× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Maktabgacha taʼlim pedagogining kasbiy standarti loyihasi xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi
14.02.2020

Bugun, 14-fevral kuni poytaxtimizdagi “Miran International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va UNICEF tashkiloti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan maktabgacha taʼlim pedagogi kasbiy standarti loyihasini muhokama qilish boʻyicha idoralararo ishchi guruhning davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Yoshlarimizga munosib taʼlim berish, ularning ilm-fanga boʻlgan intilishlarini roʻyobga chiqarishimiz kerak. Shu maqsadda, maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishimiz, oʻrta va oliy oʻquv yurtlarining moddiy-texnik bazasini, ilmiy va oʻquv jarayonlari sifatini tubdan yaxshilashimiz kerak” deb taʼkidlab oʻtgan edi.

“Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan talablar” asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyachilari bilishi kerak boʻlgan bilim va koʻnikmalar belgilagan holda maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlari uchun kasbiy standartlar ishlab chiqish asos boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Qonunining 42-moddasida maktabgacha taʼlim tashkiloti pedagogining kasbiy standarti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.

Hozirgi kunga qadar pedagoglarning kasbiy faoliyatiga malaka talablari belgilangan edi, endilikda esa qonunda 42-moddasida belgilab berilgan pedagogning kasbiy standartiga muvofiq, ish beruvchilar tomonidan pedagogning kasbiy standarti asosan kadrlar siyosatini shakllantirish, pedagog kadrlarni ishga qabul qilish, mehnat shartnomalarini tuzish, lavozim yoʻriqnomasini ishlab chiqish, mehnatga haq toʻlash, pedagoglar oʻqishini tashkil etish, maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglarini attestatsiyadan oʻtkazish chogʻida qoʻllaniladi.

Shuningdek, mazkur qonunning 42-moddasida pedagogning kasbiy standarti hududlarning madaniy, demografik va boshqa xususiyatlari inobatga olingan holda talablar bilan toʻldirilishi ham keltirib oʻtilgan.

Mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bagʻishlangan tadbirda BMT Bolalar jamgʻarmasi – YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan jalb etilgan xalqaro ekspertlari, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Adliya hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari mutaxassislari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari malakali pedagoglari va metodistlari ishtirok etishdi.

Tadbirda maʼruza qilganlar pedagogning kasbiy standarti pedagogning shaxsiy sifatlariga nisbatan uning bilimi, mahorati va koʻnikmalaridan ajralmas boʻlgan talablar qoʻyishini taʼkidlar ekan, pedagogga malaka toifasi uning kasbiy standartiga muvofiq berilishini aytib oʻtishdi.

Seminar davomida pedagogning kasbiy standarti tuzilmasi, mazmuni va uni ishlab chiqishda qoʻyiladigan talablar muhokama qilindi.
Xalqaro ekspertlarning pedagog standartlari boʻyicha xorijiy tajribalar boʻyicha taqdimotlar qilishdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Matbuot xizmati