× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Toshkent shahridagi taʼlim tashkilotlarida sifat koʻrsatkichlarini oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi
27.04.2021

photo_2021-04-27_19-51-06.jpg

Joriy yilning 27-aprel kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Toshkent shahrida uzluksiz taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlarning natijadorligi tahlili va islohotlar samaradorligini oshirishning asosiy yoʻnalishlariga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi.

Unda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, Respublika oliy taʼlim kengashi raisi Oʻktam Umurzoqov, Maktabgacha taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari Qahramon Olimov, Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Durdona Rahimova, Xalq taʼlimi vazirligi vakillari, tuman hokimi oʻrinbosarlari hamda taʼlim sohasi boʻyicha mutasaddi rahbarlari ishtirok etishdi.

photo_2021-04-27_19-51-10.jpg

Tadbir davomida uzluksiz taʼlim tizimining barcha boʻgʻinidagi tashkilotlar: maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumiy oʻrta taʼlim maktablari, akademik, litseylar, professional taʼlim muassasalari, oliy taʼlim tashkilotlari faoliyati natijalari mazkur taʼlim tashkilotlari rahbarlari va pedagoglari ishtirokida muhokama qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilandi.

Taʼkidlanishicha, Toshkent shahrida taʼlim sifatini taʼminlash borasida hokimlik va mutasaddi tashkilotlar tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Birgina 2020-yilda Toshkent shahridagi maktablarda taʼlim sharoitlarini yaxshilash uchun davlat byudjetidan 400 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilib, jami 67 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlari (3 ta yangi qurilish, 5 ta rekonstruksiya, 59 ta mukammal taʼmirlash) amalga oshirilgan.

Prezidentimiz tomonlaridan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida shahar hokimiyati tomonidan 5 mlrd soʻm mablagʻ ajratilib, umumtaʼlim maktab kutubxonalari uchun badiiy adabiyotlar, maxsus fan kabinetlari uchun tikuv mashinalari, musiqa asboblari va kompyuter texnikalari xarid qilingan.

Shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida taʼlim olayotgan iqtidorli oʻquvchi-yoshlarni aniqlash va ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Toshkent shahar hokimining 2020-yil 1-dekabrdagi 1121-son qarori asosida 5 nafar 11-sinf oʻquvchilariga har oyda toʻlanadigan hokim stipendiyasi joriy etilgan.

photo_2021-04-27_19-51-11 (2).jpg

Umumtaʼlim maktablarida davomat, baholash va kundalik yuritishni avtomatlashtirish tizimini orqali 24 600 nafar oʻqituvchi va 400 ming nafardan ortiq oʻquvchilarning uy vazifalarining bajarilishi yuzasidan onlayn monitoring yoʻlga qoʻyilgan.

Toshkent shahri Xalq taʼlimi bosh boshqarmasi tomonidan 2021-yilda “Direktorlar hamda Oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlari Kengashi”, shuningdek, darslarni sifatli tashkil etish maqsadida faxriy va oliy toifali oʻqituvchilardan iborat “Ustozlar Kengashi” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Natijada Toshkent shahri boʻyicha taʼlim sifati past boʻlgan kam quvvatli maktablar soni 77 tadan 30 taga kamayishiga erishilib, ularda taʼlim sifatini taʼminlash sharoitlari sezilarli darajada oʻzgargan.

Yana bir ijobiy tashabbus, umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifati va oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish va metodik qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “OTM va maktab hamkorligi” doirasida ham muayyan ishlar amalga oshirilgan. Shahardagi taʼlim sifati past boʻlgan 152 ta maktabga 29 ta oliy taʼlim muassasalari biriktirilgan.

Shuningdek, umumtaʼlim muassasalarining 21 891 nafar pedagoglarini fanlar kesimida oʻquv-uslubiy qoʻllab-quvvatlash, qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish uchun 25 ta OTMlar masʼul etib belgilangan.

photo_2021-04-27_19-51-10.jpg

Xususan, Xalqaro islom akademiyasi tomonidan alohida ishchi guruhi shakllantirilgan holda biriktirilgan maktablardagi taʼlim sharoitlari oʻrganilgan, hududdagi Registon nodavlat taʼlim muassasasining imkoniyatlaridan foydalanib pedagoglar va bitiruvchi sinf oʻquvchilarining bilim va koʻnikmalari diagnostika qilingan.

Diagnostika natijalar asosida oʻquvchilarning bilim boʻshliqlarini bartaraf etish uchun maktablarda fan toʻgaraklari tashkil etilgan.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha yoʻl xaritasi shakllantirilib, uning ijrosini taʼminlash yoʻlida tuman hokimiyati, Respublika taʼlim markazi, tuman xalq deputatlar kengashi, xalq taʼlimi boshqaruv organlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyilgan.

Soʻnggi ikki yilda Toshkent shahridagi oliy toifali oʻqituvchilar soni 3,5 foizdan 5,2 foizga, birinchi toifali oʻqituvchilar soni 12,6 foizdan 17,3 foizga oshishiga erishilgan. Shuningdek, joriy yil oʻtkazilgan pedagog kadrlar attestatsiyasiga jalb etilgan 3 059 nafar pedagogning 1 200 nafari (39,2%) ijobiy natija koʻrsatib, birinchi va oliy toifaga ega boʻlish uchun yetarli ball toʻplashgan.

Biroq shunga qaramay yuqori malakali oʻqituvchilar taʼminlangan boʻyicha ayrim muammolar saqlanib qolmoqda. Bugungi kunda jami 23 ming nafar oʻqituvchining 55 foizini malaka toifasiga ega boʻlmagan mutaxassislar tashkil etadi. Maktablarda 619 nafar (2,6%) oʻrta-maxsus maʼlumotli oʻqituvchilar faoliyat koʻrsatmoqda. Oliy taʼlim muassasalarining aksariyati Toshkentda joylashganligiga qaramay, maktablarda hamon oʻqituvchilarga boʻlgan ehtiyoj yuqori. Ehtiyojning asosiy qismini boshlangʻich taʼlim (62 ta), matematika (46 ta), informatika (42 ta), fizika (17 ta) fani oʻqituvchilari tashkil etadi.


photo_2021-04-27_19-51-08.jpg

Taʼlim sifatini oshirishga toʻsqinlik qilayotgan yana bir muammo sifati tuman xalq taʼlimi boʻlimlarining metodik xizmati tomonidan oʻqituvchilarga amaliy yordam koʻrsatish ishlari samarali tashkil etilmagani koʻrsatildi. Maktablarda metod birlashmalar faoliyati samarali tashkil etilmaganligi sababli ayrim oʻqituvchilar dars jarayonlarini toʻgʻri tashkil etmagani yoki darslarga tayyorgarliksiz kirishi kuzatilgan.

Bundan tashqari, turli tashkilotlar tomonidan maktab oʻquvchilari ishtirokida oʻtkaziladigan tadbirlar vaqti hududiy hokimliklar va taʼlimni boshqarish organlari tomonidan muvofiqlashtirib borilmagan. Oʻrganishlar davomida oʻquvchilarni dars vaqtida turli madaniy-maʼrifiy targʻibot tadbirlariga jalb etish holati butun respublika boʻyicha kuzatilgan.

Maʼlumki, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Respublikamiz Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uygʻunlashgan yangi boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimi hamda tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlari joriy etiladigan taʼlim muassasalari tarmogʻi tashkil etildi.

Xususan, Toshkent shahrida 29 ta professional taʼlim muassasasi (6 ta kasb-hunar maktablari, 11 ta kollej va 12 ta texnikum)da 100 dan ortiq kasb va mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, 1 033 nafar pedagog kadrlar faoliyat olib bormoqda.

Inspeksiya xodimlari tomonidan ushbu muassasalarning moddiy-texnik taʼminoti, kasb hunar oʻrgatish boʻyicha texnikalar, oʻquv adabiyoti va uslubiy qoʻllanmalar bilan taʼminlanganlik holati koʻzdan kechirildi. Aniqlangan kamchiliklar mahalliy hokimliklar bilan muhokama qilinib, ularni bartaraf etish boʻyicha chora tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, mutasaddilarga integratsiyalashgan taʼlim dasturlarini ishlab chiqadigan tayanch oliy taʼlim muassasalari malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlarini tayyorlash boʻyicha tavsiyalar berildi.


photo_2021-04-27_19-51-08.jpg

Seminarda poytaxtdagi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish bilan bogʻliq muammolarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Taʼkidlanishicha, soʻnggi yilda attestatsiyaga jalb qilingan Toshkent shahridagi 10 ta OTMlarda 19 ta bakalavriat yoʻnalishi va 24 ta magistratura mutaxassisliklari attestatsiyadan oʻtmagan.

Shuningdek, ayrim OTMlarda bitiruvchilarning nima sababdan ishga joylashmaganligi boʻyicha tizimli monitoring olib borilmagan. Baʼzi bitiruvchilarning ishga joylashganligi toʻgʻrisida taqdim qilgan maʼlumotlari hozirgi holatdagi maʼlumotga toʻgʻri kelmaydi. Bitiruvchilar bandligi boʻyicha elektron monitoring platformasi tashkil qilinmagan.

Jumladan, 2019-2020 oʻquv yili bitiruvchilari boʻyicha qaralganda poytaxtdagi 7 ta (26,9%) OTMda 20 foizdan ortiq, 6 ta (23,1%) OTMda 10 foizdan ortiq bitiruvchilari ishga joylashmagan.

Mavjud muammolar qatorida talabalar kerakli darsliklar bilan taʼminlamagani, baʼzi darsliklarning elektron varianti ham mavjud emasligi, professor-oʻqituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyati va faoliyati natijadorligi pastligi natijasida taʼlim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasi sustlashib borayotgani ham keltirib oʻtildi.

Ushbu muammolarni hamkorlikda bartaraf etish uchun Oliy taʼlim muassasalari, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va tuman xalq taʼlimi boʻlimlari tomonidan:

• Maktab-OTM-malaka oshirish hududiy markazi-metod xizmat hamkorligini mustahkamlash;

• Taʼlim sifati past maktablar bilan manzilli ishlash choralarini koʻrish, ularni OTM, metod xizmat va hududiy markazga biriktirish;

• maktablarga biriktirilgan oliy taʼlim muassasalarining xususiyati va kafedralar salohiyatidan kelib chiqib, professor-oʻqituvchilar tomonidan maktabda faoliyat yuritayotgan fan oʻqituvchilarining malakasini oshirish va sifat tarkibini yaxshilashga koʻmaklashish;

• pandemiya asoratlarini bartaraf etish va taʼlim boʻshliqlarini toʻldirish maqsadida talaba-yoshlar uchun dars soatlarini koʻpaytirish, amaliyotlarni sifatli tashkil etish va ularda amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga katta eʼtibor berish;

• talaba-yoshlar uchun nomiga oʻtkazilayotgan maʼnaviy-tarbiyaviy tadbirlarning taʼsirchanligini oshirish choralarini zudlik bilan koʻrish.

Hududiy malaka oshirish va qayta tayyorlash markazlari tomonidan:

• qayta tayyorlash va malaka oshirish tinglovchilarining sifatli taʼlim olishlarini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan elektron platformalarni kontentlar bilan boyitish hamda samarali foydalanishni tashkil etish;

• hududiy markazning Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish;

• qayta tayyorlash va malaka oshirish markazi moddiy texnik bazasini yaxshilash, rejalariga qatʼiy amal qilish hamda doimiy nazoratni olib borish;

• tinglovchilar davomatini qatʼiy nazoratga olish.

Toshkent shahar va tumanlar hokimliklari tomonidan:

• hududdagi tayanch maktablar faoliyatini nazorat qilish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

• taʼlim muassasalarining oʻquv laboratoriya sinflari, kutubxona, informatika, kasbga yoʻnaltirish oʻquv xonalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash;

• umumtaʼlim maktablaridagi informatika xonalari va ulardagi kompyuter texnikalarini xatlovdan oʻtkazish, mavjud ehtiyojdan kelib chiqib zamonaviy elektron qurilmalar bilan taʼminlash.

• maktabgacha taʼlim bilan qamrov koʻrsatkichlarini yaxshilash uchun Prezidentimizning 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomalarida qayd etilganidek xususiy sektor ulushidan foydalangan holda nodavlat, xususiy-sherikchilik hamda oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini koʻpaytirish choralarini koʻrish, shuningdek tashabbus bilan chiqayotgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash zarur.

• Toshkent shahridagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oliy maʼlumotli pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyoj yuqori (5 697 nafar)ligini inobatga olib, 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab, oliy taʼlim muassasalariga “Maktabgacha taʼlim” bakalavriat yoʻnalishi boʻyicha maxsus sirtqi va kechki taʼlim yoʻnalishlariga qabul qilish kvotalarini oshirish hamda malaka oshirish markazida yiliga kamida 2 ta qayta tayyorlov kurslarini tashkil etish orqali oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojni bosqichma-bosqich qoplash.

• professional taʼlim muassasalarida mahalliy mehnat bozorining real ehtiyojlarini oʻrgangan holda kasb va mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash;

• professional taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oʻquvchi yoshlar uchun amaliy mashgʻulotlarning sifat va samaradorligini oshirish maqsadida xom-ashyo materiallari bilan taʼminlash choralarini belgilash

• Kasb va mutaxassisliklar boʻyicha hududlardagi tasarrufida boʻlgan ishlab chiqarish korxona va tashkilotlarda nazariy va amaliy mashgʻulotlarni uzviy olib borish maqsadida korxona va tashkilotlarda maxsus oʻquv va amaliyot xonalarini tashkil etish kabi vazifalar belgilab berildi.

Muhokamalar yakunida koʻtarilgan masalalar, Toshkent shahrida taʼlim sifatini yaxshilashga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni hal qilish boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqilib, bu borada aniq muddatli chora-tadbirlar rejasini tuzishga kelishib olindi.