× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Umumtaʼlim maktablari reytingi eʼlon qilindi
03.11.2021

image_2021-11-03_15-46-53.png

Joriy yilning 3-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida umumtaʼlim maktablari reytingini eʼlon qilishga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Unda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutasaddilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining har yili tumanlar (shaharlar) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida umumtaʼlim muassasalarining reytingi tuzish, hokimlar hamda ularning taʼlim va tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchilari faoliyatini maktablar reytingi orqali baholash boʻyicha bergan topshirigʻi ijrosi haqida atroflicha maʼlumot berishdi.

Topshiriq ijrosi yuzasidan 14 ta hududdagi 207 ta tuman (shahar)larda joylashgan 9622 ta maktablar faoliyati tahlil qilindi. Tahlil natijalari asosida 2020-yil yakunlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek tuman (shahar) kesimida umumtaʼlim muassasalarining reytingi hamda tuman va shaharlarning taʼlim sifati boʻyicha reytingi tayyorlandi.

Reyting mezonlarini belgilashda xalqaro tajriba (Finlyandiya, AQSH, Janubiy Koreya, Rossiya) hamda mahalliy ustuvor masalalarga alohida eʼtibor berilib, 4 ta yoʻnalishda 8 ta indikator belgilandi.


- oʻquvchilarning hayotga tayyorgarlik darajasi (bilim darajasi, oliygohlarga kirish koʻrsatkichi, xorijiy tilni bilish darajasi va bandlik);

- pedagoglarning sifat tarkibi va salohiyati (oliy va birinchi toifaga ega pedagoglar ulushi);

- maktablardagi maʼnaviy-maʼrifiy va oʻquv-tarbiyaviy muhit
(5 ta tashabbus doirasida amalga oshirilgan ishlar va oʻquvchilar orasida jinoyatchilik);

- mahalliy hokimliklarning maktablar rivoji uchun qoʻshgan hissasi (mahalliy byudjetning orttirilgan mablagʻlari hisobidan maktab rivoji uchun sarflangan mablagʻlar).

Shunday qilib jami 14 ta hududdan 207 ta tuman va shaharlarda joylashgan 9622 ta maktab joriy yilgi reytingda ishtirok etdi.

Hududlar reytingida:

Eng yuqori oʻrinlarni Navoiy, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahri egallagan boʻlsa, eng oxirgi oʻrinlarni Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari band etishdi.

Tuman va shaharlar reytingida:

Yuqori oʻntalikdan Navoiy shahri, Yakkasaroy tumani, Nukus tumani, Zarafshon shahri, Uchquduq tumani, Bektemir tumani, Mirobod tumani, Qorovulbozor tumani, Boʻston tumani va Yashnobod tumani joy oldi.

Soʻnggi oʻrinlarda esa Soʻx, Uzun, Beruniy, Chiroqchi, Dehqonobod, Toʻrtkoʻl tumanlari, Namangan shahri, Muzrabot tumani, Margʻilon shahri, Boʻzotov tumani ekanligi maʼlum boʻldi.


Ixtisoslashtirilgan maktablar boʻyicha yuqori oʻntalikdan Qorakoʻl xalqaro matematika maktabi, Mingbuloq tumanidagi 13-sonli, Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 4- va 17-sonli, Shahrixon tumanidagi 4-sonli, Marhamat tumanidagi 3-sonli, Kitob tumanidagi 1-sonli, Vobkent tumanidagi 6-sonli, Paxtaobod tumanidagi 21-sonli hamda Asaka tumani 42-sonli ixtisoslashtirilgan maktablar oʻrin olishdi.

Soʻnggi oʻrinlarda esa Baliqchi tumanidagi 9-sonli, Buloqboshi tumanidagi 11-sonli, Soʻx tumanidagi 1- va 3-sonli, Tomdi tumanidagi ixtisoslashgan maktab, Soʻx tumanidagi 2-sonli, Termiz shahridagi 4-sonli, Qoʻrgʻontepa tumanidagi 30-sonli, Jalaquduq tumanidagi 49-sonli, Buvayda tumanidagi 2-sonli ixtisoslashtirilgan maktablar ekanligi aniqlandi.

Umumiy oʻrta maktablar reytingida yuqori TOP-10 likdan Navoiy shahridagi 11-sonli, Parkent tumanidagi 5-sonli, Mirobod tumanidagi 60-sonli, Davlatobod tumanidagi 58-sonli, Uchquduq tumanidagi 20-sonli, Pop tumanidagi 64-sonli, Narpay tumanidagi 6-sonli, Zarafshon shahridagi 1-sonli, Koson tumanidagi 72-sonli hamda Furqat tumanidagi 34-sonli maktab oʻrin oldi.

Soʻnggi oʻrinlarda esa Ohangaron tumanidagi 43-sonli, Rishton tumanidagi 56- va 55-sonli, Dehqonobod tumanidagi 54-sonli, Qarshi shahridagi 41-sonli, Toʻrtkoʻl tumanidagi 52-sonli, Quyi Chirchiq tumanidagi 42-sonli, Amudaryo tumanidagi 61-sonli, Qarshi tumanidagi 70-sonli va Dehqonobod tumanidagi 38-sonli maktab ekanligi maʼlum boʻldi.


Bitiruvchilarning oliy taʼlimga oʻqishga kirishi va oʻrtacha toʻplagan ballari boʻyicha tuman va shaharlar miqyosida eng yuqori TOP-5 ta oʻrinlarni Navoiy shahri (31,3%, 79,5 ball), Uchquduq tumani (25,8%, 65,7 ball), Zarafshon shahri (25,8%, 71,2 ball), Qorovulbozor tumani (25,6%, 69,6 ball) va Qiziltepa tumani (24,28%, 69,8 ball) egalladi.

Ushbu indikator boʻyicha eng past koʻrsatkichli maktablar TOP-5 taligida Urgut tumani (2,41%, 29,9 ball), Namangan shahri (2,51%, 17,6 ball), Qorasuv shahri (2,71%, 35,3 ball), Toshkent tumani (3,11%, 35,3 ball) va Mirzachoʻl tumani (4,07%, 43,8 ball) qayd etildi.


(Reyting natijalari taʼlim tashkilotlari va hududlarning 2020-yildagi faoliyatiga baho beradi, unda maʼlumotlar 2021-yil 1-yanvar holatiga qayd etilgan.)

Oliy toifa oʻqituvchilari salmogʻi boʻyicha tahlil qiladigan boʻlsak, 7 ta maktabda oliy toifali oʻqituvchilar 50 foizdan koʻproqni tashkil etadi, 109 ta maktabda 25 foizdan 50 foizgacha, 5819 ta maktabda 25 foizdan kam va 3961 (40%) ta maktabda mavjud emas.

Birinchi toifalar tahlili boʻyicha 10 ta maktabda birinchi toifali oʻqituvchilar 50 foizdan koʻproqni tashkil etadi, 780 ta maktabda 25 foizdan 50 foizgacha, 8331 ta maktabda 25 foizdan kam va 775 (8%) ta maktabda mavjud emas.


Mahalliy byudjetdan maktab taʼlimini rivojlantirish uchun ajratilgan mablagʻlar boʻyicha:

2020-yilda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan 100 foiz maktablar boʻyicha bir nafar oʻquvchiga oʻrtacha 30 ming 230 soʻm xarajat ajratilgan.

Bu borada hududlar boʻyicha Andijon viloyati (95 260 soʻm), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (86 350 soʻm) va Toshkent shahri (46 080 soʻm) eng faol ekanligi maʼlum boʻldi.

Quyi oʻrinlarda esa Jizzax (9 940 soʻm), Samarqand (9 260 soʻm), Namangan (6 960 soʻm) viloyatlari qayd etildi.

Tuman(shahar)lar boʻyicha Nukus tumani (344400 soʻm), Qoraoʻzak (254 800 soʻm), Yakkasaroy (227 600 soʻm), Boʻston (212 400 soʻm), Buloqboshi (209 600 soʻm) tumanlari eng koʻp mablagʻ ajratgan.

22 ta tuman (shahar)larda maktab taʼlimi uchun hokimliklar tomonidan mablagʻ ajratilmagan, bular: Arnasoy, Baxmal, Mirzachoʻl, Yangiobod tumanlari, Jizzax shahri, Urganch shahri, Boyovut, Oqoltin, Sardoba, Chust, Norin, Uychi, Namangan, Dangʻara, Soʻx, Toshloq, Fargʻona tumanlari, Termiz shahri, Denov, Muzrabot, Qumqoʻrgʻon tumanlari va Angren shahri.


Oʻquvchilar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar tahlili boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich Fargʻona (391 ta), Toshkent (144 ta) va Namangan viloyatlari (97 ta)da qayd etilgan.

Oʻquvchilar tomonidan eng kam jinoyat sodir etgan hududlar esa quyidagilar: Jizzax viloyatida 25 ta, Navoiy viloyatida 24 ta, Sirdaryoda 21 ta.

Tuman (shahar)lar orasida eng koʻp jinoyatlar soni: Margʻilonda 85 ta, Fargʻonada 65 ta, Qoʻqonda 61 tani tashkil etgan. 30 ta tuman (shahar)larda esa oʻquvchilar tomonidan jinoyat sodir etilmagan.


Chet tillarini bilish boʻyicha sertifikat olgan oʻquvchilar salmogʻi koʻra eng yuqori top-10 talikdan Mirobod, Yunusobod tumanlari, Urganch, Zarafshon shaharlari, Yakkasaroy tumani, Buxoro shahri, Chilonzor tumani, Jizzax, Navoiy shaharlari va Mirzo Ulugʻbek tumanlari joy olgan boʻlsalar, Respublikamizning 49 ta tuman(shahar)laridan birorta oʻquvchi chet tili boʻyicha sertifikatga ega ekanligi toʻgʻrisida maʼlum taqdim eta olishmadi.

Shuningdek, maktab oʻqituvchilari orasida chet tillaridan sertifikatlarga ega boʻlganlar ulushi boʻyicha Uchquduq tumani, Guliston tumani, Navoiy shahri, Tuproqqalʼa tumani, Xonobod, Kattaqoʻrgʻon, Bekobod shaharlari, Boʻstonliq tumani, Zarafshon shahri, Mirobod tumanlari top-10 talikdan joy olgan boʻlsa, 25 ta tuman (shahar)lardan birorta sertifikat taqdim etilmagan.


Shuningdek, Respublikadagi jami maktablarning 20 foizini xalqaro tadqiqotlar talablari asosida oʻquvchilarning oʻqish va matematik savodxonlik darajasi aniqlandi. Buning uchun jami 14 ta hududdagi 207 ta tuman va shaharlarda joylashgan 1966 ta (20%) maktab hududlar kesimida tasodifiy tanlab olinib, xalqaro PISA va TALIS tadqiqotlarining metodologiyasi asosida sinovlar oʻtkazildi. Bunda koʻrsatkichlar asosan maktablardagi taʼlim sifatiga qaratilgan boʻlib, aksariyat maʼlumotlar joyiga chiqib oʻrganish orqali shakllantirildi. Tasdiqlangan nizomga koʻra 10-20% maktablar kompyuter dasturi orqali inson aralashuvisiz ixtiyoriy tanlab olindi.

Ushbu tadqiqotlarda 41 605 nafar oʻquvchi ona tilidan, 41 311 oʻquvchi matematikadan nazorat ishlarida, 39 874 oʻquvchi va 58 958 oʻqituvchilar ijtimoiy soʻrovnomalarda ishtirok etdilar. Olingan natijalar va maktablar faoliyati yangilangan mezonlar asosida 7 ta indikator boʻyicha baholanib tahlil qilindi.

Ushbu reytingda yuqori oʻrinlarni Pop tumanidagi 64-sonli, Navoiy shahridagi 2-sonli, Rishton tumanidagi 49-sonli, Qiziltepa tumanidagi 8-sonli, Buxoro tumanidagi 38-sonli maktablar band etishdi.

Soʻnggi oʻrinlarni esa Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 89-sonli, Chiroqchi tumanidagi 47, 58, 101 va 157-sonli, Sherobod tumanidagi 30-sonli, Qibray tumanidagi 47-sonli, Yangiyoʻl tumanidagi 37-sonli, Urgut tumanidagi 99-sonli, Forish tumanidagi 51-sonli maktablar egalladi.

Ona tili savodxonligidan (tinglab yozish boʻyicha) nazorat ishlarida 41 605 nafar oʻquvchi ishtirok etib, shundan 21 968 nafari (52,8%) ijobiy natija qayd etishdi. Ushbu koʻrsatkich boʻyicha Sariosiyo tumani (96,3%) va Kattaqoʻrgʻon shahri (96,3%) 1-oʻrinni, Qiziltepa tumani (96,1%) 2-oʻrinni, Uchquduq (95,4%) va Qoraoʻzak (95,1%)tumanlari 3-oʻrinni band etishgan boʻlsa, Nurafshon shahri, Yangiyoʻl va Chiroqchi tumanlari oxirgi oʻrinlarni egallashdi.

Matematik savodxonlik boʻyicha 41 311 nafar oʻquvchi ishtirok etib, shundan 7 814 nafari (18,9%) ijobiy natija qayd etishdi. Oʻtgan yilga nisbatan matematik savodxonlik darajasi 7% ga oshgan. Sariosiyo tumani (94,7%) 1-oʻrin, Guliston tumani (54,4%) 2-oʻrin, Arnasoy (52,8%) va Qiziltepa (52,8%) tumanlari 3-oʻrin;

Bu borada Margʻilon shahri va Bektemir tumani oʻquvchilari eng past natija koʻrsatishgan.

Maktab oʻqituvchilari jamoasi bilan oʻtkazilgan soʻrovnomada jami 58958 nafar pedagog xodimlar qatnashdi. Ijtimoiy soʻrovnomalar TALIS-xalqaro tadqiqotlari savollari asosida oʻtkazildi. Bu oʻtkazilgan soʻrovnomalar oʻqituvchining professional faoliyatini tekshirishga imkoniyat berdi. Soʻrovnoma davomida oʻqituvchilar oʻz kasbiy tayyorgarligi, pedagogik faoliyati, shaxsiy fikr-mulohazalari, maktab sharoiti haqida maʼlumotlarni bayon qilishgan.

Shuningdek, maktab oʻquvchilari bilan ijtimoiy soʻrovnomalar oʻtkazildi, bunda jami 39874 nafar yuqori sinf oʻquvchilari ishtirok etdi.

Maktablar reytingiga oid barcha maʼlumotlar taʼlim sohasidagi vakolatli organlar va tashkilotlarga taqdim etiladi.

Reyting natijalari asosida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim:

Reytingda past natija koʻrsatgan maktablar va hududlar uchun maxsus uslubiy yordam koʻrsatish, ularda taʼlim sifatini yaxshilash boʻyicha yoʻl xaritalari ishlab chiqish va har chorakda monitoringi olib borish;

Reytingda yuqori natija koʻrsatgan maktablar tajribasini ommalashtirish;

Reyting natijalaridan kelib chiqib, direktorlar va ularning oʻrinbosarlari, oʻqituvchilar, hokimlar va ularning taʼlim boʻyicha maslahatchilari faoliyatiga baho berish;

Rahbar xodimlar, pedagog va oʻqituvchilarning faoliyati samaradorligini hisobga olib, moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirish.

Prezidentimiz farmoniga koʻra tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi oʻrinni egallagan umumtaʼlim muassasalari direktorlari mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik ragʻbatlantiriladi.

Xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari va metodistlariga, umumtaʼlim muassasalari direktorlariga hamda tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi beshta oʻrinlarni egallagan umumtaʼlim muassasalarining 2 nafar oʻqituvchilariga Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hisobidan sanatoriylarda dam olish uchun bepul yoʻllanmalar beriladi.

Reyting natijalarini tahlil qilish asosida sogʻlom raqobat muhitni shakllantirish, muassasalarda taʼlim sifatini koʻtarish, oʻqituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirish, umumtaʼlim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik darajasini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha barcha imkoniyatlar ishga solinadi.