× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Jismoniy tarbiya fanini takomillashtirish boʻyicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi
02.06.2021

photo_2021-06-02_10-05-00.jpg

Joriy yilning 1-iyun kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida jismoniy tarbiya fani boʻyicha uzluksiz taʼlim dasturlarining muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Unda Taʼlim inspeksiyasi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Respublika Taʼlim markazi mutasaddilari, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Namangan davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti professor oʻqituvchilari, metodistlar hamda amaliyotchi oʻqituvchilar ishtirok etishdi.

photo_2021-06-02_10-06-31 (2).jpg

Muhokamalar davomida har bir taʼlim bosqichida jismoniy tarbiya fani oʻqitilishining bugungi kundagi holati, jarayondagi muammolar va shakllantiriladigan yangi oʻquv dasturida eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan jihatlar boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.

Qayd etilishicha, jismoniy tarbiya fani boʻyicha ishchi guruh amaliyotchi olimlar va pedagoglar bilan hamkorlikda oʻrganishlar natijasiga koʻra, bugungi kunda mazkur fan boʻyicha takrorlangan mavzular 19 ta, uzviyligi taʼminlanmagan mavzular 29 ta, nazariydan amaliyga 9 ta, yangilanishi zarur mavzular 16 ta, olib tashlanadigan mavzular 1 ta, xalqaro tadqiqotlar boʻyicha kiritiladigan mavzular 56 ta, boshqa taʼlim turiga oʻtkaziladigani 15 ta ekanligi aniqlandi va dasturlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

photo_2021-06-01_21-57-53.jpg

Davra suhbatini kirish soʻzi bilan ochib bergan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev uzluksiz taʼlimning har bir bosqichida jismoniy tarbiya fanini sifatli oʻtilishi juda ham muhim ekanligi taʼkidlar ekan, uning ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdi.

– Mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish maqsad qilgan ekanmiz. Birinchi navbatda yoshlarimizning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishiga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim. Yoshlar jismonan sogʻlom boʻlsa, ularning bilim olishlari va kelgusida yetuk mutaxassis boʻlib yetishishlari uchun imkoniyatlari kengroq boʻladi.

Shu nuqtayi nazardan, Davlatimiz rahbari tomonidan ham mazkur sohaga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, oʻtgan toʻrt yil mobaynida yoshlar orasida jismoniy tarbiya va sportni targʻib qilish va ommalashtirish boʻyicha bir qator muhim qaror va farmonlar qabul qilingan.

Buning uchun bolalarning ilk yoshlarida har tomonlama toʻgʻri shakllanishini taʼminlovchi maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan tortib, ularning nafaqat jismoniy, balki tomondan aqliy rivojlanishida ham muhim ahamiyat kasb etuvchi umumtaʼlim muassasalari va kadrlarning yetuk mutaxassis boʻlib shakllanishida hal qiluvchi oʻrin tutuvchi oliy taʼlim muassasalaridagi oʻquv dasturlarining izchilligiga alohida eʼtibor qaratishimiz zarur.

Zero taʼlim tashkilotlarida jismoniy tarbiya fanini sifatli oʻqitish orqaligina bolalarimizda yoshligidan sogʻlom turmush tarziga boʻlgan qiziqishini va koʻnikmasini shakllantirish mumkin. Shuning uchun sohaning eng ilgʻor vakillari bilan mazkur fan boʻyicha oʻquv dasturlarining bugungi zamon talablariga mosligini taʼminlash uchun hamjihatlikda harakat qilishimiz lozim.

Bunda esa biz shu soha rivoji uchun xizmat qilib kelayotgan, eng ogʻir muammolarini chuqur anglagan, Siz ustozlarning bilim va tajribalaringizga tayanamiz, – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.

photo_2021-06-01_21-58-16.jpg

Taʼkidlanishicha, bugungi kunda zamon talablaridan kelib chiqib oʻquv dasturiga fanning falsafiy va metodologik jihatdan yangilanishini, taʼlim mazmuni va oʻqitish uslubiga nisbatan takomillashtirilgan, samarali boshqaruv usullarini ishlab chiqishni taqozo etadi.

Shu bilan birgalikda, mazkur fan boʻyicha mashgʻulotlarni tashkil etishda taʼlim bosqichlariaro oʻquv jarayonlarini tashkil etishda yuzaga kelayotgan qator muammolarga ham toʻxtalib oʻtildi. Xususan, ayrim maktabgacha taʼlim tashkilotlarida alohida sport zali mavjud emas yoki Jismoniy tarbiya va sport jihozlarining yetishmaydi.

Umumiy oʻrta taʼlim tizimida oʻquvchilarning, jismoniy rivojlanishi va jismoniy tayyorgarligi holati boʻyicha monitoring nazoratini olib borish uchun zamonaviy texnologiyalarga asoslagan oʻquv-uslubiy majmualari yaratish ishlari amalga oshirilmagan. Maktablarda sport zallarining zamonaviy jihozlari va inventarlari bilan jihozlanishi talab darajasida emas.

photo_2021-06-02_10-06-31.jpg

Professional taʼlim tizimida kasb-hunar maktablari, akademik litseylar va umumtaʼlim maktablarining yuqori sinflari uchun moʻljallangan oʻquv dasturlarini mazmunan birlashtirish, umumiy oʻrta taʼlim berilgan dasturdagi mavzular ketma ketligidan foydalangan holda akademik litsey uchun tuzilgan oʻquv dasturlarini takomillashtirish zarur.

Oliy taʼlim bosqichida jismoniy tarbiya fanini uchun ajratilgan dars soatlarining kamligi baʼzi OTMlarda ushbu fan uchun oʻqitilmayotgani qayd etildi. Shu bilan birgalikda, taʼlim samaradorligini taʼminlashga xizmat qiluvchi oʻquv-moddiy bazalar va oʻquv-uslubiy taʼminotni barpo etish, pedagog-kadrlarni oʻqitish va malakasini oshirish jarayonini tubdan qayta koʻrib chiqish va zamon talabiga mos kadrlarni tayyorlash, DTS, oʻquv va ishchi oʻquv fan dasturlarining davr talabiga koʻra takomillashuvidan kelib chiqib oʻquv adabiyotlarini yaratish va yaratilgan adabiyotlarni chop etish,jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari uchun tizimli ravishda xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda malaka oshirish va stajirovka jarayonlarini yoʻlga qoʻyish lozim.

Tadbir yakunida, jismoniy tarbiya fani boʻyicha oʻquv dasturlarini takomillashtirishda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikr almashinib, tegishli vazifalar belgilab olindi.