× Карта сайта
Sound accompaniment

The site has a soundtrack.

to listen to the text, select it with the mouse

Version for the visually impaired

Finlyandiyaning yangi elchisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

21st April 2022

Joriy yilning 21-aprel kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Finlyandiyaning Oʻzbekiston uchun tayinlangan yangi elchisi janob Ilkka Ryaysyanen bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, tegishli boʻlim va boshqarma boshliqlari hamda Finlyandiyaning yangi tayinlangan elchisi Ilkka Ryaysyanen, Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi departament maslahatchisi Anssi Leino, Finlyandiyaning Oʻzbekistondagi faxriy konsuli Alisher Joʻrayevlar ishtirok etdi.

Uchrashuv kun tartibidan mamlakatlar oʻrtasidagi taʼlim yoʻnalishida amalga oshirilgan hamkorlik loyihalari, 2021-yilning noyabr oyida Finlyandiyaga amalga oshirilgan tashrif natijalari, kelishuvlarning bugungi kundagi holati, shuningdek, Finlyandiya Hukumati tomonidan ajratilgan mablagʻlar doirasidagi rejalar, ushbu mamlakat ekspertlarining iyun oyida Oʻzbekistonga tashrifiga doir qator masalalar oʻrin oldi.

Muhokamalar avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi yuqori martabali mehmonga tashrif uchun minnatdorchilik bildirar ekan, inspeksiya faoliyati, xususan taʼlim sifatini oshirish borasida Finlyandiya bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berdi.

“Bugungi kunda mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish, bu borada dunyoning eng ilgʻor tajribalarini oʻrganib, taʼlim tizimiga joriy etish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ushbu yoʻnalishda Finlyandiya taʼlim tizimini oʻrganish va mamlakatimizda joriy etish boʻyicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu vazifalar ijrosi taʼminlash maqsadida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Finlyandiya Respublikasining Oʻzbekistondagi faxriy konsulligi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Finlyandiyadagi yetakchi ekspertlar, olimlar va investorlar bilan muzokaralar olib borildi va qator samarali ishlar yoʻlga qoʻyildi.

Mazkur jarayonlarda asosiy eʼtibor pedagoglar salohiyatini oshirish, oʻquv dasturlari va darsliklarni mazmunan boyitish, ularga zamonaviy kasblar uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni singdirish, shuningdek, taʼlim jarayonlari uchun muhim boʻlgan oʻquv-metodik qoʻllanmalarni takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Biz ushbu tajribalarni oʻrganishda qaysidir tizimni toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchirishga emas, mamlakatimizning oʻziga xosliklaridan kelib chiqqan holda, tatbiq qilishga alohida eʼtibor qaratib kelmoqdamiz.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, oʻzbek-fin taʼlim hamkorligining hozirgidek yuqori bosqichga olib chiqilishida sobiq elchi Mariya Liivala xonimning xizmatlari beqiyos. Umid qilamizki, sizning faoliyatingiz davomida mazkur hamkorliklar mustahkamlanib, muntazam ravishda kengayib boradi”, – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.

Elchi Ilkka Ryaysyanen iliq qabul va berilgan batafsil maʼlumotlar uchun minnatdorlik bildirar ekan, hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga hamda taʼlim sohasi boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

“Oʻzbekistonning fin taʼlim tizimini oʻrganishga boʻlgan qiziqishi biz uchun quvonarli holat. Mamlakatingiz rahbari tomonidan taʼlim tizimi davlat va jamiyat taraqqiyotining eng muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida taʼkidlanib keladi.

Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning jadal suratlarda davom etayotganini kuzatishdan mamnunmiz. Bu bir tomondan har ikki tomon uchun mamnuniyat hissini yuzaga keltirsa, boshqa tomondan ulkan masʼuliyat yuklaydi.

Bu jarayonlarda esa hamkorlikdagi loyihalarimizni puxta oʻylangan holda bosqichma-bosqich amalga oshirishimiz, oʻylaymanki, barchamiz uchun foydali boʻladi”, – dedi Finlyandiyaning yangi elchisi.

Maʼlumot uchun, oʻtgan yil yakunida Taʼlim inspeksiyasi, Xalq taʼlimi va Tashqi ishlar vazirligi mutasaddilaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Davlatimiz rahbarining koʻrsatmasiga binoan fin taʼlim tizimini chuqur oʻrganish maqsadida Finlyandiyaga rasmiy tashrifni amalga oshirgandi.

Tashrif davomida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Finlyandiya milliy taʼlim agentligi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolangan.

Mazkur memorandumda taʼlimda sifat va amaliyotini ragʻbatlantirish maqsadida tizimni rivojlantirish, jumladan, yangi pedagogik usullar, oʻqitish jarayonlari, pedagogik boshqaruv, oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, tadqiq etish, baholash va joriy etish hamda oʻqituvchilar malakasini oshirishni rivojlantirish kabi maqsadlar oʻrin olgan.

Tashrifning ilk amaliy natijalaridan biri sifatida Finlyandiya hukumati tomonidan hamkorlik memorandumida koʻzda tutilgan vazifalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 1 million yevro miqdorida mablagʻ ajratildi.