× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Oʻzbekiston delegatsiyasini Finlyandiya ilm-fan va madaniyat vaziri qabul qildi
25.11.2021

photo_2021-11-24_14-16-12.jpg

Ayni kunlarda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi mutasaddilaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Finlyandiyaning taʼlim sohasidagi tajribasini oʻrganish hamda bu borada hamkorlik aloqalarini yanada takomillashtirish maqsadida ushbu mamlakatda boʻlib turgani haqida xabar bergan edik.

Tashrifning uchinchi kunida Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolarini Finlyandiya ilm-fan va madaniyat vaziri Antti Kurvinen qabul qildi.

Vazir Oʻzbekiston vakillarini Finlyandiyada koʻrib turganidan mamnun ekanligini va taʼlim sohasi boʻyicha hamkorlik aloqalari pandemiya sharoitiga qaramasdan oʻtgan bir yil davomida oʻzining ijobiy samarasini berib kelayotganini taʼkidlab oʻtdi.

20211124_111142.jpg

– Oʻzbekiston bilan taʼlim sohasidagi hamkorlik aloqalarimiz 1 yil oldin boshlanganiga qaramay, oʻtgan davr mobaynida sezilarli natijalarga erishdik, deya olamiz.

Xususan, fin olimlari va ekspertlari ishtirokida seminar tashkil etilgan seminarlarda minglab pedagoglar ishtirok etgani, oʻzbek yoshlarining fin tilini oʻrganishni boshlagani, ulardan 8 nafari bugungi kunda mamlakatimizdagi nufuzli akademik litseylarda taʼlim olayotgani, Finlyandiyaning taʼlim sohasi vakillari va investorlariga Oʻzbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirishlari uchun sharoit va imkoniyatlarning yaratilishi fikrimning yaqqol dalili boʻla oladi.

Oʻzbek hamkorlarimiz taʼlim tajribamizni oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqi va qatʼiyati sabab yana koʻp ijobiy natijalarga erishamiz deb oʻylayman, – dedi vazir.

Oʻz navbatida delegatsiyamizga boshchilik qilayotgan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev koʻrsatilayotgan mehmondoʻstlik va samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, ikki tomonlama hamkorlikni yana kuchaytirish uchun bir qator takliflar bildirdi.

20211124_111212.jpg

– Xabaringiz bor, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha ilgʻor mamlakatlar, xususan, Finlyandiya tajribasini oʻrganish boʻyicha oldimizga qator vazifalar belgilab berilgan. Buning asosiy sabablaridan biri esa mamlakatingiz taʼlim tizimining sifat va samaradorlik koʻrsatkichlari barqaror ravishda oʻsib borayotgani bilan bogʻliq.

Bu borada oʻzaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun taʼlim standartlari, oʻquv reja va dasturlarni takomillashtirish, darsliklar va oʻquv metodik resurslar yaratish, ilmiy maktablar oʻrtasida hamkorlikni qoʻlga qoʻyish hamda ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish kabi yoʻnalishlar boʻyicha tajribalarni oʻrganish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish har ikki tomon uchun foydali boʻladi, deb hisoblaymiz, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

Shuningdek, muloqot davomida bevosita maktablar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish, oʻzbek oʻqituvchilari uchun fin maktablarida stajirovkalar tashkil qilish hamda fin namunasidagi maktab faoliyatini yoʻlga qoʻyish haqida gapirildi.

Bundan tashqari, oliy taʼlim sohasida mamlakatimizda fin universitetlarining filiallarini tashkil qilish, qoʻshma dasturlarini yoʻlga qoʻyish kabi tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan masalalar yuzasidan hamkorlik rejalari ishlab chiqishga kelishib olishdi.