× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Namanganda xalq ta`limi xodimlarining malakasini oshirish tizimi oʻrganildi: holat achinarli
08.11.2019

Bugungi kunda mamlakatimizda taʼlim sohasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning asosiy mezonlaridan biri barcha turdagi taʼlim muassasalarida sifatli taʼlimni taʼminlash, jumladan, oʻqitishning zamonaviy usullarini keng joriy etish orqali respublika hududlaridagi malaka oshirish markazlarida pedagog kadrlarning kasbiy malakalarini yuksaltirib borish ustuvor vazifalardan biridir.

Malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimi faoliyatini oʻrganish va amaliy koʻmak berish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulug‘bek Tashkenbayev tomonidan Namangan viloyatidagi Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazida faoliyati oʻrganildi.

Oʻrganishlar jarayonida taʼlim sifati bilan bogʻliq boʻlgan boʻlgan quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha qator kamchiliklarning mavjudligi va ularni bartaraf etish yuzasidan muassasa rahbariyati tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmayotganligi qayd etildi. Jumladan, noyabr oyi rejasiga muvofiq 16 ta malaka oshirish yoʻnalishlari boʻyicha tashkil etilgan 25 ta guruhlarda (reja boʻyicha jami 625 nafar tinglovchi) tinglovchilarning mashgʻulotlarga qatnashishlari yuzasidan tushuntirish ishlari talab darajasida tashkil etilmaganligi sababli oʻquv mashgʻulotlari boshlanganiga bir hafta boʻlgan boʻlsa-da, dars mashgʻulotlariga surunkali ishtirok etmaganliklari uchun 11 nafar tinglovchilar malaka oshirish kursidan chetlashtirilishiga yoʻl qoʻyilgan.

Taʼlim muassasasi binosida jami 36 ta oʻquv xonalari mavjud boʻlib, shundan, 19 ta proyektor, 9 ta smart televizor hamda 5 ta elektron doskalar bilan taʼminlangan. Lekin, ushbu zamonaviy Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan dars mashgʻulotlarida samarali foydalanishda pedagog kadrlarning bilim va koʻnikmalari yetishmaydi.

Masalan, “Maktabgacha taʼlim tarbiyachilari” yoʻnalishidagi “Mutaxassislik metodikasi” oʻquv moduli boʻyicha dars tahlili kuzatilganda, mavzuga oid elektron animatsiyali oʻquv materiallari mavjud boʻlsa-da, oʻquv xonasidagi kompyuter va Smart LED elektron doskasidan foydalanish, yaʼni hatto uni ishlatish va dars jarayonida foydalanish koʻnikmalariga ham ega emasligi qayd etildi.

Mazkur taʼlim muassasasi pedagog kadrlarning sifat koʻrsatgichini oshirib borish, tajribali, ilmiy darajali, oʻqitish metodikalari boʻyicha chuqur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan pedagoglarni jalb qilish yuzasidan viloyatdagi mavjud 3 ta oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik ishlari samarali tashkil etilmagan. Buning natijasida bugungi kunda mazkur taʼlim muassasasidagi jami 163 nafar pedagoglarning bor-yoʻgʻi 18 foizga yaqini ilmiy darajaga ega xolos. Ilmiy darajali pedagog kadrlarni yoʻnalishlar boʻyicha malaka oshirish kurslariga jalb qilish ishlari sust tashkil etilgan. Malaka oshirish kurslarida yoʻnalishlar boʻyicha faol ishtirok etayotgan tinglovchilarning iqtidorlarini baholab borish (ragʻbatlantirishning turli shakllari) mexanizmlari joriy etilmagan.

Yana bir holat, malaka oshirishning kimyo, fizika yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv modullarining laboratoriya-amaliy mashgʻulotlarida kimyoviy reaktivlar hamda laboratoriya jihozlari mavjud boʻlmaganligi sababli mashgʻulotlar nazariy shaklda olib borilmoqda. Bugungi kunda tinglovchilar uchun Axborot-resurs markazida aniq fanlar, amaliy fanlar, maktabgacha taʼlim-tarbiya kabi malaka oshirish yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitish metodikalari boʻyicha metodik ishlanmalar va oʻquv qoʻllanmalari yetishmaydi.

Shu bilan birga, taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar ham oʻrganildi. Malaka oshirish kurslari davomida taʼlim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish va tashkil etish toʻgʻrisida tushunchalar berish yuzasidan Taʼlim inspeksiyasi tomonidan bir qator taklif va tavsiyalar berilgan boʻlishiga qaramasdan topshiriqlari ijrosi yuzasidan 23 ta malaka oshirish yoʻnalishlaridan faqat 6 tasining ishchi dasturlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilgan xolos. Qolgan 17 ta yoʻnalishlarning oʻquv modullariga tegishli qoʻshimchalar kiritish yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirilmaganlik holatlari kuzatildi.

Oʻrganish yakunlarida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulug‘bek Tashkenbayev raisligida taʼlim sifatini oshirishda uchraydigan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini belgilash maqsadida viloyatdagi 3 ta oliy taʼlim muassasalari rektorlari, prorektorlar, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi hamda Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish mintaqaviy markazi rahbariyati, kafedra mudirlari ishtiroki tanqidiy ravishda muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida kimyo yoʻnalishi boʻyicha tinglovchilarning laboratoriya amaliy mashgʻulotlarini sifatli tashkil etish yuzasidan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan zarur kimyoviy reaktivlar bilan taʼminlab berilishiga erishildi.

Shuningdek, Taʼlim inspeksiyasi boshligʻining taklifiga binoan viloyatdagi 3 ta oliy taʼlim muassasalari rektorlariga hamda taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining viloyat boʻlimi xodimlariga viloyatning shahar va tumanlaridagi tayanch maktablarida eng tajribali pedagoglar va metodistlardan iborat ishchi guruhlarini shakllantirish va ular yordamida reja-grafik asosda har bir tumanda fanlar boʻyicha oʻqitish metodikalarining eng zamonaviy usullarini joriy etish yuzasidan oʻqituvchilarning kasbiy bilim va koʻnikmalarini oshirib borishga yoʻnaltirilgan “Master-klass” oʻquv seminarlarini joriy etish taklifi bildirildi va bu taklif qoʻllab-quvvatlandi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Matbuot xizmati