× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Fransiyada Ta`lim inspeksiyasi faoliyati qanday tashkil etilgan?
23.11.2019

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakili Fransiyaga qilgan xizmat safari davomida yurtimizning xalqaro tadqiqotlardagi ishtiroki boʻyicha Xalqaro iqtisodiy hamkorliklar tashkiloti (OECD) mutasaddilari bilan muzokara olib borgani haqida xabar bergan edik.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil qilinganiga endigina 2 yildan oshdi. Oʻtgan davr mobaynida inspeksiyaga yuklatilgan vazifalarni bajarish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish va ularni yurtimiz taʼlim sifatini baholash ishlariga joriy etish boʻyicha maqsadli ishlar boshlab yuborilgan.

Xususan, Fransiyasiga xizmat safari bilan borgan Oʻzbekiston Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakillari Fransiya Taʼlim, sport va tadqiqotlar yoʻnalishi boʻyicha bosh inspeksiyasi bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish hamda ushbu tashkilot faoliyatidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish maqsadida muzokaralar olib borishdi.

Fransiya Taʼlim, sport va tadqiqotlar yoʻnalishi boʻyicha bosh inspeksiyasida boʻlib, tashkilotning Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi, bosh inspektor Shantal Manes Bonisso xonim bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha muzokara olib borgan Taʼlim inspeksiyasi bosh boshqarma boshligʻi Abdurahim Nosirov ushbu tashkilot faoliyatiga oid olgan bir qator maʼlumot bilan oʻrtoqlashdi.

Fransiya Taʼlim, sport va tadqiqotlar boʻyicha bosh inspeksiyasi 4 ta vazirlik, yaʼni Fransiya Respublikasi Xalq taʼlimi va yoshlar vazirligi, Oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Sport vazirligi faoliyatini nazorat qilish uchun faoliyat koʻrsatadi.

Fransiyada Taʼlim inspeksiyasi uzoq tarixga ega boʻlib, 1802-yilda Napoleon Bonapart davridayoq tashkil etilgan. Oʻtgan davr mobaynida taʼlim, sport, kutubxona, yoshlar, ilm-fan uchun, baʼzan alohida, baʼzan birga faoliyat yuritib kelgan. 2019-yil 1-oktyabrdan hukumat qarori bilan 4 ta soha uchun Taʼlim, sport va tadqiqot yoʻnalishlari boʻyicha vazirliklararo BOSH INSPEKSIYA sifatida qayta tashkil etilgan.

Inspeksiyada 290 nafar inspektor Respublika miqyosida faoliyat koʻrsatadi.

Inspeksiya tuzilmasiga koʻra 5 ta katta boshqarmadan iborat:

1.Fanlar va pedagogika boʻyicha ekspertiza boshqarmasi;
2.Tashkilotlar, hududlar taʼlim siyosatini muvofiqlashtirish boshqarmasi;
3.Yoshlar, sport va ijtimoiy ahvol boshqarmasi;
4. Oliy taʼlim, fan, tadqiqot va innovatsiyalar boshqarmasi;
5. Kutubxona, taʼlim hujjatlari, kitob va ommaviy oʻqishni muvofiqlashtirish boshqarmasi.

Bosh Inspeksiya asosan 4 ta missiyani bajaradi: qoʻllab-quvvatlash, ekspertiza qilish, baholash va nazorat qilish.

1. Qoʻllab – quvvatlash – taʼlim, fan, sport, madaniyat boshqaruv idoralarini, oliy taʼlim muassasalarini;
2. Ekspertiza qilish – vazirliklar, idoralar, shartnomalar, rahbarlar faoliyati, xizmatlar, tuzilmalar va boshqa holatlar;
3. Baholash – tashkilotlar, muassasalar, tuzilmalar, ijtimoiy siyosiy ahvol va kadrlarni;
4. Nazorat qilish - tashkilotlar, muassasalar, xizmatlar, tuzilmalar va kadrlarni.

Inspeksiya hujjatlari koʻra yoshlar, taʼlim, fan, sport, kutubxonalar sohasida yagona Bosh inspeksiya tashkil etilishi ushbu sohalar boʻyicha davlat siyosatini kuzatish, baholash va monitoring qilishda izchillikni taʼminlaydi. Bosh inspeksiyada toʻplanadigan tajribalarning xilma-xilligi, bolalar bogʻchasidan doktoranturaga qadar davlat siyosatini muvofiqlashtirish va yaxshiroq ifodalash imkonini beradi, bu esa taʼlim, fan va yoshlarni rivojlantirishga, oʻquvchilarni sport, jamiyat hayoti va jamoat oʻqishiga jalb qilishga taʼsir qiladi, ijtimoiy aloqalar va hududlar muvozanatiga hissa qoʻshadigan siyosatni olib borishga xizmat qiladi deb qayd etilgan.

Bosh inspeksiyaning birinchi vazifasi taʼlim, tadqiqot, sport va madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan siyosatni baholash va muntazam monitoring qilish orqali davlat xizmatlari sifatini kafolatlashdir. Bosh inspeksiya xodimlarining izlanishlari, holatni oʻrganishlari, kuzatuvlar, tadqiqot natijalari, xalqaro taqqoslashlar asosida ota-onalarga, oʻquvchi-talabalarga, vazirlik va idoralarga, taʼlim muassasalariga obyektiv xulosalarni berish orqali qatʼiylik va xolislikka asoslangan tekshiruvning qonuniyligini tan olgan davlatga ishonchni mustahkamlashga hissa qoʻshadi. Kutubxonalarning ilmiy-texnik nazorati orqali mahalliy hokimiyat organlariga hamrohlik qiladi va maslahat beradi.

Bosh inspeksiya shuningdek, islohotlarni qoʻllab-quvvatlaydi, mamlakatni rivojlantirishga yordam beradi, barcha yoshlar tarbiyasiga hissa qoʻshadi. Inspeksiya tadqiqotlar, universitetlar, vazirliklar bilan aloqa qilishda muhim rol oʻynaydi va xorijiy inspektorlar bilan hamkorlik qiladi. Jumladan, Fransiya Bosh inspeksiyasi oʻz navbatida Yevropada taʼlim milliy va mintaqaviy inspektorlari uyushmasi (SICI ) ga aʼzo hisoblanadi. Ushbu uyushma 1995-yilda tashkil topgan boʻlib, unga hozirda 37 davlat aʼzodir. Inspeksiya uyushma bilan taʼlim sohasidagi xalqaro anjumanlar, davra suhbatlari oʻtkazish, dolzarb muammolarni birgalikda muhokama etish boʻyicha hamkorlik qilmoqda.
Oʻquvchi, talabalar bilimlarini, oʻzlashtirishlarini oʻrganishlar, asosan pedagog oʻqituvchilarning faoliyatini nazorat qilish hamda baholovchilar orasida oʻziga xoslik amalga oshirilayotgan islohotlarning maʼnosini oydinlashtirishga, ularning bajarilishini baholashga va zarur hollarda ushbu soha kuzatuvlari asosida zarur tuzatishlarni taklif qilishga imkon beradi.

Bosh inspeksiya yuqoridagi funksiyalardan tashqari, Xalq taʼlimi, Oliy taʼlim, tadqiqot, yoshlar va sport sohalarida tekshirish, nazorat qilish, audit, baholash, ekspertiza qilish, qoʻllab-quvvatlash va maslahat berish vazifalarini bajaradi. Shuningdek, kitob oʻqish, hujjatlashtirish va kutubxonalar sohasida ham faoliyat olib boradi.

Ushbu vazifalar Xalq taʼlimi, Oliy taʼlim, tadqiqot va innovatsiyalar, yoshlar va sport uchun masʼul vazirlarning iltimosiga binoan yoki Bosh inspektorning faoliyati dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.

Bosh inspeksiya tahlillaridan Bosh vazir, boshqa vazirlar, davlat organlari, mahalliy hokimiyat organlari yoki ularning birlashmalari, jamgʻarmalar yoki uyushmalar, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar foydalanishi mumkin. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi talabiga binoan ham inspeksiya tomonidan olib borilgan tadqiqotlar va tahliliy maʼlumotlardan foydalaniladi.

Bosh inspeksiya oʻzining oʻquv yili uchun ish rejasini ishlab chiqadi, uni tegishli vazirliklarga taqdim etadi. Bajarilgan ishlar, olib borilgan oʻrganishlar, tadqiqotlar, monitoring natijalari inspeksiya saytida eʼlon qilib boriladi.

Bundan tashqari har bir vazirlik yoʻnalishi boʻyicha ularning quyi boʻgʻinlarida toʻplagan inspektorlar faoliyat olib boradi. Masalan, Shantal Bonisso xonimning maʼlumotiga koʻra Xalq taʼlimi sohasida Fransiya boʻyicha boshlangʻich taʼlim uchun 1500 va yuqori sinflar uchun yana 1400 nafar inspektorlar fanlar kesimida va turli nazorat sohalarida faoliyat olib boradi.

Maʼlumot uchun: Fransiya hududiy administrativ boʻlinishiga koʻra taʼlim boʻyicha 35 ta Akademiyaga boʻlinadi. Har bir akademiyani oʻzining taʼlim boʻyicha Prezidenti (odatda ushbu hududdagi Oliy taʼlim muassasalardan birining rahbari boʻladi) boshqaradi. Unga hududda joylashgan uzluksiz taʼlim tizimining barcha taʼlim muassasalari, maktabgacha, boshlangʻich, oʻrta, oliy, maktabdan tashqari, ilmiy tadqiqot muassasalari kiradi.

Inspeksiya pedagog kadrlar attestatsiyasi, konkursi bilan tegishli vazirliklar bilan birgalikda shugʻullanadi. Pedagogika sohasida oliy taʼlim muassasasini bitirib master darajasiga erishgan, har bir talabgor ishga kirish uchun vakant joylar uchun taʼlim vazirliklari tomonidan eʼlon qilingan markazlashgan tanlovdan oʻtish orqali ishga joʻnatiladi. Ushbu tanlov va ish bilan taʼminlanish oʻqituvchi kasbi uchun kafolatlangan davlat xizmatchisi degan lavozimni beradi, keyin uni hech kim xohlagan paytda ishdan boʻshata olmaydi. Lekin Masterni bitirish va konkursda ishtirok etish talablari ancha yuqori, darslar oʻtishi, bir necha bosqichli sinovlardan hamda suhbat oʻtish lozim. Yosh oʻqituvchi ishga kirgan davridan to nafaqaga chiqib ketgunga qadar boʻlgan davrda 12 ta bosqichdan iborat toifalarga ega boʻlib boradi va oylik maoshi ham toifasiga yarasha oshib boradi.

Uchrashuv davomida Shantal Manes Bonisso xonim bilan Fransiya bosh inspeksiyasi va Oʻzbekiston Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish, tajriba almashish, konferensiya, seminarlarda ishtirok etish, Yevropada taʼlim milliy va mintaqaviy inspektorlari uyushmasi (SICI-School Inspectorates in Europe) bilan aloqa oʻrnatish masalalarida kelishib olindi.