× Карта сайта
Sound accompaniment

The site has a soundtrack.

to listen to the text, select it with the mouse

Version for the visually impaired

YUNESKO Oʻzbekistonni professional taʼlimda oʻquv dasturlarini raqamlashtirish va ekspertlar malakasini oshirishda qoʻllab-quvvatlaydi

21st May 2022

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi masʼullaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi YUNESKOning Butunjahon oliy taʼlim anjumanida ishtirok etish uchun Ispaniyaning Barselona shahrida boʻlib turibdi.

Tashrif doirasida Taʼlim inspeksiyasi hamda YUNESKOning siyosat va hayot davomida taʼlim tizimlari boʻlimi direktori Boren Chakrun oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda mamlakatimiz taʼlim tizimini takomillashtirishda YUNESKO bilan amalga oshirilayotgan loyihalarning bugungi kundagi holati, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, boʻyicha olib borilayotgan islohotlar, taʼlim sifat va samaradorlik koʻrsatkichlarini jahon standartlariga moslashtirishga doir masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev YUNESKO vakiliga uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirar ekan, mamlakatimizda taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi.

“Mamlakatimizda soʻnggi yillarda uzluksiz taʼlimning barcha bosqichlarida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonlarda qamrov bilan birgalikda sifat va samaradorlik koʻrsatkichlarini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shuningdek, Davlatimiz rahbari tomonidan bu jarayonda ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish hamda taʼlim tizimiga tatbiq etish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan. Albatta ushbu vazifalar ijrosini taʼminlashga koʻmaklashish boʻyicha YUNESKO tomonidan ham keng koʻlamli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, YUNESKO hamda boshqa qator xalqaro tashkilotlar koʻmagi bilan professional taʼlim boʻyicha xalqaro standartlarga toʻla mos keluvchi milliy malaka ramkalarini qabul qildik. Bugungi kunda mehnat bozori talablaridan kelib chiqqan holda, professional taʼlim standartlari ishlab chiqilmoqda. Keyingi bosqichda esa oliy taʼlimda ham shu kabi standartlarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etishni maqsad qilganmiz.

Bu jarayonlarni takomillashtirish hamda mamlakatimizda sifat va samaradorlik koʻrsatkichlarini oshirishda xalqaro hamkorlarimiz, xususan, YUNESKO bilan mustahkam aloqalarni oʻrnatishdan manfaatdormiz”, – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.

Oʻz navbatida Boren Chakrun Taʼlim inspeksiyasi boshligʻiga batafsil maʼlumot uchun minnatdorchilik bildirar ekan, mamlakatimizdagi taʼlim islohotlarini qoʻllab-quvvatlashda YUNESKO Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

“Hayotimiz juda tez oʻzgarmoqda. Shu sababli har bir sohani rivojlantirishda moslashuvchanlik eng muhim vositalardan biriga aylanib qolyapti. Ammo mazkur holatlar amalga oshirilayotgan loyihalarimizning yanada samarali boʻlishiga xizmat qilyapti.

Shundan kelib chiqqan holda aytishim lozimki, Oʻzbekistonda taʼlim sohasini rivojlantirishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilayotganidan juda xursandmiz.

Mamlakatingiz iqtisodiyoti soʻnggi yillarda oʻsib bormoqda. Shunday ekan, taʼlim sohasidagi islohotlar ham ushbu jarayonlar bilan bir maromda oʻsib borishi lozim. Yaʼni bunda taʼlim muassasalari yuqori texnologiyalarga moslashgan mehnat bozori talablari darajasidagi kadrlarni yetkazib berishi berishi lozim.

Bu jarayonda biz mintaqaviy yoki mamlakat darajasida oʻquv dasturlarini raqamlashtirish, kerakli axborot manbalari bilan bogʻlash, ekspertlar malakasini oshirish boʻyicha loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga hamda hamkorlar bilan aloqalar oʻrnatishda koʻmaklashishga tayyormiz”, – dedi YUNESKO vakili.

Uchrashuv yakunida koʻtarilgan masalalar boʻyicha hamkorlik aloqalarini kuchaytirishga hamda muloqotlarni muntazam davom ettirishga kelishib olindi.