× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Uzluksiz taʼlim tizimida bir nechta chet tilini oʻrganish konsepsiyasi tasdiqlandi
21.10.2021

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Maktabgacha, Xalq taʼlimi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklarining qoʻshma qarori bilan “Uzluksiz taʼlim tizimida bir nechta chet tilini oʻrganish konsepsiyasi” tasdiqlandi.

Unga koʻra ayrim fanlar chuqurlashtirib oʻqitiladigan ixtisoslashtirilgan maktablarda 5-sinfdan, maktab-internat va ijod maktablarida 7-sinfdan boshlab oʻquv rejadagi baʼzi fanlarni tillar, jumladan chet tillariga oʻtkazish hisobidan ikki va undan ortiq chet tillarini oʻqitishni yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

Uzluksiz taʼlim tizimida bir necha chet tilini oʻrganishni tizimli tarzda quyidagi bosqichlarda amalga oshirish koʻzda tutilgan.

- maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim maktablari, boshlangʻich professional taʼlim muassasalari va akademik litseylarda birinchi chet tili;

- ayrim fanlar (xorijiy tillar) chuqurlashtirib oʻqitiladigan ixtisoslashtirilgan maktablarda 5-11-sinflarda, ayrim fanlar (xorijiy tillar) chuqurlashtirib oʻqitiladigan maktab-internat va ijod maktablarida 7-11-sinflarda hamda akademik litseylarning xorijiy til chuqurlashtirib oʻqitiladigan taʼlim yoʻnalishlarida ikkinchi chet tili;

- oliy taʼlim muassasalarining 1-2-kurslarda avvalgi bosqichda oʻqigan chet tillarini davom ettirgan holda kasbiy vaziyatlarda qoʻllashni oʻrganish bosqichiga koʻtariladi.

Konsepsiyaning asosiy maqsadi quyidagilardan iborat:

taʼlim oluvchilarning lingvistik barqaror va uzluksiz rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish;

taʼlim oluvchilarning istalgan darajada chet tilida muloqot qilish qobiliyatini shakllantirish, ularga boshqa madaniyat va urf-odat vakillari bilan teng huquqli muloqot qilish imkoniyatini berish;

taʼlim oluvchilarni turli sohalarda va madaniyatlararo erkin muloqotga kirishishiga imkon yaratish.

Qayd etish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi PQ–4884-son qarori bilan tasdiqlangan Taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, uzluksiz taʼlim tizimida bir nechta chet tilini oʻrganish konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi belgilangan edi.

Mazkur konsepsiya orqali taʼlim oluvchilarning kamida ikkita xorijiy tilni mukammal oʻzlashtirishi orqali ularning dunyoqarashi kengayishi, salohiyati oshishi hamda mehnat bozorida raqobatbardoshligi oshirilishi taʼminlanadi.

Bundan tashqari, bir nechta xorijiy tillarni bilishlik, taʼlim oluvchilarga umumiy rivojlanishiga yordam beradi, birinchi chet tilni yanada mukammal oʻrganishiga hissa qoʻshadi.