× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Xorijiy davlatdagi oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirmoqchiman. Kelajakda men tanlagan xorijiy oliy taʼlim muassasasining diplomi Oʻzbekistonda tan olinishi uchun nimalarga eʼtibor qaratishim lozim?
15.03.2021

Hozirgi paytda ayrim jismoniy shaxslar hamda konsalting xizmatlarini koʻrsatuvchi firmalar yoshlarimiz orasida xorijiy oliy taʼlim tashkilotlariga hujjat topshirish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishmoqda.

Sizga taklif etilayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkiloti diplomining Oʻzbekistonda tan olinishini uchun quyidagilarga eʼtibor qarating:

Avvalo, tashkilotning oliy taʼlim muassasasi sifatida faoliyat yuritishiga ruxsat beruvchi hujjati, yaʼni litsenziyasi mavjudligiga ishonch hosil qiling.

Keyingi eng muhim talab taʼlim muassasasi tomonidan beriladigan  diplom oʻzi joylashgan mamlakat hududida tan olinishi bilan bogʻliq. Buning uchun esa oliy taʼlim muassasasi va uning taʼlim dasturlari vakolatli organlar tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan boʻlishi kerak.

Bundan tashqari, talabgor tanlagan oliy taʼlim muassasasining oʻqitish shakli va taʼlim dasturlari Oʻzbekiston qonunchiligiga mos kelishini oʻrganishi kerak. Amaldagi yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, Oʻzbekiston hududida rasman tan olinadigan bakalavriat bosqichi kamida 3 yil, sirtqi taʼlim kamida 4 yil, magistratura esa kamida 1 yil muddat qilib belgilangan.

Shu oʻrinda, fuqarolarni ogohlantiramizki keyingi vaqtlarda ayrim konsalting xizmatini koʻrsatuvchi firmalar tomonidan xorijiy davlatlarning litsenziyasi mavjud boʻlmagan yoki akkreditatsiyadan oʻtmagan taʼlim muassasalariga hujjatini topshirtirib, keyin esa boshqa mamlakatning litsenziyasi mavjud boʻlgan va akkreditatsiyadan oʻtgan taʼlim muassasasiga oʻqishni koʻchirildi sifatida rasmiylashtirib berayotgan holatlari uchrab turibdi. Bunday holatda diplom olgan talabgorning hujjati kelgusida tan olinmasligiga asos boʻladi, chunki, oʻqishga kirishi amaldagi tartiblarga mos kelmaganligi sababli hujjati Oʻzbekistonda tan olinmasligi mumkin.

Bu kabi notoʻgʻri harakatlar esa xorijiy diplomning mamlakatimizda tan olinmasligi oqibatida fuqarolarimizning kelajakda turli sarsongarchiliklarga duch kelishlariga sabab boʻladi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Yuqoridagi tavsiyalarga asosan Sizga taklif qilinayotgan oliygoh haqidagi maʼlumotlarni yaxshilab oʻrganib keyin qaror qabul qiling. Oʻzingiz va farzandlaringiz umrini va mablagʻlaringizni besamar sarflamang.