× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Pedagog kadrlar attestatsiyasiga tayyorgarlik ishlari boshlandi: Taklif va tavsiyalar
01.11.2019

Pedagog kadrlar attestatsiya jarayonlari tashkil etish va oʻtkazish, shubhasiz, pedagog kadrlarning oʻquv fani boʻyicha malakasi, dars oʻtish mahorati, mehnati samaradorligi va kasb mahoratining oshirilishiga, ularning malaka toifalari uchun haq toʻlash miqdorini oshirish orqali moddiy sharoitlarini yaxshilashga va oʻz-oʻzidan taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

2020-yilda boʻlib oʻtadigan pedagog kadrlar attestatsiyasiga tayyorgarlik ishlari boshlandi. Bu yilgi attestatsiya jarayonlarida maktabgacha taʼlim muassasalari, bolalar musiqa sanʼat va maktablari hamda ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari pedagoglari birinchi marta ishtirok etishganligini alohida taʼkidlash joiz. Mazkur mavzu barcha pedagoglar uchun qiziqarli boʻlishini inobatga olib bir necha savol bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boʻlim boshligʻi Safarali Hamrayevga bir necha savollar bilan murojaat qildik.

– Suhbatimiz avvalida, pedagog kadrlar attestatsiya natijalari toʻgʻrisida ham qisqacha toʻxtalib oʻtsangiz?

– Natijalarga xalq taʼlimi tizimi pedagog kadrlari attestatsiyasi misolida toʻxtaladigan boʻlsak, oliy va birinchi malaka toifali hamda mazkur malaka toifalariga talabgorlar uchun oʻtkazilgan malaka (test) sinovlarida ishtirok etgan jami 56 ming 736 nafar pedagoglardan 4457 nafar (qatnashganlarning 7,9 %, yaʼni oʻtgan yilgi 4,7% ga nisbatan +3,2 foiz koʻp) pedagoglar Oliy malaka toifasiga mos keladigan natijalarni qayd etishganligini, 24426 nafar (43,3% oʻtgan yilgi 18,4% ga nisbatan +24,9% foiz koʻp) pedagoglar esa birinchi malaka toifasiga mos keladigan, 8452 (14,9%) nafar pedagoglar ikkinchi malaka toifasiga, 19401 (34,2%) nafar pedagoglar esa mutaxassis malaka toifasiga mos keladigan koʻrsatkichlarni qayd etishganligini kuzatish mumkin.

Attestatsiya natijalariga koʻra ishtirok etgan 56 ming 736 nafar pedagoglardan 32 ming 483 (57,2%) nafari ijobiy natijalar, yaʼni amaldagi malaka toifasini oshirish yoki saqlab qolishga mos keladigan koʻrsatkichlarni qayd etishib, (bu koʻrsatkich oʻtgan yilgi 48,8 foizga nisbatan +8,4 foizga oshgan) oʻzlarining oylik maoshlarini oshirishga muvaffaq boʻlishganligi quvonarli holat.

Natijalarining hududlar boʻyicha tahliliga koʻra Respublika boʻyicha pedagoglarning oʻrtacha koʻrsatkichlari 64,1 % (oʻtgan yilgi 61,8% ga nisbatan +2,3% foizga oshgan)ni tashkil qilgan boʻlib, bu koʻrtsatkich Navoiy 67,0 (+6,0%), Buxoro 64,5% (+3,1%), Jizzax 64,1% (+5,8%) viloyatlarida Respublika koʻrsatkichidan yuqori boʻlsa, Namangan 63,9% (+2,7%), Fargʻona 62,7% (+2,4%), Xorazm 63,1% (+2,1%), (+2,4%), Toshkent 60,8% (-0,4%), Samarqand 60,7% (+5,4%), Andijon 59,2%(+0,4%), Surxondaryo 58,9% (+0,6%), Qashqadaryo 58,7% (+2,0%), Sirdaryo 58,6% (+3,3%) viloyatlari va Toshkent shahrida 63,8% (-3,1%) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 61,6% (+1,9) Respublika koʻrsatkichidan past natijalar qayd etilgan.

Surxondaryo (58,9%), Qashqadaryo (58,7%) va Sirdaryo (58,6%) viloyatlari oʻrtacha koʻrsatkichlari boʻyicha soʻnggi ikki yilda ham oxirgi oʻrinlarda boʻlishi, mazkur hududlarda pedagoglarning oʻz ustida ishlashlari va ularning malakasini oshirishlariga yetarli eʼtibor qaratilmayotganligidan dalolat bermoqda.

Malaka (test) sinovlari natijalarining oʻquv fanlari boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichlar tahliliga koʻra Boshlangʻich taʼlim 65,4% (oʻtgan yilga nisbatan +5,4% ga oshgan), Fizika 59,0% (+13,6%), Biologiya 53,3% (+5,9%), Ona tili va adabiyot 54,2% (+6,8%), Matematika 61,2% (+9,7%), Geografiya 70,5% (+11,8%), Kimyo 50,4 (+4,9%), Tarix 58,5 (+8,5%) kabi oʻquv fanlarida oʻsish kuzatilgan boʻlsa, Rus tili (milliy maktablarda) 60,3% (-6,6%), Nemis tili 60,6% (-5,6%%), Iqtisodiy bilim asoslari 63,0% (-3,8%) fanlarida natijalarning pasayishi kuzatildi.

Umuman olganda, yuqoridagi tahlillardan koʻrinib turibdiki, yuqori natijalar qayd etishgan pedagoglar soni oshib, past natijalar qayd etgan pedagoglar soni esa kamaymoqda. Bu ham boʻlsa mamlakatimizda pedagoglar obroʻsini oshirish, ularning oʻz ustilarida ishlashlari uchun yaratilayotgan shart sharoitlar hamda ularni ortiqcha mehnatlarga jalb qilmaslik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning dastlabki natijalari sifatida qabul qilish mumkin.

– 2019-yilda oʻtkazilgan pedagog kadrlar attestatsiyasida necha nafar pedagog jalb qilingan edi?

– Umumiy oʻrta taʼlim taʼlim muassasalaridan 115 ming 278 nafar; maktabgacha taʼlim muassasalaridan 3762 nafar; akademik litseylardan 1462 nafar, Kasb-hunar kollejlaridan 421 nafar; bolalar musiqa sanʼat va maktablaridan 1847 nafar; ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlaridan 1059 nafar, jami 123 ming 829 nafar pedagoglar jalb qilingan.

– Keyingi vaqtlarda koʻplab ijtimoiy tarmoqlarda pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayoniga oʻzgartirishlar kiritilganligi toʻgʻrisida axborotlar berilmoqda, pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayoniga kiritilgan oʻzgartirishlar haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz?

– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil

5-sentyabrdagi “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5538-son va 2019-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5712-son Farmonlari ijrosini taʼminlash, pedagoglar bilim salohiyatini adolatli baholash, shu orqali taʼlim-tarbiya sifatini oshirish maqsadida taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi qayta koʻrib chiqildi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 392-son qarori bilan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlandi. Shuningdek, tasarrufida taʼlim muassasalari mavjud boʻlgan vazirlik va idoralarning qoʻshma qarori bilan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarining attestatsiya natijalarini baholash mezonlari” tasdiqlanib, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 16-sentyabrda 3182-raqami bilan roʻyxatdan oʻtkazildi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, YUNISEF mutaxassislari bilan hamkorlikda ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasidan foydalangan holda tayyorlangan ushbu Nizomda attestatsiya jarayoni soddalashtirildi. Jumladan:

hududlarda komissiyalar tomonidan attestatsiya jarayonlarining xolisona oʻtkazilishini taʼminlash, taqdim etilayotgan maʼlumotlarning haqqoniyligi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida attestatsiya komissiyalari tarkibiga Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakillari kiritildi;

ilmiy darajaga (fan nomzodi, falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) ega boʻlgan pedagog kadrlar attestatsiyaga jalb qilmaslik;

pensiya yoshida boʻlgan pedagog kadrlar attestatsiyaga oʻz xohishiga koʻra jalb etiladi. Attestatsiyaga jalb etilmagan pedagog kadrlarning mavjud malaka toifalari va lavozimlari taʼlim muassasalarida ishlagan davrida saqlanib qolinadi;

attestatsiya jarayonida attestatsiyadan oʻtuvchi bilan suhbat oʻtkazish juda koʻp vaqt (ayrim hududlarda 20-25 kun) talab qilayotganligi, attestatsiya komissiyalari aʼzolari va pedagoglarning asosiy ishlarini bajarishlariga bu holat toʻsqinlik qilayotganligini inobatga olib, baholash mezonlaridan suhbatni chiqarib tashlandi;

taʼlim turlari boʻyicha oliy va birinchi malaka toifasiga hamda yetakchi va bosh oʻqituvchi lavozimlariga talabgor pedagog kadrlarning attestatsiya jarayonlarini xalq taʼlimi tizimidan chiqarib, bevosita taʼlim muassasasi boʻysunadigan vazirlik va idoralar tizimiga oʻtkazildi;

apellyatsiya komissiyalari faoliyatida xolislik va adolat tamoyillarini taʼminlash maqsadida apellyatsiya komissiyalarining attestatsiya oʻtkaziladigan tashkilotdan yuqori turuvchi tashkilotda tashkil etilishi;

pedagog kadrlarning attestatsiyadan oʻtishlari uchun besh yillik muddatni kutmasdan ularning yozma arizasiga binoan navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtkazish, navbatdan tashqari attestatsiya natijalariga koʻra birinchi va ikkinchi malaka toifali pedagoglarga nisbatan salbiy qaror qabul qilinmaydi.

– Demak, yuqorida aytib oʻtganingizdek, endi pedagog kadrlar 5 yillik muddatni kutmasdan, muddatidan ilgari ham attestatsiyalarga ishtirok etishlari mumkin, muddatidan ilgari attestatsiyalarni tashkil qilish tartibi hamda 2020-yilda oʻtkaziladigan navbatdagi va muddatidan ilgari oʻtkaziladigan attestsiyaga kimlar ishtirok etishlari mumkinligi haqida toʻxtalib oʻtsangiz?

– Hozirgi kunda 2020-yilda oʻtkaziladigan pedagog kadrlar attestatsiyasiga tayyorgarlik ishlari boshlangan boʻlib, jumladan tasarrufida taʼlim muassasalari mavjud boʻlgan vazirlik va idoralarga Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy xati yuborildi. Unga koʻra vazirlik (idora) tasarrufidagi maktabgacha, umumiy oʻrta, taʼlim oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan 2015-yil va undan oldingi yillarda attestatsiyadan oʻtkazilgan pedagoglar uchun navbatdagi (majburiy), 2016-2019-yillarda oʻtkazilgan pedagog kadrlar attestatsiyasida ishtirok etgan pedagoglar uchun oʻz arizalariga koʻra muddatidan ilgari 2020-yilda oʻtkaziladigan attestatsiyada ishtirok etishni xohlovchilar pedagog kadrlarga oid maʼlumotlarni tasdiqlangan hamda elektron shaklda 2019-yilning 1-dekabriga qadar Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga taqdim etishlari soʻralgan.

Pedagog kadrlar esa, attestatsiyada ishtirok etishlari uchun oʻzlari faoliyat koʻrsatayotgan taʼlim muassasasi rahbariga yozma murojaat qilishlari kerak boʻladi.

Taʼlimni boshqarish boʻyicha hududiy boshqaruv organlari esa oʻz navbatida attestatsiyada ishtirok etish istagini bildirgan pedagoglar roʻyxatini shakllantirib 2019-yil 1-dekabrga qadar Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga taqdim etishlari hamda pedagog kadrlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni http://pka.tdi.uz/ - elektron dasturiga kiritilishini nazoratga olishlari talab qilinadi.

– Pedagoglarga taklif va tavsiyalaringiz?

– Fursatdan foydalanib hurmatli Ustozlarimizdan quyidagilarga alohida eʼtibor qaratishlarini soʻrab qolgan boʻlardim:

1. Pedagog kadrlar attestatsiya jarayonlariga masʼuliyat bilan yondashishlarini, attestatsiya jarayonlarining asosini tashkil qiladigan normativ-huquqiy hujjatlarni (Nizom, Baholash mezonlari) mukammal oʻrganib chiqishlarini;

2. Attestatsiya komissiyalariga oʻzlari toʻgʻrisidagi haqqoniy, asoslangan maʼlumotlarni taqdim etishlarini, attestatsiya jarayonlari bilan bogʻliq hujjatlarni soxtalashtirishga harakat qilmasliklarini;

3. Ijtimoiy tarmoqlarda malaka (test) sinovlari savollari yoki nazorat materillari sifatida tarqatilayotgan har xil koʻrinishdagi manbalarga ishonib qolmasliklarini, faqatgina vakolatli organlar, yaʼni Davlat inspeksiyasi tomonidan oʻtkaziladigan onlayn- repetitsiyadan samarali foydalanishlarini;

4. Malaka (test) sinovlarini oʻtkazish jarayonlarida pedagoglarga xos boʻlmagan xatti-harakatlarni (har xil koʻrinishdagi manbalarda foydalanish, oʻrniga-oʻrin kirish) sodir etmasliklarini iltimos qilib qolardim.

5. Shu bilan birgalikda, Attestatsiya jarayoni bilan bogʻliq boʻlgan, oʻzlarini qiziqtirgan savollari boʻlsa Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining 71-231-07-53 (ichki raqam 1023,1032)telefon raqami qoʻngʻiroq qilishlarini yoki inspeksiyaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari (Facebook, Telegram), pedkadr@tdi.uz- elektron manziliga yuborishlarini soʻrab qolardim.

OʻzA