× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Shveysariya Oʻzbekistonda professional taʼlimni rivojlantirish boʻyicha loyihani amalga oshiradi
04.05.2021

photo_2021-05-03_20-11-52.jpg

Joriy yilning 3-may kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Shveysariya elchixonasining Professional taʼlimni rivojlantirishga doir yangi loyixasi boʻyicha uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, Shveysariyaning Professional taʼlim sohasidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha loyiha rahbari Brike Stinxof hamda Shveysariya elchixonasining mamlakatimizdagi dasturlar milliy koordinatori Dildora Abidjanova va milliy ekspertlar ishtirok etdi.

Unda 2021-2033-yillar davomida “Oʻzbekistonda professional taʼlim islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” boʻyicha grant loyihasini amalga oshirishga doir hamkorlik yoʻnalishlari va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida Shveysariyaning Professional taʼlim sohasidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha loyiha rahbari Brike Stinxof Taʼlim inspeksiyasi rahbariyatiga samimiy qabul uchun tashakkur bildirar ekan, amalga oshirilishi kutilayotgan loyiha haqida qisqacha maʼlumot berdi:

photo_2021-05-03_20-11-54.jpg

– Helvetas kompaniyasi bugungi kunga qadar Qirgʻiziston va Tojikiston kabi qoʻshni mamlakatlar bilan izchil hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyib kelmoqda. Bunda asosiy eʼtibor qaratiladigan jihat: taʼlim va mehnat bozori oʻrtasidagi bogʻliqlikni taʼminlashdir. Mazkur loyiha Germaniya, Shveysariya va Avstriyada juda yaxshi samara bergan. Oʻylaymizki, yoshlarga sifatli taʼlim berish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan taʼminlashda Oʻzbekiston bilan amalga oshiradigan loyihalarimiz oʻz samarasini bermay qolmaydi, – dedi Shveysariyaning Professional taʼlim sohasidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha loyiha rahbari.

Oʻz navbatida, Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev professional taʼlimda kadrlar tayyorlash masalasi bugungi kun tartibida eng muhim masalalardan boʻlib turganini eʼtirof etar ekan, Shveysariya vakillari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbusni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

photo_2021-05-03_20-11-53.jpg

– Professional taʼlim bosqichida malakali kadrlar tayyorlash masalasi bugungi kunda oldiimizda turgan eng muhim masalalardan biri boʻlib turibdi. Bu borada Shveysariyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi bilan izchil hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyib kelmoqdamiz.

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Professional taʼlim tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, yoshlarni kasb-hunarga oʻqitish bilan bogʻliq boʻlgan normativ-huquqiy bazani tubdan qayta koʻrib chiqish va xalqaro andozalar asosida yangilarini yaratish boʻyicha bir qator ustuvor vazifalar ham belgilab berildi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda Taʼlim inspeksiyasi ham bevosita ishtirok etib kelmoqda.

Xususan, Taʼlim inspeksiyasi boshchiligida 20 dan ortiq mamlakatlarning tajribalarini oʻrgangan holda Oʻzbekistonda ilk bor Milliy kvalifikatsiya ramkasi hamda xalqaro andozalarga mos ravishda yangi shakl va mazmundagi “Professional standart”lar ishlab chiqildi. Bu esa professional taʼlim bosqichida malakali kadrlarni yangi texnologiyalar asosida tayyorlash imkonini beradi.

Albatta, pandemiya bilan bogʻliq vaziyat tufayli oldimizga qoʻygan rejalarimizni toʻliq amalga oshira olmadik. Ammo bu yoʻnalishda islohotlarni amalga oshirishda davom etamiz, – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.

Qayd etish lozim, Shveysariya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan mazkur loyihada vazirlik va idoralar bilan bir qatorda, biznes va xususiy sektor vakillarining ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad – Oʻzbekistondagi professional taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, oʻquvchilarda mehnat bozoriga yoʻnaltirilgan bilim va koʻnikmalarini shakllantirish va shu orqali ularni kelgusida iqtisodiyot tarmoqlarida munosib ish oʻrinlarini topish imkoniyatlarini kengaytirish hisoblanadi.

Shuningdek, ushbu jarayon professional taʼlimni boshqarish, professional taʼlimda sifatni taʼminlash, oʻqituvchilar malakasini oshirish va professional taʼlimga tadbirkorlik subyektlari va ish beruvchilarni jalb qilish kabi masalalarni oʻz ichiga oladi.

Uchrashuvda loyihani boshlash va amalga oshirish boʻyicha asosiy masalalar kelishib olindi.

Maʼlumot uchun: Helvetas Swiss Intercooperation – 1955-yilda rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam beruvchi Shveysariyaning mustaqil tashkiloti. Hozirda kompaniya dunyoning 32 mamlakatida oʻz loyihalariga ega.