× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Andijonda oʻquvchilarni fikrlashga oʻrgatadigan metodikalarni joriy qilish boʻyicha seminar tashkil etildi
01.03.2021

photo_2021-03-01_19-50-02.jpg

Oʻzbekiston Respublikasida xalq taʼlimi rivojlantirish konsepsiyasiga asosan taʼlim sifatini 2030-yilgacha yuqori darajaga olib chiqish, oʻquvchilarni yodlashga emas, balki fikrlashga oʻrgatadigan metodikalarni joriy etish boʻyicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.  Ushbu yondashuvlarni joriy etishda xalqaro tadqiqotlar muhim rol oʻynaydi. Chunki, PISA, PIRLS, TIMSS tadqiqotlarida oʻquvchilarning bilimini amaliyotda qoʻllash, muammolarni hal qilish, fikrlash, mulohaza yuritish, oʻqib tushunish, fikrlarini yozma bayon qilish va boshqa koʻnikmalari baholanadi.

Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishga yoʻnaltirilgan Andijon viloyatidagi 28 ta tayanch maktablar hududdagi 725 maktablar uchun xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik yoʻnalishida muvofiqlashtiruvchi va metodik bazaga ega boʻlgan muassasa hisoblanadi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Andijon viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda Boʻston tumanidagi 14-sonli tayanch maktabda “Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishda tayanch maktablarning oʻrni va ahamiyati” mavzusida tashkil etilgan seminar tayanch maktablarning oʻziga biriktirilgan maktablar bilan hamkorlik aloqalari, oʻzaro tajriba-almashinuvi, ularda oʻtkazilayotgan seminar-trening, davra suhbatlari, ochiq darslarning mazmunini boyitish masalalariga bagʻishlandi.

Seminar yalpi majlisida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Andijon viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi, Andijon viloyati hokimligi, Andijon viloyatida joylashgan 28 ta tayanch maktablar, shuningdek, Boʻston tumanidagi 14-maktabga biriktirilgan 28 ta umumtaʼlim muassasalari direktorlari, aniq, tabiiy, filologiya va boshlangʻich taʼlim fanlari boʻyicha trener oʻqituvchilari ishtirok etdi.

photo_2021-03-01_19-53-39.jpg

Seminarda, Taʼlim inspeksiyasi rahbari Ulugʻbek Tashkenbayev tomonidan hududlarda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik holati, mavjud muammolar, jumladan, tayanch maktablar oʻqituvchilarining salohiyatini oshirish, moddiy texnik bazasini yaxshilash va ularni bartaraf etishda taʼlim tizimidagi tashkilotlar va mahalliy hokimliklarning oʻrni haqida toʻxtalib oʻtdi.

Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi direktori oʻrinbosari Hikmatilla Daminov “Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish” toʻgʻrisidagi maʼruzasida, Milliy markaz tomonidan, Respublika boʻylab, shu jumladan Andijon viloyati maktablarida oʻtkazilgan xalqaro tadqiqotlar doirasidagi tajriba-sinovlar natijalari, oʻquvchilarning bilimi, koʻnikmalari va kompetensiyalaridagi boʻshliqlar haqida soʻz yuritdi.

Yalpi yigʻilishdan soʻng seminar shoʻba yigʻilishlari va mahorat darslari koʻrinishida davom ettirildi. Andijon davlat universiteti, hududiy malaka oshirish markazi va tayanch maktabning tajribali professor-oʻqituvchilari tomonidan “Ustoz-shogird” tamoyili asosida tashkil etilgan mahorat darsi va 6 ta shoʻbada oʻqish, tabiiy-ilmiy va matematik savodxonlik yoʻnalishlari boʻyicha tumandagi maktablarning trener oʻqituvchilari ishtirok etdi.

photo_2021-03-01_20-20-28.jpg

Oliy taʼlim, maktab va malaka oshirish muassasasining tajribali ustozlari tomonidan olib borilgan mahorat darsini 22 nafar tayanch maktab trenerlari kuzatib bordilar va oʻzlari uchun yangi tajribalarni orttirdilar.

Shuningdek, oʻquvchilarning oʻqish, matematik, tabiiy-ilmiy savodxonligini rivojlantirish va boshlangʻich taʼlimda oʻquvchilarning matni oʻqib tushunish, xulosalar chiqarish koʻnikmalarini rivojlantirish boʻyicha zaruriy maʼlumotlarga ega boʻldilar.

Barcha shoʻbalarda ishtirokchilar guruhlarga boʻlingan tarzda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish uchun moʻljallangan oʻquv-metodik qoʻllanmalar hamda Axborotnomaning 2-sonidan foydalangan holda PISA va PIRLS tadqiqotlarining savol va topshiriqlaridan namunalar asosida amaliy dars mashgʻulotlar olib borildi.

Seminar yakunida xalqaro tadqiqotlarga oid oʻquv-uslubiy va video materiallardan iborat Milliy markaz tomonidan tayyorlangan 28 komplekt DVD disklari barcha ishtirokchi maktablarga tarqatildi. Oldinroq Axborotnomaning 2-soni ham tayanch maktablari va malaka oshirish muassasalariga yetkazib berilgani haqida xabar berilgan edi.

photo_2021-03-01_19-48-15.jpg

Shuningdek, tayanch maktablar oʻziga biriktirilgan maktablar bilan faol tarzda ishlash mexanizmini joriy etgan holda ishlarni tashkil etishlari boʻyicha vazifalar berildi. Biriktirilgan maktablar tayanch maktablar tomonidan oʻtkazilayotgan seminar-trening, amaliy mashgʻulot va davra suhbatlarida ishtirokini toʻliq taʼminlash va trener-oʻqituvchilar shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlariga tegishli tavsiyalar berildi.