× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Taʼlim inspeksiyasi “Estoniya taʼlim tajribasini oʻrganish uchun” loyihasiga qoʻshildi
21.05.2020

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston 2021-yilda ilk marotaba taʼlim sifatini baholash boʻyicha PISA va PIRLS xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etadi. Davlat rahbari tomonidan mazkur yoʻnalish boʻyicha belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Taʼlim inspeksiyasi va uning huzuridagi Milliy markaz tomonidan bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa bu borada yetakchi davlatlarning taʼlim jarayonlari va islohotlari bilan yaqindan tanishish, tajriba orttirish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yilning 20-may kuni Taʼlim inspeksiyasi rahbariyati Estoniya fan-taʼlim vazirligi huzuridagi “Innove” taʼlimni rivojlantirish tashkiloti vakili, rivojlanayotgan davlatlarga Estoniya taʼlim tajribasini tanishtirishga qaratilgan loyiha rahbari Anna Silem xonim bilan uchrashuv oʻtkazdi.


Videokonferensiya formatida tashkil etilgan ushbu uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad – ikki davlat oʻrtasida taʼlim tizimini rivojlantirish borasida samarali hamkorlik aloqalarini qoʻlga qoʻyish, kelgusida xalqaro baholash tadqiqoti PISA dagi Estoniyaning muvaffaqiyatiga asos boʻlayotgan jarayonlar bilan yaqindan tanishish uchun Oʻzbekistonlik vakillarning mazkur mamlakatga tashrifi bilan bogʻliq vazifalarni samarali tashkil etish yuzasidan fikr almashish boʻldi.



Taʼlim inspeksiyasi rahbari Ulugʻbek Tashkenbayev xorijlik mutaxassislarga uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirar ekan, Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli taʼlim islohotlari, shu jumladan inspeksiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar, Milliy baholash markazi faoliyati, xalqaro baholash tadqiqotlariga tayyorgarlik jarayonlari haqidagi maʼlumot berdi. Shuningdek, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik boʻyicha ustuvor rejalar haqida toʻxtalar ekan, bu borada Estoniya, Finlyandiya kabi davlatlarning taʼlim jarayonlari bilan yaqindan tanish, oʻquv jarayonlari, taʼlim siyosati, tashkiliy ishlar borasida tajriba orttirish muhimligini taʼkidladi.



Oʻz navbatida Anna Silem xonim oʻz tashkiloti Oʻzbekistonda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha keng koʻlamni va uzoqni koʻzlab qilinayotgan ushbu islohotlarda qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Xususan, Estoniya fan-taʼlim vazirligi tomonidan maxsus loyiha tashkil etilganligi, ushbu loyihaning asosiy maqsadlaridan biri rivojlanayotgan davlatlarga Estoniya taʼlim yutuqlarini va tajribalarini tanishtirish ekanligini taʼkidladi. Mazkur loyiha 2018-2020-yillarga moʻljallangan boʻlib, hozirgi qadar 5 ta mamlakat ushbu imkoniyatdan foydalanishga muvaffaq boʻlganligini hamda Oʻzbekiston ushbu loyihaning navbatdagi ishtirokchisi boʻlishini maʼqulladi.

Uchrashuv soʻngida loyiha doirasida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar rejasini ishlab chiqish hamda qisqa fursatlarda ularning amaliy tatbigʻiga kirishishga kelishib olindi.