× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Surxondaryoda Rossiyaning Sharqiy Yevropa nodavlat institutini masofaviy taʼlim berishi boʻyicha targʻiboti yuzasidan axborot
06.05.2020

Keyingi vaqtlarda ayrim jismoniy shaxslar hamda konsalting xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslar yurtimizda hozirgi kunda diplomi tan olinmaydigan oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirish uchun hujjatlarni topshirish boʻyicha yoshlarimiz orasida targʻibot ishlarini amalga oshirayotganlari yuzasidan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga murojaatlar kelib tushmoqda.

Jumladan, Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 22-sonli musiqa, sanʼat va baxshichilik maktabi binosida Rossiya Federatsiyasining Sharqiy Yevropa nodavlat instituti (Восточно-европейский институт​) masofaviy oliy taʼlim xizmatlarini Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan tartibda nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish uchun litsenziya olmasdan, noqonuniy taʼlim faoliyati bilan shugʻullanayotganligi maʼlum boʻlmoqda.

Shuningdek, karantin sababli yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonlari masofaviy shaklda tashkil etilgani niqobi ostida koʻplab konsalting tashkilotlari oʻz reklamalarida “diplomi Oʻzbekistonda toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadi” kabi asoslanmagan maʼlumotlar bilan masofadan taʼlim beradigan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini targʻibot qilishmoqda.

Taʼkidlab oʻtish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunida ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda (kunduzgi, sirtqi hamda kechki taʼlim shakllari koʻzda tutilgan) taʼlim olish belgilangan, lekin masofaviy taʼlim shakli ushbu qonun hujjatlarida koʻzda tutilmagan.

Bu esa respublikamiz fuqarolariga notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilishiga va mazkur tarzda oʻqib olingan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasida bugungi kunda amaldagi qonunchilikka muvofiq tan olinmasligiga olib keladi hamda fuqarolarning eʼtirozlariga sabab boʻladi.

Hurmatli fuqarolar, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ogohlantiradi!

Turli tashkilotlar yoki fuqarolar tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy davlatlarda masofaviy taʼlim olish boʻyicha keng jamoatchilikka berilayotgan reklamalariga ishonmang va bunday hiyla-nayranglarga tushib qolmang.

Oʻzingiz va farzandlaringiz umrini va mablagʻlaringizni besamar sarflamang.