× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Finlyandiya taʼlim siyosatining muhim tamoyili yoxud Fin maktablarining muvaffaqiyati nimada?
16.11.2020

Рисунок5.png
Joriy yilning 6-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingan edi.

Farmonda maktab taʼlimi boʻyicha ilgʻor davlatlar tajribasini, xususan Finlyandiya taʼlim tizimining oʻziga xos xususiyatlarini oʻrganish vazifasi yuklatildi. 

Davlatimiz rahbari tomonidan aynan Finlyandiya misol qilib koʻrsatilgani bejizga emas. Ushbu mamlakat taʼlim sifatini baholash boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro tadqiqotlardagi oʻz muvaffaqiyatlari bilan ajralib turadi. Fin oʻquvchilari PISA tadqiqotidagi barcha yoʻnalishlarda savodxonlik va taʼlim tengligi koʻrsatkichlari boʻyicha eng yaxshi natijalarga erishgan.

Xalqaro oʻquvchilarni baholash dasturi (PISA - The Programme for International Student Assessment) shunday tadqiqot dasturlarining eng keng tarqalgani hisoblanadi.

Рисунок2.png

PISA tadqiqotlarida 2015-yilda 72 ta mamlakatdan 500000 nafardan ortiq va 2018-yilda 79 ta davlatdan 600000 nafardan koʻproq 15 yoshli yigit-qizlar ishtirok etishgan.

PISAning oʻziga xos xususiyati shundaki, u sof bilimni emas, balki turli sohalarda savodxonlikni baholaydi. Savodxonlik - “oʻquvchilarning asosiy mavzular boʻyicha bilim va koʻnikmalarni qoʻllash qobiliyati, turli vaziyatlarda muammolarni aniqlash, talqin qilish va hal qilishda samarali tahlil qilish, mulohaza yuritish va muloqot qilish qobiliyati” sifatida izohlanadi. PISA dasturi doirasida har 3 yilda takrorlanuvchi sikllarda oʻquvchilarning matematik, tabiiy fanlar va oʻqish fanlari savodxonligi baholanadi.

PISA tadqiqotida Finlyandiya

PISA dasturi 2000-yilda tashkil etilgandan buyon Finlyandiya unda muntazam qatnashib kelmoqda va erishgan natijalari bilan fin taʼlim tizimi dunyodagi  koʻplab mamlakatlarining eʼtiborini oʻziga jalb qilmoqda. Oʻtkazilgan yettita PISA siklining natijalarida ozgina tebranishlar va soʻnggi ikki siklda biroz pasayish kuzatilsada, Finlyandiya taʼlim tizimi PISA tadqiqotlari natijalari boʻyicha uzoq davrda eng yaxshi natijalarga erishgan davlatlardan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, keyingi muhim jihat shundaki, Finlyandiya PISA tadqiqotlarida ishtirok etuvchi mamlakatlar orasida oʻquvchilarning haftalik oʻquv yuklamasi eng qisqa davlat hisoblanadi. Fin oʻquvchilari haftada barcha fanlarni oʻrganish uchun oʻrtacha jami 36,1 soat sarflaydilar, ushbu koʻrsatkich maktab va maktabdan tashqari oʻquv jarayonini oʻz ichiga oladi. Eng qisqa oʻqish vaqti va yuqori ballar Finlyandiya taʼlim tizimining jozibadorligini orttirdi.

 

Fin oʻquvchilarining PISA dagi natijalari

Savodxonlik turi

2000

2003

2006

2009

2012

2015

2018

Oʻqish

546 (1)*

543 (1)

547 (2)

536 (2)

524 (3)

526 (2)

520 (5)

Matematika

536 (4)

544 (1)

548 (1)

541 (2)

519 (6)

511 (7)

507 (12)

Tabiiy fanlar

538 (3)

548 (1)

563 (1)

554 (1)

545 (2)

531 (3)

522 (9)

*Qavs ichida Finlyandiyaning PISA tadqiqotidagi reytingi koʻrsatilgan.

Maʼlumot uchun: Finlyandiya Respublikasi PIRLS (The Progress in International Reading Literacy Study – boshlangʻich 4-sinf oʻquvchilarining matnni oʻqish va tushunish darajasini baholash) tadqiqotida 2011 (568 ball) va 2016 (566 ball) yillarda ishtirok etgan va mos ravishda 3 va 5-oʻrinlarni egallagan.

 

Fin taʼlim tizimi

Finlyandiyaning asosiy taʼlim toʻgʻrisidagi qonunida (1998-yil) Finlyandiya taʼlimining uchta asosiy maqsadi belgilab berilgan: (1) oʻquvchilarga hayotda zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni berish, (2) jamiyatda rivojlanish va tenglikni targʻib qilish hamda (3) butun mamlakat boʻylab taʼlim sohasida tenglikni taʼminlash.

Finlyandiya aholisi bugungi kunda 5,5 mln. kishini tashkil etadi va mamlakatda mavjud 2341 ta umumtaʼlim maktablarida taxminan 560500 nafar oʻquvchi tahsil oladi. Maktablarda haftasiga 5 kunlik oʻqish joriy etilgan. Barcha maktablar bir xil mavqega ega, bolalar qobiliyatiga koʻra turli sinf yoki ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga ajratib oʻqitilmaydi.

Fin maktablarida boshlangʻich taʼlim 6 yil davom etadi va 3-sinfgacha bolalarga baho qoʻyilmaydi, oʻqituvchilar tomonidan uyga vazifa deyarli berilmaydi, 2017-yildan aksariyat maktablar dars vaqtida “ruchkadan voz kechishgan” va dars jarayonida toʻliq kompyuter va planshetlardan foydalaniladi.

Рисунок3.png

Finlyandiya taʼlim tizimi ikki bosqichli maʼmuriy tuzilishga ega: Taʼlim va madaniyat vazirligi (Ministry of Education and Culture) hamda vazirlik huzurida faoliyat yuritadigan, lekin oʻz faoliyatida mustaqil Milliy taʼlim agentligi (Finnish National Agency for Education).

Agentlik maktabgacha va maktab taʼlimini, vazirlik esa oliy taʼlim tizimini boshqaradi.

Finlyandiya taʼlim siyosatida uchta muhim tamoyil mavjudligini taʼkidlash mumkin: bilimga asoslangan jamiyat haqidagi qarashlarni qoʻllab-quvvatlash, taʼlim tengligini taʼminlash va mahalliy hokimiyat vakolatlarini kuchaytirish. Mahalliy hokimiyat vakolatlarini kuchaytirish jarayonini oʻtgan asrning 70 yillaridan 2000-yillarga qadar Finlyandiya taʼlim tizimidagi eng muhim oʻzgarishlardan biri sifatida taʼkidlash mumkin.

Taʼlim muassasalarini boshqarish asosan mahalliy hokimiyatlar tomonidan amalga oshiriladi. Taʼlim muassasasi faoliyatiga deyarli hech kim aralashmaydi.  Finlyandiya taʼlim tizimining yana bir tamoyili boʻlgan ishonch madaniyati tufayli maktablarga tekshiruv tashriflari yoʻq.

Finlyandiya taʼlim tizimining asosini quyidagi 7 ta tamoyil tashkil etadi deyish mumkin:

1.     Tenglik

2.     Bepul taʼlim

3.     Individuallik

4.     Amaliylik

5.     Ishonch va oʻqituvchilar salohiyati

6.     Ixtiyoriylik

7.     Mustaqillik

 

1.   Tenglik - Finlyandiyadagi barcha maktablar oʻquvchilarga bir xil sharoit va bir xil taʼlim tizimini taqdim etadi.

2.   Bepul taʼlim - bepul taʼlim berish bilan birgalikda oʻquvchilarga barcha oʻquv jihozlari va tushlik ham bepul taqdim etiladi.

3.   Individuallik – darslarni oʻzlashtirishi qiyin boʻlgan oʻquvchilar bilan oʻqituvchilar yoki yaxshi oʻzlashtirgan oʻquvchilar alohida shugʻullanishadi. Finlyandiyada oʻquvchilar qoʻshimcha darslarga qoldirilmaydi.

4.   Amaliylik – oʻquvchilarni imtihonga emas balki hayotga tayyorlash. Darslarda oʻquvchilar, masalan, viza kartadan qanday foydalanish, shartnomalar tuzish, saytlar yaratish, tikish, ovqat pishirish, marketing va sotuv ishlari bilan shugʻullanish kabi amaliy ishlar bilan shugʻullanadilar.

5.   Ishonch va oʻqituvchilar salohiyati – barcha maktablardagi oʻqituvchilar magistratura darajasiga ega boʻlishlari shart. Oʻquvchilarga uy vazifasi deyarli berilmaydi, ota-onalar farzandlari bilan uyda shugʻullanmaydi va oʻqituvchilarning oʻquvchilarni hayotga tayyorlashiga toʻliq ishonishadi.

6.   Ixtiyoriylik – dars jarayonida qay darajada ishtirok etish oʻquvchilar ixtiyorida. Oʻqituvchilar oʻquvchilarni darsga qiziqtira olmasalar oʻquvchilar sinfni tark etishi yoki oʻzlari yoqtirgan boshqa biror mashgʻulot bilan shugʻullanishlari mumkin.

7.   Mustaqillik – fin taʼlim tizimida oʻqituvchilar oʻquvchilarni imkon qadar oʻzlari bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirishlari kerakligiga yoʻnaltiradi. Bilimlarni hayotda qanday tatbiq etish koʻnikmalari amaliy mashgʻulotlar yordamida shakllantiriladi. Oʻquvchilarning har qanday fikrlari inobatga olinadi va qoʻllab quvvatlanadi.

 

Finlyandiya taʼlimining muhim xususiyatlaridan yana biri shundaki, u barcha darajalarda, yaʼni maktabgacha taʼlimdan oliy taʼlimga qadar toʻliq bepul taʼlim olishni taʼminlaydi. Shuningdek, barcha oʻquv materiallari, darsliklar, sogʻliqni saqlash xizmatlari va maktabga qatnash transport xizmatlari ham bepul amalga oshiriladi hamda boshlangʻich va oʻrta taʼlimda barcha oʻquvchilarga maktablarda bepul tushlik beriladi.

Finlyandiyada oʻn yillik majburiy taʼlim davomida milliy imtihon yoʻq. Barcha maktablarda bir xil taʼlim beriladi, oʻquvchilar muvaffaqiyatiga qarab turli maktablarga birlashtirilmaydi va deyarli barcha oʻquvchilar uylari yaqinidagi maktabga borishadi.

Рисунок4.png

Finlyandiya taʼlim tizimi va jamiyati oʻqituvchilarning malakasiga tayanadi. Finlyandiya taʼlimini baholash markazi taʼlimdagi baholashni butun mamlakat boʻylab olib boradi. Baholashlarning asosiy maqsadi taʼlim sohasidagi manfaatdor tomonlarni tegishli fikr-mulohazalar bilan taʼminlashdir va ular oʻqituvchilarga tekshiruv tashriflarini oʻz ichiga olmaydi.

Finlyandiya muvaffaqiyatining sabablari

Finlyandiya taʼlim tizimining muvaffaqiyati bir qancha omillar tizimidan tarkib topgan va bunda oʻqituvchilarning salohiyati ushbu tizimning eng muhim omili hisoblanadi.

Shuningdek, taʼlimda teng sharoitlar, uzoq muddatli taʼlim siyosati, ishonch madaniyati va mustaqil taʼlim olish odatiga urgʻu berish bu muvaffaqiyatning boshqa sabablari hisoblanadi. Oʻqituvchilar va oʻquvchilar oʻrtasidagi yuqori darajadagi hamkorlik taʼlim tizimining uzluksiz ishlashiga yordam beradi.

Finlyandiya qirq yildan ziyod vaqt mobaynida keng qamrovli va uzoq muddatli taʼlim islohotini olib bormoqda. Finlyandiyaning muvaffaqiyati izchil va uzoq muddatli taʼlim islohoti bilan chambarchas bogʻliq. Ikkinchidan, Finlyandiya muvaffaqiyatining sabablarini oʻrganayotgan koʻplab tadqiqotchilar, bir-biriga bogʻliq boʻlgan turli xil omillarga asoslanishini taʼkidlaydilar. Ularni uch guruhga ajratish mumkin: oʻqituvchilar salohiyati, taʼlim siyosati va fin madaniyati bilan bogʻliq omillar.

Oʻqituvchilarning yuqori salohiyati birinchi navbatda oʻqituvchilarni tayyorlash boʻyicha oʻqitish dasturlariga bogʻliqdir. Eng yaxshi oʻrta maktab bitiruvchilari boʻlajak oʻqituvchi sifatida tanlab olinadi. Yuqori malakali oʻqituvchilar Finlyandiya taʼlim tizimi muvaffaqiyatiga taʼsir koʻrsatadigan bosh omil deyish mumkin.

Boʻlajak oʻqituvchilar uchun alohida oʻquv maktablari belgilanadi va ular odatda oʻquv vaqtlarining 10-15 foizini ushbu maktablarda oʻtkazadilar. Oʻquv maktablari talaba-oʻqituvchilarga barcha kerakli oʻquv materiallari bilan taʼminlangan alohida xona ajratib beradilar. Talaba-oʻqituvchilar dars jarayonlarini kuzatish bilan birgalikda taʼlim jarayonida ham faol qatnashib, katta tajriba toʻplashadi hamda maktab jamoasi va oʻquvchilar ham  ulardan juda foydali yordam olishadi.

Oʻqituvchilarning taʼlim tizimidagi moslashuvchanligi va mustaqilligi ham taʼlim sifatini taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. Oʻqituvchilar malaka oshirish kursiga qoʻshilishni xohlasa, maʼmuriyat ularni doimo qoʻllab-quvvatlaydi. Oʻqituvchilardan faqatgina malaka oshirish dasturida oʻrgangan narsalarini maktabdagi boshqa oʻqituvchilar bilan boʻlishishi soʻraladi.

Ikkinchi guruh sifatida qayd etilgan Finlyandiya taʼlim siyosatining  toʻrtta muhim jihatiga eʼtibor qaratish lozim. Ularga izchil va uzoq muddatli siyosat, bilimga asoslangan jamiyatga sodiqlik, taʼlim tengligi va mahalliy hokimiyatning taʼlim sohasidagi vakolatlarini kengaytirishlar kiradi. Mazkur toʻrtta jihat 1970-yillardan beri muvaffaqiyatli taʼlim islohoti asoslarini tashkil etdi, natijada kuchli taʼlim tizimi yaratildi.

Taʼlim siyosati bilan bogʻliq yana bir jihat - bu taʼlim muassasalariga nisbatan markaziy va mahalliy boshqaruvning balansidir. Qaror qabul qilish jarayonida mahalliy hokimiyat organlari, maktablar va oʻqituvchilar mustaqillikka ega, bu oʻz navbatida ularga oʻquv jarayonlarini samarali tashkil etish uchun katta masʼuliyat yuklaydi.

Uchinchi omillar guruhi sifatida fin madaniyati bilan bogʻliq omillar qayd etilgan. Bularning birinchisi - ishonch madaniyati, yaʼni taʼlim muassasalariga va xususan, oʻqituvchilarga boʻlgan yuksak ishonch. Ikkinchisi – Finlyandiya jamiyatida va xalq madaniyatida oʻqituvchilik eng obroʻli va yuqori baholanadigan kasblardan biri hisoblanadi.

Taʼlim tizimi tomonidan beriladigan oʻqituvchilarning avtonomligi bu kasbni fin xalqi uchun yanada jozibali qiladi. Oʻqituvchilar yuqori salohiyatga egaligi, shubhasiz, fin oʻquvchilari muvaffaqiyatining eng asosiy elementlaridan biridir.

Maktab maʼmuriyati va ota-onalar oʻqituvchilarning oʻz vazifasiga katta  masʼuliyat bilan yondashishlariga qattiq ishonadilar. Shuningdek, Finlyandiya taʼlim tizimida barchaning tenglik tamoyili juda qadrlanadi, alohida ehtiyojlari boʻlgan oʻquvchilar uchun qoʻshimcha kuch va mablagʻ sarflanadi.

Finlyandiyada taʼlim islohotlarining muvaffaqiyatida fin xalqining  oʻzaro tenglik va hamkorlik qadriyati, shuningdek, taʼlim tizimi va boshqa ijtimoiy xizmatlar oʻrtasida jamiyatda ijtimoiy adolatni taʼminlash boʻyicha yuqori darajadagi hamkorlikning mavjudligi va ularning yagona uygʻunlikda faoliyat koʻrsatishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, Finlyandiya muvaffaqiyatining sabablari haqida gapirar ekanmiz, ushbu yutuqning yana bir tomoni Finlyandiya taʼlimida nimaga urgʻu berilsa PISA dasturidagi baholashlar ham aynan shular bilan chambarchas bogʻliq. Yaʼni oʻquvchilarga faqat bilim berish oʻrniga, savodxonlik qobiliyatlarini rivojlantirish Finlyandiya taʼlimining markazida turadi, bu fin oʻquvchilariga PISA kabi savodxonlikka yoʻnaltirilgan baholash tizimida  ustunlik beradi.

Oʻqituvchilarning yuqori salohiyatga ega ekanligi fin taʼlim muassasalarining muvaffaqiyatga erishishidagi navbatdagi eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Sinf rahbarlari ham, fan oʻqituvchilari ham oʻqitadigan fan mazmunini juda yaxshi bilishadi va oʻquvchilarning sinflarda faol boʻlishlari uchun turli xil oʻqitish metodikalaridan foydalanadilar. Shuningdek, ular bilimlarni tushuntirish uchun koʻplab kundalik hayotiy misollardan foydalanadilar.

Bundan tashqari, fin jamiyatida mavjud yuqori saviyadagi kitobxonlik madaniyati ham oʻquvchilarning muvaffaqiyatiga bevosita taʼsir qiladi. Finlyandiyada kutubxonalar tarmogʻi juda zich joylashgan va ular doimo gavjum.

Xulosa qilib aytganda, Finlyandiya taʼlim tizimining muvaffaqiyati fin xalqining qadriyatlari va madaniyat bilan chambarchas bogʻliq. Finlyandiya muvaffaqiyatidan saboq olish, taʼlim tizimini chuqur oʻrgangan holda undagi muhim jihatlarni oʻzimizga  moslashtirgan holda foydalanishimiz zarur.

Xulosa va takliflar

Finlyandiya taʼlim tizimini batafsil tahlil qilish orqali koʻplab xulosa va takliflar ishlab chiqish mumkin. Ulardan baʼzilari quyidagilar:

• Finlyandiya muvaffaqiyatini bitta omil yordamida tushuntirish mumkin emas, chunki bir-biri bilan juda bogʻliq boʻlgan omillar tarmogʻi mavjud;

• Har qanday taʼlim islohoti uzoq muddatli siyosatni talab qiladi;

• Fin xalqining asosiy qadriyatlari Finlyandiyada taʼlim muvaffaqiyatining muhim qismidir.

Tenglik va hamkorlik Finlyandiya taʼlim tizimini hamjihatlikda ishlashga majbur qiladi.

• Oʻqituvchilarning salohiyati eng muhim omil va bu boshqa koʻplab omillar bilan, masalan, oʻqituvchilarni tayyorlash taʼlim sifati, oʻqituvchilik kasbining jamiyatdagi obroʻsi va oʻqituvchilarning mehnat sharoitlari bilan bogʻliq.

• Turli xil madaniyat va qadriyatlarga ega boʻlgan va yuqori natijalarga erishgan mamlakatlarning PISA dasturidagi muvaffaqiyatlariga taʼsir qiluvchi omillar boʻyicha taqqoslash qaysi madaniy sharoitda qaysi omillar ishlashini aniqlashga katta yordam berishi mumkin.

Ushbu maʼlumotlar internet maʼlumotlari asosida tayyorlangan boʻlib, Prezidentimizning qaroriga asosan Finlyandiyaning taʼlim sohasidagi ijobiy tajribasini, shu jumladan oʻquv dasturlari, darsliklari, oʻqitish metodikalari va pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi joyiga borgan holda oʻrganish belgilangan.

 

X.Daminov,

Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish

Milliy markazi direktori oʻrinbosari

 

Z.Qosimova,

Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish

Milliy markazi bosh mutaxassisi