× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Oʻzbekistonda oʻqitib Buyuk Britaniya diplomini berishni vaʼda qilayotgan tashkilotlar boʻyicha axborot
28.12.2019

Prezidentimiz oʻtgan yili Oliy Majlisga Murojaatnomasida oliy oʻquv yurtlari nufuzini oshirish, nodavlat taʼlim maskanlari sonini koʻpaytirib, sohaga yuqori malakali kadrlarni jalb etish va raqobatni kuchaytirish lozimligini taʼkidlab oʻtgan edi.

Mazkur vazifasi ijrosi taʼminlash uchun Taʼlim inspeksiyasi tomonidan nodavlat taʼlim tashkilotlari tashkil etish jarayonlarini soddalashtirish bilan birga, litsenziya talabgorlarining murojaatlarini qisqa muddatlarda koʻrib chiqishi yoʻlga qoʻyildi.

2018-yilning 1-yanvarida yurtimizda 500 ta nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyati koʻrsatgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 2534 tani tashkil etmoqda.

Yurtimizda oliy, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim sohasida taʼlim xizmatlarini koʻrsatishga oid faoliyat bilan shugʻullanuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari tarmogʻini yanada rivojlantirish, ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklikning turli shakllarini samarali joriy etish hamda davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga qaratilgan islohotlar ahamiyatli boʻlmoqda.

Nodavlat taʼlim tashkilotlari soni va yoʻnalishlari oshgani, ular faoliyatini tashkil etishda, xalqaro tashkilotlar, xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan faol hamkorlik qilinayotgani quvonarli hol.

Biroq ayrim holatlarda mazkur muassasalar faoliyati, vazifasi va vakolati bilan bogʻliq masalalarning notoʻgʻri tushunilishi yoki talqin qilinishi sababli fuqarolarimizda ayrim nodavlat taʼlim tashkilotlari haqida xolis axborot olishga boʻlgan ehtiyoj paydo boʻlmoqda.

Buni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining telegram botiga (@Uztdibot) foydalanuvchilar tomonidan yurtimizdagi nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyati yuzasidan kelib tushayotgan koʻplab savollardan koʻrishimiz mumkin.

Xususan, koʻpchilik “BRITISH FOUNDATION TASHKENT”, “LONDON GRADUATE SCHOOL OF BUSINESS” va “INTERNATIONAL SCHOOL OF FINANCE AND TECHNOLOGY” ISFT tashkilotlari tomonidan berilgan diplomlar Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasasi diplomi sifatida tan olinadimi?” deb murojaat qilmoqda.

Yuqoridagi masala yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Nodavlat taʼlim tashkilotlariga litsenziya berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-martdagi 241-son qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosida amalga oshiriladi.

“BRITISH FOUNDATION TASHKENT” nodavlat taʼlim muassasasi (STIR 305849046) Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Irrigator koʻchasi, 3-uy manzilida “Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash” taʼlim turi boʻyicha 2019-yil 16-mayda KMO 0345 raqamli litsenziya olgan boʻlib, ushbu litsenziyaga koʻra, matematika, iqtisodiyot, biznes, ingliz tili taʼlim yoʻnalishlarida taʼlim xizmatlarini koʻrsatishi mumkin. Mazkur litsenziya oliy taʼlim turi boʻyicha taʼlim xizmatlari koʻrsatish huquqini bermaydi.

“BRITISH FOUNDATION TASHKENT” nodavlat taʼlim muassasasi Buyuk Britaniyaning “NCUK Foundation” konsorsiumi taʼlim dasturi asosida bir yillik “NCUK Foundation” taʼlim dasturini oʻqitishni taklif etmoqda. Ushbu dastur Oʻzbekistonda ham, Buyuk Britaniyada ham (4-darajali Buyuk Britaniya Oliy taʼlim kvalifikatsiyalari ramkasining 2-darajasi hisoblanadi yoki Buyuk Britaniya Milliy kvalifikatsiya ramkasining 5-darajasiga toʻgʻri keladi) oliy taʼlim faoliyatining bir qismi hisoblanadi. Mazkur muassasa tomonidan taʼlim oluvchilar va ularning ota-onalariga “Biz diplom bermaymiz, demak biz oliy taʼlim xizmatlari koʻrsatish uchun litsenziya olishimiz shart emas” yolgʻon maʼlumot berilmoqda. Faoliyat yakuni boʻyicha oliy maʼlumot toʻgʻrisida diplom beradigan yoki oliy taʼlimning maʼlum bir davrini oʻqish imkonini beradigan faoliyat oliy taʼlim faoliyati deb hisoblanadi hamda Oʻzbekiston qonunchiligi boʻyicha litsenziya olib faoliyat koʻrsatishga majbur.

“LONDON GRADUATE SCHOOL OF BUSINESS” tashkiloti oliy taʼlim turi boʻyicha taʼlim xizmatlari koʻrsatish uchun Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan litsenziya olmagan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxati toʻgʻrisida” 2001-yil 12-maydagi 222-II-son qaroriga muvofiq, nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish sohasidagi faoliyat litsenziyalanishi shart boʻlgan faoliyat turi hisoblanib, har qanday taʼlim turi boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan taʼlim xizmatlarini litsenziyasiz koʻrsatilishi noqonuniy hisoblanadi.

“INTERNATIONAL SCHOOL OF FINANCE AND TECHNOLOGY” ISFT nodavlat taʼlim muassasasiga Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Chilonzor dahasi, 9a-mavze, 18a-uy, 13-xonadon manzilida “Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash” taʼlim turi boʻyicha 2019-yil 16-mayda KMO 0256 raqamli litsenziya rasmiylashtirilgan. Ushbu litsenziyaga koʻra, muassasa boshlangʻich buxgalteriya hisobi malaka oshirish kursi, fizika, kimyo, matematika, ona tili va adabiyot, rus tili, tarix, ACCA-xalqaro buxgalteriya hisobi va audit, IELTS, ingliz tili taʼlim yoʻnalishlarida taʼlim xizmatlari koʻrsatishi mumkin.

Mazkur muassasaning veb-saytida imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan yoshlarga Buyuk Britaniyaning Oxford Brookes University, Fransiyaning European Global University kabi oliy taʼlim muassasalarining bakalavr diplomi berilishi eʼlon qilingan. Lekin muassasaning nomlari yuqorida qayd etilgan Yevropaning oliy taʼlim muassasalari taʼlim dasturlari asosida faoliyat yuritishi uchun tegishli litsenziya olinishi talab etiladi.

Bundan tashqari, mazkur muassasaning litsenziyada koʻrsatilmagan manzilda, yaʼni Toshkent davlat agrar universiteti hududida faoliyat yuritishi ham litsenziya talablari va shartlarini buzish hisoblanadi. Nodavlat taʼlim muassasasi tomonidan Buyuk Britaniyaning Oxford Brookes University oliy taʼlim muassasasining bakalavr diplomi berilishi hamda bu diplom Oʻzbekiston Respublikasida toʻgʻridan-toʻgʻri (sinovlarsiz) tan olinishi targʻib qilinmoqda. Taʼkidlash joizki, bakalavr diplomi “INTERNATIONAL SCHOOL OF FINANCE AND TECHNOLOGY” ISFT nodavlat taʼlim muassasasi tomonidan emas, balki Buyuk Britaniyaning oliy taʼlim muassasasi tomonidan faqat imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchilarga beriladi. Chunki “INTERNATIONAL SCHOOL OF FINANCE AND TECHNOLOGY” ISFT nodavlat taʼlim muassasasining bakalavr diplomi berish huquqi mavjud emas.

Shuni yodda tutish muhimki, tegishli litsenziyaga ega boʻlmagan yoki belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtmagan taʼlim tashkilotlari tomonidan berilgan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatlar nafaqat Oʻzbekiston Respublikasida balki boshqa davlatlar tomonidan ham tan olinmaydi.