O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI TA’LIM SIFATINI NAZORAT QILISH DAVLAT INSPЕKSIYASI

Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda.

Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda.

Inspeksiya telefoni
998 71 231-07-53 Batafsil
  • Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Taʼlim muassasalari milliy reytingi boʻyicha qoʻshma qaror ijrodan qaytarilganligi boʻyicha berilgan maʼlumotga munosabati
    ...

    Adliya vazirligi rasmiy veb-saytida eʼlon qilingan xabarga koʻra, Adliya vazirligining taqdimnomasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan imzolangan qoʻshma qaror ijrodan qaytarilgan.

    Haqiqatdan ham, Adliya vazirligi tomonidan qoʻshma qaror roʻyxatdan oʻtkazilmaganligi sababli uni ijrodan qaytarish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Adliya vazirligining Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga yoʻllagan rasmiy xatida, reyting metodikasi, koʻrsatkichlariga nisbatan hech qanday eʼtirozlar keltirilmagan. Bundan tashqari, bir qator ommaviy axborot vositalari tomonidan reyting natijalari bekor qilinishi boʻyicha berilgan xabarlar asossiz ekanligini taʼkidlab oʻtmoqchimiz. Shuningdek, Adliya vazirligining rasmiy saytidagi xabarda ham reyting natijalari bekor qilinganligi toʻgʻrisida hech qanday maʼlumot berilmagan.

    Xabarda berilgan ayrim jihatlarga aniqlashtirish kiritmoqchimiz:

    1. “Davlat organlari tomonidan oliy oʻquv yurtlarining rasmiy reytingini belgilash boʻyicha tegishli normativ-huquqiy bazaning yoʻqligi”

    Vazirlar Mahkamasining 29.12.2012y.dagi 371-sonli qarori bilan OTMlarning reytingini hisoblash mezonlari tasdiqlangan boʻlib, Davlat inspeksiyasi tomonidan hisoblangan reytingning aksariyat indikatorlari aynan shu qarorda mavjud. Shuningdek, ushbu qarorda oliy oʻquv yurtlari faoliyatini baholash mezonlari oliy taʼlimni rivojlantirish ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqilishi mumkinligi belgilangan.

    Davlat inspeksiyasi yuqoridagi qarorga oʻzgartirishlar kiritishdan oldin, xorijiy tajribani inobatga olgan holda yangi indikatorlarni tajriba-sinovdan oʻtkazish va reytingni hisoblash metodikasini takomillashtirish maqsadida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda qoʻshma qarorni imzolagan. Joriy yilda aniqlangan reyting natijalari tajriba-sinov tariqasida hisoblangan.

    2. “Barcha oliy taʼlim dargohlari ham reyting rasman nashr etilgunicha oʻtkazilgan tadqiqot va reyting natijalari haqida xabardor boʻlmaganligi”

    Davlat inspeksiyasi 2018 yil yanvar oyida barcha OTMlarga yangi taklif qilinayotgan reyting indikatorlari haqida ularning fikr-mulohazalari va takliflarini soʻrab murojaat qilgan. Koʻplab OTMlardan takliflar kelib tushgan. Aprel oyida metodika toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va indikatorlar rasmiy sayt va Facebookdagi sahifalarda eʼlon qilingan.

    Reyting natijalarining eʼlon qilinishidan 3 hafta avval, Davlat inspeksiyasi tomonidan rasmiy xat bilan har bir OTMga ularga tegishli dastlabki xulosalar tanishish uchun rasman taqdim etilgan va OTMlarga eʼtirozlari mavjud boʻlgan taqdirda asoslantiruvchi hujjatlarni taqdim etish boʻyicha imkoniyat berilgan.

    3. “Reytingda foiz koʻrsatgichlariga emas, son koʻrsatgichlariga qaratilganligi”

    Davlat inspeksiyasi raqamlarning katta-kichikligiga qarab reyting belgilagani haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Reytingni aniqlashda OTMlar faoliyatidagi yutuqlarning har bir professor-oʻqituvchiga yoki talabaga toʻgʻri keladigan ulushi (%da) hisobga olingan.

    4. “Tadqiqot bir yoqlama va faqat oliy oʻquv yurtlarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tahlil etishdan iborat boʻlib qolgan”

    Oʻzbekiston OTMlarining Milliy reyting tizimida professor-oʻqituvchilarning ilmiy faoliyatiga 34%, oʻquv-uslubiy ishlar va oʻqitish sifatiga 30%, talabalar bilimi va bitiruvchilar sifatiga 28%, faoliyatda AKTni qoʻllash va moddiy-texnik taʼminlanganlikka 8% ajratilgan. Koʻrinib turibdiki, tadqiqot faqatgina ilmiy-tadqiqot natijalariga asoslanmagan.

    OTMlar reytingini belgilashda belgilangan mezonlar xalqaro tajribalarga asoslangan, xususan Times Higher Education, QS World University Rankings, BGU, U-Multi rank kabi xalqaro reyting agentliklarining amaldagi indikatorlariga mos keladigan indikatorlar milliy reytingda ham mavjud. Xususan, quyidagi indikatorlar:

    - PhD va DSc ilmiy darajasiga (fan doktori yoki fan nomzodi) ega professor-oʻqituvchilar ulushi;

    - taʼlim berish sifati darajasi (talabalardan oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalari asosida);

    - professor-oʻqituvchilarning darsliklar va oʻquv qoʻllanmalar yaratishi;

    - xorijiy oʻqituvchilar va talabalar ulushi;

    - almashuv dasturlarida oʻqituvchilar va talabalarning ishtiroki;

    - bitiruvchilarning mutaxassisligi boʻyicha ish bilan taʼminlanishi;

    - xalqaro koʻrsatkichlarga koʻra professor-oʻqituvchilarning ishlariga iqtiboslik;

    - xalqaro jurnallardagi ilmiy maqolalar;

    - xorijiy ilmiy tadqiqot markazlari grantlari va xorijiy ilmiy fondlari buyurtmalari hisobiga olingan mablagʻlar.

    Taʼlim muassasalari reytingini aniqlash Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 iyuldagi 515-sonli qarori bilan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga vazifa qilib topshirilgan. Shuning uchun, joriy yilda eʼlon qilingan natijalar oʻz kuchida qolishini va tajriba-sinov asosidagi oʻrganish va natijalar asosida Vazirlar Mahkamasining 29.12.2012 y.dagi 371-sonli qarorini takomillashtirish boʻyicha ishlar olib borilishini maʼlum qilamiz.

    Qaror loyihasi yaqin kunlarda umumxalq muhokamasiga qoʻyiladi. Barchani ushbu loyiha boʻyicha muhokamaga taklif qilib qolamiz.

    Bundan tashqari, reyting oliy taʼlim tizimidagi holatni aks ettiruvchi koʻzgu ekanligini va uning natijalari informativ xarakterda boʻlishini eslatib oʻtamiz. Reyting natijalari OTMlarga nisbatan chora koʻrilishini nazarda tutmaydi, ular faqatgina OTMlarga kelgusidagi faoliyatini belgilashga yordam berishi mumkin.

    O`xshash yangiliklar
...
20.06.2018 1569
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Koreya ta’limni rivojlantirish instituti o‘rtasida ikki  tomonlama hamkorlik va o‘zaro anglashinuv memorandumi imzolandi. Ushbu memorandumga asosan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim...

...
12.01.2018 4539
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti “Oliy ta`lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorni imzoladi. Qaror bilan ta`lim-tarbiya jarayonlarining sifati ustidan samarali davlat nazoratini o'rnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Ta`lim sifatini nazorat qilish bo'yicha davlat inspeksiyasi tashkil etildi.  ...
HUDUDIY BO’LIMLAR
SAYT XARITASI