× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Matematika fanining oʻquv dasturlarini takomillashtirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi
30.04.2021

photo_2021-04-30_20-05-05.jpg

Joriy yilning 30-aprel kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida matematika fani boʻyicha maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim oʻquv dasturlari va fanlarning uzluksizligini hamda uzviyligini taʼminlash boʻyicha davra suhbati tashkil etildi.

Unda Taʼlim inspeksiyasi, Oʻz FA matematika instituti, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi vazirliklari mutasaddilari, matematika fanida oʻquv dasturlarining uzluksizligi va uzviyligini taʼminlash boʻyicha jalb etilgan ekspertlar va olimlar ishtirok etishdi.

Tadbir davomida matematikani oʻqitish boʻyicha fan dasturlarini takomillashtirish, rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor tajribalarini singdirish va xalqaro tadqiqotlarga moslashtirish yuzasidan qator masalalar muhokama qilindi.

Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev davra suhbatini kirish soʻzi bilan ochib berar ekan, uzluksiz taʼlim tizimida matematika fani oʻqitilishining bugungi kundagi holati va istiqbolda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi.

photo_2021-04-30_20-06-53.jpg

– Bilamizki, bugungi kunda dunyoda hech bir soha matematikasiz rivojlana olmaydi. Davlatimiz rahbari topshirigʻi bilan bundan bir necha oy muqaddam uzluksiz taʼlimda uzviylikni taʼminlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga kirishdik.

Taʼlim tashkilotlari attestatsiyasi va reytingini aniqlash jarayonida oʻtkazigan sinovlarimiz yurtimizda matematika fani oʻqitilishi talab darajada emasligini koʻrsatmoqda. Qaysi taʼlim bosqichida boʻlishidan qatʼiy nazar oʻqituvchilar va oʻquvchilarning bilim darajasini oshirishimiz lozimligi ham koʻzga tashlanmoqda.

Shuning uchun ushbu fan oʻquv dasturlarini tashkil etish va amaliyotga joriy etishda amalga oshiradigan ishlarimiz juda dolzarb.

Bu orqali uzluksiz taʼlim tizimida matematika fanini oʻqitishga yangi havo olib kirishimiz mumkin, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

Taʼkidlash lozimki, bugungi kunda matematika fani boʻyicha mavjud oʻquv dasturlarini tahlil qilish va takomillashtirish boʻyicha 23 nafar eng tajribali va malakali olimlardan iborat ishchi guruhlar tashkil etilgan.

Shu jumladan, matematika fani boʻyicha ishchi guruh amaliyotchi olimlar va pedagoglar bilan hamkorlikda matematika fanining uzluksiz taʼlim tizimidagi oʻquv dasturlari oʻrganib chiqildi. Oʻrganishlar natijasiga koʻra, bugungi kunda mazkur fan boʻyicha takrorlangan mavzular 9 ta, uzviyligi taʼminlanmagan mavzular 29 ta, yangilanishi zarur mavzular 94 ta, olib tashlanadigan mavzular 43 ta, boshqa taʼlim turiga oʻtkaziladigani 20 ta ekanligi aniqlandi.

Mazkur koʻrsatkichlardan kelib chiqqan holda, fan dasturini takomillashtirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Ushbu konsepsiya boʻyicha yaratilgan oʻquv dasturlari Taʼlim inspeksiyasining uzviylik.tdi.uz muhokama portaliga joylashtirildi. Bugungi kunga qadar konsepsiyani yana-da takomillashtirish boʻyicha fuqarolar tomonidan 150 dan ortiq takliflar bildirildi.

Davra suhbati davomida mazkur kamchiliklarni bartaraf etish bilan bir qatorda oʻquv dasturlariga moslashtirish va dars jarayonlariga tatbiq etishda kun tartibida turgan muammolar va istiqboldagi vazifalarga ham toʻxtalib oʻtildi.

photo_2021-04-30_20-05-24.jpg

Xususan, taʼkidlanishicha, bugungi kunda fan dasturlarini amaliyotga joriy etishda ularning faqat “uzunligi” emas, “kengligi”ga ham eʼtibor qaratilishi lozim. Yaʼni oʻquv dasturlarining takomillashtirilishida, mavzularning xilma-xilligi bilan bir qatorda ularning mazmunan kengayib borishiga ham eʼtibor qaratiladi. Bunda, yaratilayotgan oʻquv dasturlari amaliyotchi oʻqituvchilar tomonidan aprobatsiyadan oʻtkazilishi ham koʻzda tutilmoqda.

Muhokamalar davomida shuningdek, matematikani oʻqitish boʻyicha nafaqat mahalliy balki Finlyandiya tajribasi ham muhokama qilindi. Maʼlum qilinishicha, fin maktablarida ushbu fanni oʻqitish uchun ajratilgan dars soatlari miqdori Oʻzbekistonga nisbatan ancha kam. Ammo oʻtkazilgan xalqaro tadqiqotlar natijalari boʻyicha mamlakatda taʼlim sifati va samaradorligi koʻrsatkichlari har doim yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda.

Bu borada Finlyandiya maktablariga dars soatlarini erkin taqsimlash imkoniyati berilishi bilan bir qatorda, taʼlim jarayonlarida metodikaga alohida eʼtibor qaratilganligi taʼkidlandi va bu orada amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Tadbir yakunida, matematika fani boʻyicha oʻquv dasturlarini takomillashtirishda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikr almashinib, tegishli vazifalar belgilab olindi.