× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Oʻzbekistonda oʻquvchilarning matnni oʻqib tushunish darajasini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlar oʻtkazilmoqda
05.04.2021

photo_2021-04-05_10-16-26 (2).jpg

Joriy yilning 5-14-aprel kunlari Oʻzbekiston maktablaridagi 4-sinf oʻquvchilarining matnni oʻqib tushunish darajasini baholash boʻyicha (PIRLS) xalqaro tadqiqotlar oʻtkazilmoqda. 2001-yildan beri har besh yilda bir marotaba oʻtkazib kelinayotgan ushbu tadqiqotlarda mamlakatimiz ilk marotaba, dunyoning 60 dan ortiq davlatlari qatorida ishtirok etmoqda.

Taʼlim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur tadqiqot oʻquvchilarning umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining boshlangʻich sinfida toʻrt yil mobaynida qay darajada bilimga ega boʻlganliklarini aniqlab, butun dunyo boʻylab qiyosiy tahlil oʻtkazadi.

photo_2021-04-05_10-16-25.jpg

Mazkur tadqiqotlarda respublikamizdagi 180 ta maktabda tahsil oluvchi 5 948 nafar 4-sinf oʻquvchilari hamda ularning ota onalari, maktab direktorlari va sinf rahbarlari ishtirok etishi koʻzda tutilgan boʻlib, tadqiqotda ishtirok etuvchi maktablar va oʻquvchilar tasodifiylik tamoyillari asosida tanlangan. Bunda maktablardagi taʼlim tili, shahar yoki qishloqda joylashganligi va oʻquvchilar soni kabi mezonlar ham inobatga olindi.

PIRLS asosiy tadqiqoti qogʻoz shaklida oʻtkaziladi va unda 4-sinf oʻquvchilari matnni oʻqib tushunish darajalarini baholovchi test topshiriqlarini bajaradilar hamda taʼlimga qiziqishlari, uy va maktab sharoitlari toʻgʻrisidagi shaxsiy fikrlarini namoyon etuvchi oʻquvchi soʻrovnomasini toʻldiradilar.

Shuningdek, ishtirokchi maktablar rahbarlari va tanlangan sinf rahbarlari taʼlim muassasasidagi taʼlim muhitini oʻrganuvchi maktab va oʻqituvchi soʻrovnomasini, oʻquvchilarning ota-onalari yoki vasiylari esa farzandlarining taʼlim olish sharoitlarini oʻrganuvchi uy soʻrovnomasini toʻldiradilar.

photo_2021-04-05_10-16-27 (2).jpg

Taʼlim inspeksiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish Milliy markazi tomonidan oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillarida oʻtkaziladigan jarayonlar uchun barcha tadqiqot materiallari: baholash daftarlari va soʻrovnomalar tegishli tillarga moslashtirilgan holda tarjima qilinib, xalqaro verifikatsiyadan oʻtkazilgan.

Qayd etish lozim, Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning toʻrtinchisi yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etishga yoʻnaltirilgan.