× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Maktab ta`limini rivojlantirish – umumxalq harakatiga aylanmoqda
21.11.2019

Ayni kunlarda umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifatini oshirish boʻyicha amaliy koʻmak berish maqsadida Respublika ishchi guruhi Xorazmda faoliyat olib borayotgani haqida xabar bergan edik.

Joriy yilning 20-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev va ishchi guruh aʼzolari Xorazm viloyati Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazida boʻlishdi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi tomonidan markazdagi kimyo fani oʻqituvchilaridan iborat tinglovchilar guruhi uchun mahorat darsi tashkil etildi. Unda tinglovchilarga xalqaro baholash dasturlari va taʼlim sifatini nazorat qilish jarayonlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berildi.

Shuningdek, matematika fani oʻqituvchilaridan iborat tinglovchilar bilan boʻlgan uchrashuv davomida malaka oshirish kurslarini samarali tashkil etilishida tinglovchilarni faollikka chaqirib, kursdan olgan yangiliklari asosida har bir darsni sifatli tashkil etish, asosiy eʼtiborni oʻquvchilarning darsda olgan bilimlarini hayotda qoʻllay olish koʻnikmalarini shakllantirishga qaratish lozimligini taʼkidladilar.

Uchrashuv davomida tinglovchilarga malaka oshirish kurslarining muhim jihatlarini eslatib, bir-birlari bilan oʻzaro tajriba almashish, har bir mavzu boʻyicha mahorat darslarini tashkil etish, bu borada tayanch maktablari imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Tinglovchilar bilan boʻlgan savol-javoblar jarayonida Gurlan tumanidagi 4-sonli maktab matematika fani oʻqituvchisi Dildora Tursunboyeva, Shovot tumanidagi 10-sonli maktab oʻqituvchisi Barno Shermetova, Xonqa tumanidagi 48-sonli ixtisoslashtirilgan maktab oʻqituvchisi Dilnoza Xudoyberganovalar faol ishtirok etishdi. Ular tomonidan berilgan oliy malaka toifasini navbatdan tashqari olish tartibi, malaka oshirish sohasida ilgʻor mamlakatlar tajribasi, xalqaro tadqiqotlar va baholash dasturlari, maktablar attestatsiyasi va davlat akkreditatsiyasi jarayonidagi yangiliklar boʻyicha savollarga Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi batafsil javob berdilar.

Shuningdek, tashrif davomida hududiy malaka oshirish markazining faoliyati tahlil qilinib, bir qator muammolar mavjudligi aniqlandi.

Hududiy markazning asosiy vazifasi faqatgina vazirlik tomonidan berilgan rejani bajarishdan iborat boʻlib, oʻqituvchilar malakasini oshirishning samarali uslublaridan foydalanish imkoniyati chegaralangan. Xususan, oʻquv rejani shakllantirishda tinglovchilarning ehtiyojlari va takliflari inobatga olinmagan. Maxsus fanlar (kimyo-biologiya va fizika)dan laboratoriya mashgʻulotlarini tinglovchilarga koʻrsatish uchun toʻliq sharoit mavjud emas.

Viloyatning turli tumanlaridan tinglovchilikka kelgan 25 nafar kimyo fani oʻqituvchilari bilan boʻlgan suhbat jarayonida ularning

24 nafari (96%) laboratoriya mashgʻulotlarini toʻliq oʻtkaza olmasliklarini, buning uchun maktablarida yetarlicha sharoitlar yaratilmaganligini maʼlum qildi.

Xususan, malaka oshirish markazida ham kimyo fanidan laboratoriya mashgʻulotlarini toʻliq namoyish qilish uchun sharoit yetarli emas. Moʻrikonli shkaf toʻgʻri oʻrnatilmagan, reaktivlar bilan toʻliq taʼminlanmagan, oʻquvchilar partalariga ulangan suv va suv oqava tarmoqlari nosozligi uchun suv taʼminoti uzib qoʻyilgan, eng achinarlisi oʻquv dasturidan laboratoriya mashgʻulotlarini oʻtkazish va namoyish etish oʻrin olmagan.

Shuningdek, hududiy markaz fizika laboratoriya jihozlari bilan ham har bir tinglovchi tomonidan mustaqil bajarish uchun yetarli miqdorda taʼminlanmagan.

Urganch shahar hokimining Yoshlar siyosati va ijtimoiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari S.Salayev bilan boʻlgan uchrashuv jarayonida malaka oshirish hududiy markazining samarali faoliyat koʻrsatishi uchun yetarli sharoitlarni yaratish va mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha kelishib olindi.

Shuningdek, malaka oshirish hududiy markazi rahbariyatga har bir tinglovchining faoliyatini shaffof baholash tizimini yoʻlga qoʻyish, markazning moddiy texnik imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha tavsiya berilib, tinglovchilar oʻrtasida “Eng yaxshi dars ishlanmasi” tanlovini tashkil etish boʻyicha taklif kiritildi.

Uchrashuv yakunida viloyatdagi oliy oʻquv yurtlarining professor oʻqituvchilari, Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha hududiy trenerlar va Malaka oshirish hududiy markazining ilgʻor oʻqituvchilari umumiy oʻrta taʼlim maktablariga biriktirilib, ular tomonidan reja-grafik asosida har bir tumanda fanlar kesimida oʻqitish metodikalarining eng zamonaviy usullarini joriy etish yuzasidan oʻqituvchilarning kasbiy bilim va malakalarini oshirib borishga yoʻnaltirilgan “Mahorat darslar”ni tashkil etish belgilab olindi.

Shundan soʻng, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Urganch tumanidagi 5-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida boʻlib, 10-sinf oʻquvchilariga informatika fanidan mahorat darsi oʻtib berdi. Dars mobaynida oʻquvchilar bilan birgalikda dasturlash doir misollar bajargan Ulugʻbek Tashkenbayev nanotexnologiyalar, kelajakda yaratiladigan kvantkompyuterlar, neyrokompyuterlar toʻgʻrisida maʼlumot berib, Xorazm diyorida faoliyat koʻrsatgan Maʼmun akademiyasi, al-Xorazmiy tomonidan qilingan kashfiyotlar haqida yoshlarga soʻzlab berdi.

Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi oʻquvchilar bilan boʻlgan suhbatda vatan ravnaqiga munosib hissa qoʻshish uchun koʻp bilim olish, oʻqishga boʻlgan munosabatni yanada kuchaytirish lozimligini taʼkidlar ekan, yangi texnologiyalarni yaratishda ushbu maktab oʻquvchilarining ham roli katta boʻlishiga umid bildirdi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Matbuot xizmati