× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axboroti
25.12.2019

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qaroriga muvofiq davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari sifatida respublika hududida xorijiy taʼlim muassasalarining taʼlim faoliyatini yuritish huquqiga ruxsatnomalar berish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazish hamda xorijiy mamlakatlarda berilgan taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olishni tashkil etish belgilangan.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mazkur vazifalar ijrosi boʻyicha doimiy monitoring ishlarini tashkil etgan holda joriy yilning 25-noyabrida inspeksiyaning rasmiy veb-saytida “Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasasi sifatida faoliyat koʻrsatish huquqiga ega boʻlmagan tashkilotlardan ogoh boʻling” nomli maqolasi eʼlon qilingan edi. Avvalo, mazkur maqola fuqarolarning ogʻzaki yoki yozma murojaatlari asosida tayyorlanganligini eʼtiboringizga havola etgan holda, unda taʼkidlangan hamma masalalar ham oʻzining toʻliq huquqiy isbotini topmaganligini kuzatish mumkin. Jumladan, mazkur maqola eʼlon qilinganidan soʻng respublikamiz fuqarolari koʻplab maʼlumotlarga ega boʻlishi bilan bir qatorda, maqolada nomi qayd etilgan Rossiya Federatsiyasining Tomsk davlat boshqaruv tizimi va radioelektronika universiteti rahbariyati ushbu maqoladagi holatlarni jiddiy oʻrganib chiqish maqsadida universitetning “Studentlarni yigʻish va taqsimlash” boʻlimi boshligʻi Mozgunov Aleksey Viktorovichni Oʻzbekiston Respublikasiga xizmat safariga yubordi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Rossiya Federatsiyasining Tomsk davlat boshqaruv tizimi va radioelektronika universiteti bilan hamkorlikda fuqarolarning murojaatlari oʻrganib chiqildi. Oʻrganish jarayonida Tomsk davlat boshqaruv tizimi va radioelektronika universiteti bilan Oʻzbekiston Respublikasidagi ayrim konsalting firmalari shartnoma asosida abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish va universitetga taqdim etish boʻyicha xizmat koʻrsatayotganligi maʼlum boʻldi. Universitetning 2019-2020 oʻquv yiliga qabul qilish qoidalarida 2019-yil 15-oktyabrgacha kechki taʼlim shakli uchun hamda 2019-yil 13-dekabrgacha sirtqi taʼlim shakli uchun hujjatlar qabul qilish belgilanganligi sababli, konsalting firmalari tomonidan mazkur qoidalarga asosan abituriyentlardan kechki va sirtqi taʼlim shakllari uchun hujjatlar qabul qilinganligi aniqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan Nizomga koʻra, xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish uchun: taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatni bergan taʼlim muassasasi oʻsha davlat tomonidan tan olingan boʻlishi yaʼni akkreditatsiya guvohnomasiga ega boʻlishi; Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan taʼlim shaklida oʻqib olingan boʻlishi; shu bilan birga ushbu taʼlim muassasasi bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakli uchun kamida 4 yil, sirtqi taʼlim shakli uchun kamida 5 yil taʼlim olgan boʻlishi talab etilishi universitet vakiliga tushuntirib oʻtildi.

Shuningdek, hamkorlikdagi oʻrganishlar jarayonida Tomsk davlat boshqaruv tizimi va radioelektronika universitetida Oʻzbekiston Respublikasining jami 681 nafar fuqarosi bugungi kunda taʼlim olayotganligi maʼlum boʻldi. Shundan 52 nafari kunduzgi taʼlim shaklida, 17 nafari kechki taʼlim shaklida va 612 nafari (shundan 598 nafari masofaviy taʼlim shaklida) sirtqi taʼlim shaklida taʼlim olayotganligi eʼtirof etildi.

Universitet vakiliga 598 nafar masofaviy taʼlim shaklida sirtqi taʼlimda tahsil olayotgan talabalarga Oʻzbekiston Respublikasida masofaviy shaklda taʼlim olish amalda mavjud emasligi sababli bu shaklda oʻqib olingan diplomlar tan olinmasligini hamda tan olinmagan taʼlim hujjati Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy kuchga ega boʻlmasligini tushuntirib oʻtishlari lozimligi taʼkidlandi. Shuningdek, kelgusida universitetga masofaviy taʼlim elementlarini qoʻllagan holda sirtqi taʼlimda tahsil olish uchun hujjat topshiruvchi Oʻzbekistonlik abituriyentlarga hujjat qabul qilish jarayonida tan olishga qoʻyiladigan talablar tushuntirib oʻtish kerakligi yana bir eslatib oʻtildi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi 2019-yil 29-noyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Taʼlim sohasini nazorat qilish boʻyicha Federal xizmatiga rasmiy xat bilan murojaat qilgan holda Rossiya Federatsiyasining ayrim nodavlat oliy taʼlim muassasalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida noqonuniy faoliyat olib borish holatlari kuzatilayotganligi, ularning faoliyatini nazoratga olish va chora koʻrish soʻralgan.

Tomsk davlat boshqaruv tizimi va radioelektronika universiteti bilan birgalikda maqoladagi masalalar oʻrganib chiqilganligi, aniqlik kiritilganligi va bartaraf etilganligi sababli, mazkur xatda Tomsk davlat boshqaruv tizimi va radioelektronika universiteti nomi qayd etilmagan.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Tomsk davlat boshqaruv tizimi va radioelektronika universiteti rahbariyatiga maqolada eʼlon qilingan masalalarga tezkor ravishda oʻz munosabatini bildirganligi hamda mazkur holatlarni oʻrganib chiqish uchun koʻrsatgan amaliy yordamlari uchun minnatdorchilik bildiradi. Davlat inspeksiyasi va universitet maʼmuriyati kelgusida hamkorlikdagi faoliyatini yanada kengaytirishga va turli noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olishda birgalikda kurashishga kelishib olindi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Matbuot xizmati