× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishga yoʻnaltirilgan 348 ta tayanch maktab faoliyat koʻrsatmoqda
01.08.2020



Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida, davlat va jamiyatning dolzarb masalalari qatorida taʼlim sifatini oshirish, jumladan 2021-yildagi xalqaro baholash jarayonlariga tayyorgarlik koʻrish uchun 348 ta tayanch maktab belgilanib, 6 ming nafardan ortiq oʻqituvchilarning malakasini oshirish vazifalari belgilab berilgan edi.

Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligining qarori asosida Respublikaning barcha hududlarida joylashgan 348 ta tayanch maktablar belgilanib, ularning faoliyati samaradorligini taʼminlash maqsadida “Xalq taʼlimi tizimida taʼlim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishga yoʻnaltirilgan tayanch maktablar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma ham tasdiqlangan edi.

Shuningdek, Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tuzilmasi ham takomillashtirilib, tayanch maktablarni taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro baholash dasturlari (PIRLS, TIMSS, PISA, TALIS)ga tayyorgarlik koʻrishlariga yordam berish maqsadida Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishga yoʻnaltirilgan tayanch maktablar bilan ishlash boʻlimi tashkil etildi.

Taʼkidlab oʻtish joizki, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishga yoʻnaltirilgan tayanch maktablar hududdagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini taʼlim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishga yoʻnaltirish boʻyicha asosiy metodik bazaga ega boʻlgan, xalqaro baholash dasturlariga oid ilgʻor xorijiy tajribalarni ommalashtirish ishlarini amalga oshiradigan muassasalar hisoblanadi. Mazkur tayanch maktablari yordamida Respublikadagi barcha maktablarni qamrab olish koʻzda tutilgan boʻlib, boshqa maktablar ushbu tayanch maktablariga biriktirildi.

Shunday ekan, tayanch maktablarni belgilashdan koʻzlangan maqsadlarga erishish uchun tayanch maktablar bazasida xalqaro PIRLS, TIMSS, PISA, TALIS tadqiqotlari yoʻnalishlariga mos ravishda tizimdagi tajribali mutaxassislar orasidan trenerlar guruhi shakllantiriladi.

Tayanch maktablarda ularga biriktirilgan maktablar bilan reja-jadval asosida oʻquv mashgʻulotlari, seminar-treninglar, davra suhbatlari tashkil etiladi.

Tayanch maktablar bazasida tegishli oʻquvlar, seminar-treninglar, davra-suhbatlari fan oʻqituvchilarining metodik kunlarida tashkil etiladi.

Oʻquvlar, seminar-treninglar, davra suhbatlarini oʻtkazish uchun oʻquv-metodik materiallar, mustaqil shugʻullanish uchun topshiriqlar, audio-video resurslar va boshqa materiallar ishlab chiqiladi.

Yurtimiz oʻquvchilari xalqaro baholash dasturlarida ilk marotaba ishtirok etayotganliklari sababli, maktablar oʻquvchilarining tayyorgarlik koʻrishlariga yordam berishda Tayanch maktablarning oʻrni va ahamiyati yuqori boʻlib, Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi ularga ushbu masʼuliyatli vazifalarni hamkorlikda bajarishda muvaffaqiyat tilaydi.