× Карта сайта
Sound accompaniment

The site has a soundtrack.

to listen to the text, select it with the mouse

Version for the visually impaired

Barselona universiteti bilan ikki tomonlama ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi

21st May 2022

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi masʼullaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi YUNESKOning Butunjahon oliy taʼlim anjumanida ishtirok etish uchun Ispaniyaning Barselona shahrida boʻlib turibdi.

Tashrif doirasida Taʼlim inspeksiyasi rahbariyati va Barselona universiteti rektorining oliy taʼlimdan keyingi va davomiy kadrlar tayyorlash loyihasi boʻyicha vakili Mariya Kristina Sans xonim bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston va Ispaniya ilmiy doiralari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, oliy taʼlimda sifat koʻrsatkichlarini oshirish, tarix, arxeologiya, sanʼat, pedagogika sohalari boʻyicha qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.

“Bugungi kunda Oʻzbekistonda taʼlim sohasini takomillashtirish, tizimga ilgʻor xorijiy tajribalarni tatbiq etish boʻyicha ham izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Anjuman davomida koʻrdikki, Ispaniyada ham yoshlarni bevosita hayotga tayyorlash, ularda amaliy koʻnikmalarni shakllantirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Barselona universiteti oʻzining ilmiy salohiyati boʻyicha dunyodagi eng ilgʻor oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi.

Oʻylaymanki, oʻzbek talabalarining nafaqat, ispan tarixi va sanʼati balki, tibbiyot, texnologiya matematika sohalaridagi tadqiqotlarini qoʻllab-quvvatlash va ayni paytda ispaniyalik yoshlarning mamlakatimizdagi ilmiy tadqiqotlari va ekspeditsiyalari uchun zarur sharoitlarni yaratish har ikki mamlakat uchun teng darajada foydali boʻladi.

Xususan, oliy taʼlim muassasalarida pedagoglarni tayyorlash boʻyicha hamkorlik loyihalarini amalga oshirsak, maqsadga muvofiq boʻlardi”, – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.

Oʻz navbatida Mariya Kristina Sans xonim Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi tomonidan fikrlarini qoʻllab-quvvatlar ekan, ushbu yoʻnalishda oʻz qarashlari bilan oʻrtoqlashdi.

“Albatta Ispaniya taʼlim sohasidagi islohotlarda ulkan tajribaga ega mamlakatlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, ushbu sohani takomillashtirish boʻyicha maʼlum darajada xalqaro tajribaga ham egamiz.

Oʻzbekistonda oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlaymiz. Universitetimizdagi ilmiy maktablarni Oʻzbekistondagi yoʻnalishlar bilan solishtirish orqali, oʻzaro yaqin soha vakillari oʻrtasida oʻzaro uchrashuvlar tashkil qilishimiz mumkin. Mazkur uchrashuvlar orqali hamkorlik yoʻnalishlarini yanada batafsil kelishib olamiz.

Bu orqali nafaqat olimlar, balki magistratura, doktorantura bosqichi talabalari oʻrtasida ham hamkorlikni yoʻlga qoʻyishimiz mumkin”, – dedi Barselona universiteti rektori vakili.

Uchrashuv yakunida koʻtarilgan masalalar boʻyicha hamkorlik va muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Maʼlumot uchun, 1450-yilda asos solingan Barselona universiteti Ispaniyaning eng yirik va qadimgi oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda mazkur universitetda 74 ta bakalavriat, 349 ta magistratura va 50 ga yaqin doktorlik dasturlari mavjud boʻlib, 63 000 nafardan ortiq talaba tahsil oladi. Shuningdek, universitet qoshida 30 dan ortiq tadqiqot markazlari tashkil etilgan. Universitet xalqaro nufuzli reytinglarda top-200 talikdan oʻrin olgan.