× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Diplomi Oʻzbekistonda tan olinmaydigan xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan ogoh boʻling
26.11.2019

Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasasi sifatida faoliyat koʻrsatish huquqi ega boʻlmagan tashkilotlar haqida xabar berilganida soʻng Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi telegram boti (@Uztdibot)ga foydalanuvchilardan 1000 ga yaqin savollar kelib tushdi.

Yuqoridagi murojaatlarda koʻra soʻngi paytlarda Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalariga kira olmagan yoshlar va ularning ota-onalari oʻrtasida xorijda oliy taʼlim olishni va buni hech qanday imtihonsiz, pullik xizmat koʻrsatish evaziga rasmiylashtirib berishni taklif etayotgan konsalting tashkilotlari faol targʻibot ishlarini amalga oshirishmoqda.

Ushbu tashkilotlar tomonidan taklif etilayotgan oliy taʼlim muassasalarining diplomlari Oʻzbekistonda tan olinishi yuzasidan aniqlik kiritish soʻralmoqda.

Oʻzbekistonda xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 620-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan amalga oshiriladi.

Joriy yilda qabul qilingan mazkur nizom qator xorijiy davlatlar tajribalarini oʻrganish va moslashtirish asosida yangilangan boʻlib, ushbu jarayon birmuncha soddalashtirildi.

Avvalgi tartibda diplomi tan olinishi uchun murojaat qilgan fuqaro 2 bosqichda: Oʻzbekiston tarixi fanidan test topshiriqlarini bajarishi va oʻz yoʻnalishi boʻyicha suhbatdan oʻtishi bilan sinovdan oʻtkazilgan boʻlsa, endilikda faqatgina bir bosqichda mutaxassislik fanlaridan test imtihonlari topshirishmoqda. Ushbu test jarayonlarini adolatli va shaffof oʻtkazish maqsadida sinovlar kompyuterda onlayn koʻrinishda kuzatuv kameralari nazorati ostida topshiriladi hamda natija bilan talabgor test yakunlangan zahoti tanishishi mumkin.

Bundan tashqari, xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish toʻgʻridan-toʻgʻri (sinovlarsiz) amalga oshiriladigan holatlar aniq koʻrsatib oʻtildi.

Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi 1992-yil 1-yanvardan soʻng berilgan hujjatlarni tan olish tartibini belgilaydi.

Konslating tashkilotlari tomonidan “dunyodagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari”, “diplomi Oʻzbekistonda sinovlarsiz tan olinadigan universitetlar” deb targʻib qilinayotgan, masofaviy va eksternat taʼlim shaklini taklif etayotgan muassasalarning aksariyati, oʻz davlatida ham akkreditatsiyadan oʻtmaganligi maʼlum boʻlmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 29-yanvardagi “Davlat oliy taʼlim muassasalarida eksternat asosida oʻqish amalga oshirilmaydigan bakalavriat taʼlimi yoʻnalishlari roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 16-son qaroriga muvofiq eksternat tartibida oʻqish amalga oshirilmaydigan mutaxassisliklar roʻyxati tasdiqlangan. Ushbu roʻyxatda mavjud boʻlgan taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarining taʼlim hujjatlari tan olinmasligini maʼlum qilamiz.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunining 3-moddasida taʼlim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplaridan biri sifatida – taʼlimning uzluksizligi va izchilligi, 4-moddasida esa ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda taʼlim olishni tashkil etish belgilangan.

Bundan tashqari, taʼlim tizimi rivojlangan davlatlarda ham oliy taʼlim olishda asosiy taʼlim shakli sifatida kunduzgi taʼlim shakli amal qiladi. Masofaviy taʼlim shakli va eksternat taʼlim shakllari esa asosan oliy taʼlimdan keyingi kattalar taʼlimida va umr davomida taʼlim olishda qoʻllanilib kelinadi.

Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqidagi nizomning 36-bandiga asosan Respublikamizda xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish quyidagi hollarda rad etilishi belgilab berilgan:

a) xorijiy davlatlarda kasbiy maʼlumot toʻgʻrisida hujjat beradigan taʼlimning umumiy meʼyoriy davri (toʻliq umumiy oʻrta yoki oʻrta maʼlumot olingandan keyin) Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim standartlarida nazarda tutilgan davrdan ikki yildan kam boʻlsa;

b) xorijiy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat berilgan davlatda uning egasiga Oʻzbekiston Respublikasidagiga qaraganda taʼlim olish va (yoki) kasbiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun kam huquqlar berilgan boʻlsa (hujjat egasi taʼlimning keyingi bosqichida oʻqishni davom ettirish, kasbiy faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻlmasa);

v) maʼlumot Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan taʼlim shaklida olingan boʻlsa;

g) oliy taʼlim bosqichlarida:

bakalavriat boʻyicha oʻqish muddati uch yildan kam boʻlsa yoki Yevropa taʼlim tizimi asosida oʻqish davomida 240 dan kam kredit toʻplagan boʻlsa;

magistratura boʻyicha oʻqish muddati bir yildan kam boʻlsa;

bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari qoʻshib oʻqitiladigan taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim olganda umumiy oʻqish davri uch yildan kam boʻlsa;

d) toʻgʻridan-toʻgʻri (sinovlarsiz) tan olinadigan xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar ushbu Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan talablarga toʻgʻri kelmasa.

Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisidagi qonunida ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda (kunduzgi, sirtqi hamda kechki taʼlim shakllari koʻzda tutilgan) taʼlim olish belgilangan, lekin masofaviy va eksternat taʼlim shakli koʻzda tutilmagan. Shuning uchun ushbu taʼlim shaklida xorijiy taʼlim muassasalarida oʻqib olingan taʼlim hujjatlari hamda xorijiy OTMlarning bakalavriat yoʻnalishi boʻyicha sirtqi taʼlim shaklida 3 yil yoki undan kam muddatda oʻqib olingan diplomlari Respublikamiz hududida tan olinmasligini bildiramiz.

Mazkur masala yuzasidan oʻzingizni qiziqtirgan savollar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasiga quyidagi telegram bot orqali murojaat qilishingiz mumkin: @Uztdibot

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi