× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Buxoroda rektorlar deputatlarga hisobot berishdi
07.02.2020

Avval xabar berganimizdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri deputatlari Kengashlarida hududlardagi OTM rektorlari 2019-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2020-yildagi ustuvor vazifalar toʻgʻrisida hisobot berishmoqda.

5-fevral kuni Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining uchinchi sessiyasida Buxoro davlat universiteti rektori O.Xamidov, Buxoro muhandislik texnologiya instituti rektori N.Barakayev, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori A.Inoyatov, Toshkent irrigatsiya qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali direktori N.Murodovlarning hisobotlari tinglandi.

Sessiya ishida viloyatdan saylangan Oliy Majlis Senati aʼzolari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, doimiy komissiyalar raislari, viloyat hokimligining guruh rahbarlari, kotibiyat mudirlari, boshqarma va tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda ishtirok etgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkentboyev Buxoroda oliy taʼlim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni yana-da yaxshilash, bu boʻyicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, ishlab chiqarish korxonalari va oliy oʻquv yurtlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, yangi innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishga qaratilgan ishlarni jadallashtirish, oliy taʼlim muassasalarida xalqaro hamkorlik natijadorligini, qoʻshma taʼlim dasturlari samaradorligini baholash, hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, chet ellik professor-oʻqituvchilar va xorijdagi vatandoshlarni oliy taʼlim tizimiga keng jalb etish borasida oʻz mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, taʼlim sifatini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, bu borada ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilish kerakligi taʼkidlandi.

Viloyatdagi OTMlar Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida qayd etilgan vazifalarni tizimli ravishda va izchillik bilan amalga oshirib borish lozimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, masʼullarga kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish uchun viloyatda oliy taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha hududiy idoralararo kengashni tashkil etish belgilandi. Mazkur kengash yigʻilishlarida 5 ta tashabbus boʻyicha viloyat yoshlarini madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari, kitob oʻqishga qiziqishini oshirish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama etib borish vazifalari topshirildi.

  Sessiyada soʻz olganlar viloyat va qoʻshni hududlarda raqamli va innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishning asosi boʻlgan ishlab chiqarish jarayonlari va xizmatlarni avtomatlashtirish, biotexnologiyalar va kimyoviy texnologiyalarni rivojlantirish, turizm, tibbiyot sohasi boʻyicha bilimlarga ega mutaxassis kadrlar tayyorlash zaruriyatini inobatga olgan holda qabul yoʻnalishlari va kvotalarini belgilash lozimligi taʼkidlandi.

Viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev hududni rivojlantirish loyihalarida OTMlar ham faol ishtirok etishi lozimligi taʼkidlar ekan, viloyatga qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik va qurilish kabi sohalar boʻyicha olib kelinayotgan yangi texnologiyalardan samarali foydalanish boʻyicha tadqiqot olib borish va olingan tajribani viloyat miqyosida keng yoyish maqsadida OTMlarning faol ishtiroki, ilmiy asoslangan yondashuvi zarurligini taʼkidlab oʻtdi.

Shuningdek, deputatlar va tegishli tashkilotlar hamkorlikda oliy taʼlim muassasalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida soʻrovnomalar oʻtkazish va natijalarini har bir taʼlim muassasasida keng jamoatchilik oldida muhokama qilish kerakligini taʼkidlab oʻtdi.

Deputatlar OTMlarning amaliyotdan uzilib qolganligini taʼkidlab, viloyatdagi korxona, tashkilot, muassasalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, ular bilan ish beruvchi va kadrlar isteʼmolchisi sifatida integratsion aloqalarni kuchaytirish lozimligini taʼkidlashdi.

Viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish, oʻquv jarayoniga xorijiy oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarini kengroq jalb etish, ilmiy salohiyatni oshirish, institut professor-oʻqituvchilari tomonidan Scopus va Science Direct xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazalaridan foydalanish samaradorligiga erishish va yetakchi xorijiy jurnallarda maqolalar salmogʻini koʻpaytirish, monografiya, oʻquv qoʻllanma va darsliklarni chop etishni koʻpaytirish, xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkazish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

Bundan tashqari, masʼullarga oliy taʼlim muassasalarida sogʻlom ishchanlik muhitini shakllantirish, qonuniylikni, yuksak huquqiy madaniyat va axloqiylikni taʼminlash, Vatanga sodiqlik ruhini va qonunlarga boʻlgan hurmatni kuchaytirish, ijtimoiy, siyosiy, ruhiy va maʼnaviy-maʼrifiy kamol toptirish, shuningdek, mazkur sohadagi ilmiy-maʼrifiy va oʻquv adabiyotlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda oliy taʼlim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini yaxshilash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali jahon taʼlim resurslari, ilmiy adabiyotlar elektron katalogi va maʼlumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish vazifasi yuklandi.

Deputatlar viloyatdagi OTM rektorlariga savollar bilan murojaat qilib, mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha rejalar bilan qiziqishdi.
Yakunda viloyatdagi OTMlarda taʼlim sifatini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkam va ularning milliy reytingdagi oʻrinni yaxshilash boʻyicha xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi qarori qabul qilindi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Matbuot xizmati