholash mexanizmi mavjudligi va uning doimiy ravishda olib borilishi akkreditatsiyalanishning asosiy sharti sifatida belgilandi.
• Taʼlim tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya muddati tugaydigan yildan oldingi yilning 1-oktyabriga qadar Davlat inspeksiyasiga attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida ariza taqdim qilinishi.
• Taʼlim muassasasi va/yoki taʼlim dasturlari akkreditatsiyalanadi.
• Xorijiy ekspertlar jalb qilinishi koʻzda tutilgan, Xalqaro akkreditatsiya agentliklari bilan hamkorlikda akkreditatsiyani tashkil etish.
• Ekspert komissiyalari tomonidan taʼlim tashkilotlari faoliyatini ichki baholash natijalari va boshqa taqdim etilgan hujjatlarda haqqoniy boʻlmagan maʼlumotlarning aniqlanishi taʼlim tashkilotlarining (taʼlim dasturlarining) “attestatsiyadan oʻtmadi” deb eʼtirof etilishiga sabab boʻladi hamda davlat namunasidagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat berish huquqidan mahrum etiladi.
• Akkreditatsiyadan oʻtgan taʼlim tashkiloti (taʼlim dasturlari) doimiy ravishda taʼlim sifatini taʼminlashlari shartligi va bu jarayon Davlat inspeksiyasi tomonidan muntazam nazorat qilib borilishi belgilandi.
• Akkreditatsiyadan oʻtgan taʼlim tashkiloti (taʼlim dasturlari) tomonidan taʼlimga oid qonunlar buzilganligi yoki amalga oshirilayotgan taʼlim xizmatlari davlat taʼlim standartlari va davlat talablariga mos kelmasligi yoki sertifikat va unga ilovada belgilangan koʻrsatkichlar doirasidan chetga chiqish holatlari aniqlangan taqdirda akkreditatsiya haqidagi sertifikat Davlat inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda bekor qilinishi joriy etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq davlat inspeksiyasi tomonidan 2020-yilda oliy, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish jadvali tasdiqlandi va u asosida 30 ta, oliy taʼlim va ilmiy – tadqiqot muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazilishi belgilandi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov yangi tartibdagi OTMning oʻzi tomonidan oʻtkaziladigan ichki attestatsiyadan unumli foydalanish lozim taʼkidlar ekan, ushbu jarayonda Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimlari faolligini oshirish, mavjud ahvolni har hafta tahlil qilib borish hamda attestatsiyani ochiq va oshkora tashkil etish boʻyicha rektorlarga koʻrsatma berdi. Shuningdek, oʻzini oqlamayotgan yoʻnalishlarni yopish boʻyicha tashabbus komissiya kelgunga qadar OTMning oʻzidan chiqishi lozimligi taʼkidladi.

Shundan soʻng, attestatsiyaga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishning oʻziga xos jihatlar, attestatsiya mezonlari, OTMlardagi Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi faoliyatidagi muammolar va ularning yechimlari, taʼlim sifatining samarali nazorati – oliy taʼlim muassasasini milliy va xalqaro reytingda munosib oʻrin egallashining muhim omili hamda taʼlim sifatini nazorat qilishda AKTning tatbiqi va qoʻllanilishi kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Ishtirokchilar mavzu boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Matbuot xizmati