× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Fan dasturlarini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi
29.05.2020

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida maktab oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, oʻquv yuklamalari va fanlarni qayta koʻrib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarurligi hamda oliy taʼlim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtirilishi, taʼlim yoʻnalishlari va oʻqitiladigan fanlar qayta koʻrib chiqilishi, mutaxassislikka aloqasi boʻlmagan fanlar sonini 2 barobarga qisqartirish vazifalari berilgan edi.

Mazkur topshiriq ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida fan dasturlarining mazmun mohiyati, mavzularning mantiqiy ketma-ketligi va uzviyligini taʼminlash ishlarini tashkil etish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarning xodimlaridan iborat jamoatchilik maslahat guruhi faoliyati olib bormoqda.

Bugun, 29-may kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyada mazkur ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Maktabgacha taʼlim Xalq taʼlimi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari mutasaddilari ishtirok etgan yigʻilishda ishchi guruh tomonidan 2020-yil fevral-may oylarida amalga oshirgan ishlar muhokama qilindi.

Tadbirni olib borgan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Xatamjon Ketmonov Prezidentimiz tomonidan fan dasturlarining mazmun mohiyati, mavzularning mantiqiy ketma-ketligi va uzviyligini taʼminlash hamda oʻquvchi va talabalarda shakllanishi zarur boʻladigan bilim va koʻnikmalar darajasini aniq belgilash boʻyicha aniq topshiriqlar berilganini taʼkidlar ekan, bu borada mavjud yutuq va kamchiliklarni keltirib oʻtdi.

Xususan, mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha ishlar maktabgacha taʼlim va xalq taʼlimi sohasida ishlar nisbatan tizimli yoʻlga qoʻyilgani, biroq oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi va oliy taʼlim tizimida sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotgani aytib oʻtildi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi direktori oʻrinbosari Mehriniso Pardayeva
har bir fandan ijodiy ishchi guruhlar shakllantirilgani, 22 ta fanning oʻquv dasturlari xalqaro tajribalar asosida tahlil qilingani, ekspertlar bilan masofadan ishlash uchun 1 ta umumiy va 22 ta fan boʻyicha alohida telegramm botlar tashkil etilib, onlayn rejimda ishlar tashkil etilganligini maʼlum qildi.

Shuningdek, ushbu yoʻnalishda YUNISEF bilan hamkorlikda Singapur, AQSH, Gonkong dasturlari, Prezident maktablari bilan Kembridj tajribasi, oʻquv dasturlari va darsliklari oʻrganib chiqilgan. Xalqaro konsultant ishtirokida 6 ta anʼanaviy ishchi seminarlar va 8 ta onlayn ishchi yigʻilishlar oʻtkazilgan. Taʼlim inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligi oʻrtasida qoʻshma buyruq ham qabul qilinib vazifalar belgilab olingan.

X.Ketmonov 2020/2021 oʻquv yilidan faoliyat boshlaydigan yangicha turdagi professional taʼlim muassasalari uchun oʻquv reja va oʻquv dasturlarni tayyorlash ishlari qaysi bosqichda ekanligi bilan qiziqdi. Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni jadallashtirish lozimligi, ularni ishlab chiqishda hukumat qarori bilan tasdiqlangan Milliy malakalar ramkasi asosida ish olib borish zarurligi taʼkidlandi.

Yakunda har bir vazirlik tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar, aniq muddatlar koʻrsatilgan holda belgilab olindi.