O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI TA’LIM SIFATINI NAZORAT QILISH DAVLAT INSPЕKSIYASI

Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda.

Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda.

Inspeksiya telefoni
998 71 231-07-53 Batafsil
  • Savol va javob

    Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi taʼlim hujjatlarini nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) boʻyicha eng koʻp beriladigan savollar

     

    Savol

    Javob

    1.

    Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi taʼlim hujjatlarini tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) uchun qanday hujjatlar talab qilinadi?

    Respublikamizda xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 25 iyuldagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini  qayd etish) tartibi toʻgʻrisida Nizom” asosida amalga oshiriladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 apreldagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi   PQ-3662-son qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi tomonidan tasdiqlangan xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning Vaqtinchalik maʼmuriy reglamentiga muvofiq 2018 yil 1 iyundan jismoniy shaxslarga mazkur davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari orqali Oʻzbekiston Respublikasi vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

    Nizomning 9-bandiga asosan, xorijiy davlatlarda oʻrta maxsus va oliy taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va ularning ekvivalentligini qayd etish uchun talabgor Davlat xizmatlari markaziga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:

    - xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjat va uning ilovasi nusxasi hamda ularning Oʻzbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tasdiqlangan toʻliq tarjimasi ilova qilinadi.

    - taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) uchun  belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdoridagi davlat yigʻimi toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.

    Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YAIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.

    Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YAIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda ariza beruvchi belgilangan shakldagi soʻrovnomani elektron ravishda toʻldiradi. Uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda soʻrovnomaga notarial tasdiqlangan ishonchnoma ilova qilinadi.

     

    2.

    Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi taʼlim hujjatlarini tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) qaysi yildan boshlab olingan taʼlim hujjatlari uchun amal qiladi?

    “Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini  qayd etish) tartibi toʻgʻrisida Nizom” Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi 1992 yil 1 yanvardan soʻng berilgan hujjatlarni tan olish hamda ularni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibini belgilaydi.

    Yaʼni, 1992 yil 1 yanvardan keyin xorijiy davlatlarning oliy taʼlim hamda oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida oʻqib olingan taʼlim hujjatlari Respublikamiz hududida yuridik kuchga ega boʻlishi uchun belgilangan tartibda tan olingan va nostrifikatsiyadan oʻtkazilgan boʻlishi lozim.

     

    3.

    Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi taʼlim hujjatlarini tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) jarayoni qanday bosqichlarda amalga oshiriladi?

    Nizom talablariga koʻra, nostrifikatsiyalash jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi:

    Birinchi bosqichda, Nizomning 13-bandiga koʻra taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatning tan olinishi koʻrib chiqiladi. Taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatni tan olish uchun:

    - taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatni bergan taʼlim muassasasi oʻzi joylashgan davlatning vakolatli organlari tomonidan tan olingan boʻlishi;

    - taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat berilgan davlatda tan olingan boʻlishi;

    - taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat Oʻzbekiston Respublikasida amalda mavjud boʻlgan taʼlim shaklida oʻqib olingan boʻlishi;

    - taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatning tan olinishi Oʻzbekiston Respublikasi bilan davlatlararo bitimlarda koʻzda tutilgan (mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan holatlar bundan mustasno) boʻlishi zarur.

    Mazkur bandda belgilangan talablarga mos kelmaslik xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatni tan olmaslikka asos boʻladi.

    Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish deganda vakolatli davlat organlarining Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida ushbu hujjatlarning qonuniy kuchga ega ekanligiga roziligi tushuniladi.

    Ikkinchi bosqichda esa, taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatning Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlariga mosligi aniqlanadi.

    Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) deganda vakolatli davlat organlari tomonidan ushbu hujjatlar egalari tayyorgarligi darajasi muvofiqligini belgilash va ularga Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlariga ega boʻlgan shaxslarga berilgani kabi akademik va (yoki) kasbiy huquqlar berilishi tushuniladi.

     

    4.

    Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi taʼlim hujjatlarining ekvivalentligini belgilashda oʻtkaziladigan maxsus ekspertiza qaysi talab va mezonlarga asosan oʻtkaziladi?

    Nizomning 14-bandiga asosan xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalashda ushbu davlatlarning taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlari tan olingandan keyin ularning Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlariga mosligi aniqlanadi. Ekvivalentlikni qayd etish jarayoni maxsus ekspertiza orqali oʻtkaziladi.

    Nizomning 15-bandiga muvofiq, maxsus ekspertiza quyidagilarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi:

    - oʻquv rejalari va dasturlarining mazmuni hamda muvofiqligi;

    - kirish sinovlarining mavjudligi;

    - imtihonlar va sinovlar tizimi;

    - taʼlim oluvchining oʻqish davridagi baholari (erishgan natijalari, reytingi, oʻzlashtirishi);

    - oʻzlashtirilgan fanlar hajmi (fanlarning nomi va soatlar miqdori);

    - amaliyotning mavjudligi va uning davomiyligi;

    - yakuniy malaka attestatsiyasining mavjudligi va darajasi;

    - bitiruv malaka ishining mavjudligi;

    - qoʻshimcha taʼlimning mavjudligi.

    Olingan bilimlar va tajriba yakuniy tayyorgarlik nuqtai nazaridan oʻquv rejalari va taʼlim uslubiyatida boʻlishi mumkin boʻlgan farqlarni eʼtirof etgan holda baholanadi.

     

    5.

    Ekspert komissiyasi maxsus ekspertiza natijasida qanday xulosalar qabul qilishi mumkin va uni kimga taqdim etadi?

    Nizomning 24-bandiga muvofiq, Ekspert komissiyasi nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) uchun taqdim etilgan taʼlim hujjatini ushbu Nizomning 15-bandiga muvofiq maxsus ekspertizadan oʻtkazish natijasiga koʻra xulosa tayyorlaydi.

    Ekspert komissiyasi xulosasida ariza beruvchining xorijiy davlatda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjati belgilangan talablarga javob berishi va u maxsus sinovlarga (test, yozma ish, suhbat) tavsiya etilishi yoki xorijiy davlatda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjati belgilangan talablarga javob bermasligi sababli nostrifikatsiyalashga tavsiya etilmasligi toʻgʻrisida tavsiyasi bayon etiladi.

    Ekspert komissiyasi xorijiy davlatlarning taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarini oʻrganib chiqib mazkur Nizomning 24-bandida nazarda tutilgan maxsus sinovlarni oʻtkazib, tegishli yakuniy xulosa tayyorlaydi va uni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga taqdim etadi

    Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ekspert komissiyasining xulosasi va taklifini koʻrib chiqib, taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni ekvivalentligi  yoki uni rad etish haqida qaror qabul qiladi.

     

    6.

    Maxsus sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolarga qancha muddatda belgilangan nostrifikatsiya guvoxnomasi rasmiylashtirib beriladi?

    Vakolatli organ (Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi) maxsus sinovlarni topshirish natijalari ijobiy baholangan vaqtdan boshlab 3 ish kuni mobaynida, QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan nostrifikatsiya guvoxnomasini rasmiylashtiradi hamda uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlab, tegishli Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YAIDXP orqali elektron ravishda yuboradi.

    Nostrifikatsiya guvohnomasi shakli Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda Davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

    Ariza beruvchining maxsus sinov natijalari salbiy baholanganda, ariza beruvchi maxsus sinovlarni qayta topshirish uchun mazkur Reglamentda belgilangan tartibda Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP orqali qayta murojaat qilishga haqli. Bunda ariza beruvchining hujjatlari boʻyicha espertiza xulosasi talab etilmaydi.

     

    7.

    Ekspert komissiyasi tomonidan taʼlim hujjatlari ekspertizasi natijasiga koʻra qanday hollarda salbiy xulosa qabul qilinishi mumkin?

    Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarning ekvivalentligi toʻgʻrisidagi salbiy xulosa quyidagi hollarda qabul qilinadi:

    - xorijiy davlatlarda professional maʼlumot toʻgʻrisida hujjat beradigan taʼlimning umumiy meʼyoriy davri (toʻliq oʻrta maʼlumot olingandan keyin) Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim standartlarida nazarda tutilgan davrdan bir yildan kam boʻlsa;

    - taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat berilgan mamlakatda uning egasiga Oʻzbekistondagiga qaraganda kam akademik va (yoki) professional huquqlar berilgan boʻlsa (masalan, hujjat egasi oliy oʻquv yurtlariga, magistratura yoki doktoranturaga kirish, professional faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega emasligi);

    - maʼlumot Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida koʻzda tutilmagan taʼlim shaklida olingan boʻlsa;

    - muayyan (ijtimoiy soha, pedagogika, tarix va huquq) taʼlim yoʻnalishlarining xususiyatidan kelib chiqib, oʻzlashtirilgan oʻquv fanlari hajmi va dars soatlari miqdori Oʻzbekiston Respublikasining davlat taʼlim standartlariga muvofiq belgilangan tartibda tasdiqlangan namunaviy oʻquv rejaning 55 foizidan kam qismini tashkil qilsa

    8.

    Davlat test markazi tomonidan qachon xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi taʼlim hujjatlari nostrifikatsiya qilinganligi toʻgʻrisida guvohnoma rasmiylashtirib beriladi?

    Nizomning 26-bandiga koʻra, Boshqarma ekspert komissiyasining xulosasi va taklifini koʻrib chiqib, taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni ekvivalentligi yoki uni rad etish haqida qaror qabul qiladi.

    Nizomning 27-bandiga muvofiq, maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatning ekvivalent ekanligini qayd etilganligi haqidagi qaror hujjatning egasiga maxsus guvohnoma berish toʻgʻrisida tegishli buyruq chiqarishga asos boʻlib xizmat qiladi. Hujjat egasining maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjati guvohnoma bilan birgalikda taqdim etilganda Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy kuchga ega boʻladi.

     

    9.

    Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi taʼlim hujjatlarini tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) jarayoni qancha muddatda amalga oshiriladi?

    Amaldagi Nizomga muvofiq, ariza beruvchining hujjatlarini koʻrib chiqish, ekspertizadan oʻtkazish va qaror qabul qilish muddati ariza qabul qilingan kundan boshlab bir oydan oshmasligi kerak.

    Taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjat bergan taʼlim muassasasi, mahalliy va xorijiy tashkilotlardan aniqlashtiruvchi hujjatlarni olish talab etilgan hollarda maxsus ekspertizadan oʻtkazish va qaror qabul qilish muddati aniqlashtiruvchi hujjatlar olingan kundan boshlab hisoblanadi.

    Maxsus sinovlarni tashkil etish va oʻtkazish uchun talab etiladigan vaqt mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan muddatga kirmaydi.

    10.

    Xorijiy davlatlarning nodavlat oliy taʼlim muassasalarini taʼlim hujjatlari ham nostrifikatsiyalanadimi?

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini  qayd etish) tartibi toʻgʻrisida Nizom”ga muvofiq xorijiy davlatlarning nodavlat maqomidagi oliy taʼlim muassasalarining taʼlim hujjatlari davlat taʼlim muassasalarining hujjatlari bilan bir qatorda belgilangan talablarga muvofiq tan olinadi va nostrifikatsiyalanadi. Yaʼni, nodavlat oliy taʼlim muassasalari tomonidan berilgan taʼlim hujjatlari ham nizomda belgilangan tartibda maxsus ekspertizadan oʻtkaziladi va tegishli qarorlar qabul qilinadi.

     

    11.

    Xorijiy davlatlarning taʼlim muassasalarida sirtqi taʼlim shaklida oʻqib olingan taʼlim hujjatlari nostrifikatsiyalanadimi?

     

    Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq kunduzgi taʼlim shakli bilan bir qatorda sirtqi taʼlim shaklida taʼlim olish ham belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasida amalda sirtqi taʼlim shakli mavjud boʻlgan taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha xorijiy davlatlarda mazkur taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarida sirtqi taʼlim shaklida oʻqib olingan hujjatlar oʻrnatilgan tartibda tan olinadi va nostrifikatsiyalanadi.

     

    12.

    Oʻzbekiston Respublikasida tayyorlanmaydigan taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha xorijiy davlatlarda taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari qanday tartibda tan olinadi va nostrifikatsiyalanadi?

    Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarda koʻrsatib oʻtilgan tayyorgarlik sohasi Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim yoʻnalishlari roʻyxatiga mos kelmasa (kooperatsiya yoʻli bilan yoki maqsadli taʼlim olgan ariza beruvchining hujjatlari bundan mustasno) yoki oʻqitish hamda tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasida olib borilmaydigan taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklar va sohalarda amalga oshirilgan boʻlsa, mazkur xujjatlarning ekvivalentligini qayd etish masalasi ekspertlardan iborat maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi.

     

    Savol: Assalomu alaykum. Hozirgi kunda Uchtepa tumanida faoliyat olib borayotgan oʻquv markazlar haqida maʼlumotni qayerda olsak buladi?

    Javob: Respublika boʻyicha litsenziya asosida faoliyat olib borayotgan barcha nodavlat taʼlim muassasalari, ularning, manzillari, litsenziya raqamlari va ta`lim yo`nalishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotni quyidagi manzil orqali olishingiz mumkin - http://ntm.tdi.uz/?mod=ntmidx

    Savol: Assalomu alaykum! Bizning, Termiz shahrimizda Moskva psixoanaliz instituti va Moskva iqtisodiyot universitetiga oʻqishga taklif qilishmoqda. Oʻqishni bitirsam hujjatim Oʻzbekistonda oʻtadimi?

    Javob: Savolingizda keltirilgan Moskva psixoanaliz instituti va Moskva iqtisodiyot universiteti Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat olib borish boʻyicha ruxsatnoma olmagan. Shuning uchun, ushbu oliy taʼlim muassasalarida tahsil olgan taqdiringizda, diplomlar Oʻzbekiston hududida tan olinmasligini maʼlum qilamiz.

    Shu bilan birga, hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasida rasmiy faoliyat olib borayotgan xorijiy oliy taʼlim muassasalari filiallari nomlarini eslatib oʻtmoqchimiz - G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filiali, Olmaliq shahridagi Moskva poʻlat va qotishmalar instituti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent shahridagi Yodju Texnika instituti, Toshkent shahridagi I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining filiali, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent shahridagi Puchon universiteti, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti, Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi.

    Bundan tashqari Respublika oliy taʼlim muassasalari va xorijiy oliy taʼlim muassasalari kelishuviga asosan qoʻshma dasturlar joriy qilinmoqda.

    Boshqa xar qanday xorijiy va nodavlat oliy taʼlim muassasalari 2018 yil 9 oktyabr holatiga koʻra rasmiy roʻyxatdan oʻtmagan va ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyati noqonuniy deb hisoblanadi.

HUDUDIY BO’LIMLAR
SAYT XARITASI