× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

“Oʻzbekiston-Finlyandiya hamkorlik yoʻnalishlarining istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy forum oʻtkazildi
13.04.2021

IMGL0371.jpg

Joriy yilning 13-aprel kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida “Oʻzbekiston-Finlyandiya hamkorlik yoʻnalishlarining istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy forum tashkil etildi.

Unda Finlyandiyaning Markaziy Osiyo boʻyicha favqulodda va muxtor elchisi Mariya Liivala, Finlyandiya Taʼlim va madaniyat vazirligi Bosh boshqarmasi direktori (Oʻzbekiston–Finlyandiya taʼlim hamkorligi koordinatori) Kirsi Lindrus, Lappeyenranta shahri meri Kimmo Yarva, Solo shahri meri Tero Nissinen, Finlyandiyaning Oʻzbekistondagi faxriy konsuli Alisher Joʻrayev, Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshligʻi Oybek Shaxavdinov, hamda ayni kunlarda mamlakatimizda ishchi tashrif bilan boʻlib turgan investorlar: “FinEst Bay Area” kompaniyasi asoschisi Peter Vesterbakka, “Finest Future” kompaniyasi hammuassisi Tuomas Tiilikaynen, “Edunation Finland” kompaniyasi hammuassisi Harri Suominen, “Skillgrower” kompaniyasi asoschisi Pasi Savola va PK Safety and Rescue” kompaniyasi bosh direktori Pertti Korteyarvi ishtirok etdi.

Forumni kirish soʻzi bilan ochib bergan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev Finlyandiya vakillariga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirar ekan, taʼlim sifatini oshirishda Finlyandiya tajribasini joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalarga toʻxtalib oʻtdi.

IMGL0363.jpg

– Finlyandiya milliy taʼlim agentligi bilan hamkorlikda “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan boʻlib, unda fin taʼlim tajribasini oʻrganish va ularni mamlakatimizda samarali tatbiq qilishga qaratilgan vazifalar, hamkorlik yoʻnalishlari, chora-tadbirlar oʻz aksini topgan.

Shuningdek, Finlyandiyaning Lappeyenranta shahri va Navoiy viloyati oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Navoiy viloyatidan 10 nafar 9-sinf bitiruvchi sinf oʻquvchilari Lappeyenranta shahrida 3 yil davomida oʻqiydigan boʻldi. Har bir oʻquvchining 3 yil davomida mamlakatda yashashi, ovqatlanishi va oʻqishi uchun lozim boʻlgan barcha xarajatlar Finlyandiya tomonidan qoplanadi.

Shuningdek, 2021-yil mart oyidan boshlab Finlyandiyalik oʻqituvchi Elisa Milyana Ladenperaga Zarafshon shahridagi 1-sonli maktabda oʻquvchilarga xorijiy til sifatida fin tilidan saboq berib kelmoqda.

Oliy taʼlim tizimi boʻyicha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Finlyandiyaning Turku amaliy fanlar universiteti hamkorligidagi qoʻshma taʼlim dasturini amalga oshirish uchun kelishuvga erishilgan. Unda talabalar 1+3 shaklida yaʼni dastlabki 1 yil Oʻzbekistonda va keyingi 3 yil Finlyandiyada taʼlim oladi.

Taʼlim inspeksiyasiga konsultant sifatida Xelsinki universiteti qoshidagi Milliy baholash markazi direktori prof. Risto Xotulaynen va Xelsinki universiteti Tabiiy fanlarni oʻqitish kafedrasi mudiri prof. Yari Lavonenlar jalb qilindi.

Finlyandiya umumiy oʻrta (tayanch) maʼlumot olish uchun davlat majburiy taʼlim dasturi oʻzbek tiliga tarjima qilinib, izchillik bilan oʻrganilmoqda.

Finlyandiya ekspertlari ishtirokida Oʻzbekistonlik taʼlim sohasi vakillari uchun doimiy tarzda onlayn seminarlar oʻtkazib kelinmoqda. Xususan, forumdan bir kun avval Taʼlim inspeksiyasi tomonidan Finlyandiyaning taʼlim va madaniyat vazirligi, Milliy taʼlim agentligi va Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida oʻtkazilgan seminarda respublikamizning barcha hududlaridan ming nafarga yaqin soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Finlyandiya delegatsiyasining tashrifi mobaynida esa Navoiy davlat konchilik instituti, Buxoro davlat universiteti hamda Buxoro muhandislik texnologiya instituti bilan Edunation Finland kampaniyasi bilan anglashuv memorandumlari imzolandi. Unga koʻra, ushbu oliy taʼlim muassasalari talablari Finlyandiyada taʼlim olish imkoniyatlari yaratiladi. Shuningdek, mazkur hamkorlik aloqalari talabalar, professorlar va ilmiy xodimlar almashinuvi va qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish orqali rivojlantiriladi. Ikki davlat shaharlari oʻrtasidagi birodarlik memorandumining dastlabkisi Lappeyenranta shahri va Navoiy viloyati viloyati oʻrtasida imzolangan boʻlsa, kelgusida ushbu roʻyxatni yana-da kengaytirishga xususan, Buxoro va Turku shaharlari oʻrtasida birodarlik memorandumi imzolashga kelishib olindi.

Yana bir muhim kelishuv sifatida Navoiy va Buxorodagi professional taʼlim muassasalari bitiruvchilarini Finlyandiyaga kasbiy stajirovka uchun jalb etish hamda ularning sonini 2030-yilgacha 10 000 nafarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Samarqand viloyatiga tashrif davomida esa maktab oʻqituvchilari almashinuvini yoʻlga qoʻyish, hamkorlikda pedagoglar tayyorlash, talabalar almashinuvi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi. Xususan, Oʻzbek–fin pedagogika institutini tashkil etish, Finlyandiya oliy pedagogik taʼlim tizimida amalda boʻlgan oʻquv dasturlaridan foydalanishni yoʻlga qoʻyish, mahalliy tadbirkor bilan hamkorlik fin tajribasi boʻyicha taʼlim-tarbiya beriladigan maktabgacha taʼlim muassasasini tashkil etish takliflari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, finlyandiyalik kompaniya rahbarlari Toshkent shahri va viloyatlarda Start-up” loyihalari va IT sohasi boʻyicha oʻtkazilgan uchrashuv va master-klasslarda mamlakatimiz yoshlariga oʻz tajribalarini oʻrtoqlashdi, – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.

IMGL0529.jpg

Forum davomida ikki mamlakat oʻrtasida taʼlim sohasi boʻyicha hamkorlik loyihalarini kengaytirish, xususan matematika va fin tilini oʻqitish, oʻqituvchilar almashinuvi, hamkorlikda pedagoglar tayyorlash hamda oliy taʼlim boʻyicha qoʻshma dasturlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.