× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

QS agentligi mintaqaviy direktori bilan Oʻzbekiston OTMlarining reytingga kirishi masalalari muhokama qilindi
06.07.2021

QS umumiy.png

Xabaringiz bor, Taʼlim inspeksiyasi tomonidan Oʻzbekiston OTMlarini xalqaro reytinglarga kiritish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

2018-yildan beri shakllantirib kelinayotgan Milliy reyting tizimi ham xalqaro talablarni oʻzida mujassamlashtirgan boʻlib, oʻz navbatida milliy shart-sharoitlar, mahalliy islohotlar ham inobatga olingan.

Mazkur jarayonlarni yana-da takomillashtirish maqsadida Taʼlim inspeksiyasi rahbariyati va QS xalqaro reyting agentligi mintaqaviy direktori Sergey Xristolyubov oʻrtasida onlayn uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston OTMlarining QS reytingiga kirish borasidagi holati, islohotlar natijalari boʻyicha fikr almashildi.

Tadbir davomida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar, OTMlarni nufuzli xalqaro reytinglarga kiritish boʻyicha kun tartibida turgan masalalar boʻyicha toʻxtalib oʻtdi. Shu bilan birgalikda, bu borada Rossiya tajribasi keng oʻrganilayotganligi, hozirda Rossiya oliy taʼlim reformalari “5-100” loyihasi, “PRIORITET-2030” qarorlari chuqur tahlil qilinib, loyiha ekspertlari bilan yaqindan tajriba almashilayotganligi ham taʼkidlandi.

QS Tashkenbayev.png

Muhokamalarda qayd etilganidek, Rossiya tajribasida kuzatilgan koʻplab jarayonlar Oʻzbekiston uchun ham dolzarb hisoblanib, eng muhim jihatlardan biri, har ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalarida fundamental fanlar kengroq rivojlangan. Shu nuqtayi nazardan, ish beruvchilar talabi, xalqaro standartlarni inobatga olgan holda, ushbu bosqichdagi taʼlim sifati va samaradorligini oshirish uchun amaliy fanlar, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini oshirish muhim ahamiyatga ega.

Oʻz navbatida agentlik vakili Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oliy taʼlim tizimidagi ijobiy oʻzgarishlarni yuqori baholar ekan, universitetlar tomonidan xalqaro reyting agentligi bilan yaqindan hamkorlikning yoʻlga qoʻyilganligi, universitetlar profillarni toʻldirishdagi izchilliklar, ilmiy nashrlar sonini oʻsishi kabilar islohotlarning yaxshi samara berayotganligini taʼkidladi.

– Shuni alohida taʼkidlash joizki, mazkur jarayonlar nafaqat xalqaro reytingga kirish nuqtayi nazaridan, balki taʼlim sifatini oshirilishi yoʻlidagi mazmunan puxta reja, deb baholash mumkin. Shuningdek, Oʻzbekiston OTMlarining boshqa davlatlardagi nufuzli OTMlar tomonidan ijobiy baholanishlari, soʻrovnomalardagi ovoz beruvchilar sonining tobora ortib borayotganligi ham yaxshi koʻrsatkichlardan biri hisoblanadi.

Umid qilamizki, hozirgi ilmiy nashrlar sonining ortishi, albatta mazkur ilmiy ishlardagi sifatning ortishiga mos boʻlishi taʼminlanadi, – dedi Sergey Xristolyubov.

QS Xristolyubov.png

Maʼlumki reyting agentliklar tomonidan OTMlar reytingining Mintaqaviy, Institutsional- yaʼni xalqaro, Milliy va sohaviy turlari mavjud.

Hozirda QS mintaqaviy reytingiga kirgan 4 ta OTMning asosiy ijobiy koʻrsatkichi bu ularning xalqaro konferensiyalar materiallari toʻplamida chop etilgan ilmiy maqolalar soniga toʻgʻri keladi. Hozirda jami 400 ta OTM ishtirok etgan mintaqaviy reyting roʻyxatiga Oʻzbekistondan Qoraqalpoq davlat universiteti kirishga yaqin turibdi.

Institutsional reytingda esa Oʻzbekiston Milliy universiteti koʻrsatkichlari xalqaro reytingga kirishga juda yaqin qolmoqda.

Bu borada, universitetlar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklar ham koʻrsatib oʻtildi. Jumladan 2 ta universitet misolida notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilish holatlari kuzatilganligi, bu haqda kerakli mutasaddilar ogohlantirilganligi taʼkidlandi.

Shuningdek, reytingga kirish bu ixtiyoriy yoʻl bilan, sunʼiy ovoz yigʻish, natijalarni oshirib koʻrsatish bilan emas, shaffof, tasdiqlagan algoritmlar asosida sifatni taʼminlash orqali amalga oshirishi kerakligi qayd etildi.

Uchrashuvdan mintaqaviy direktor va inspeksiya mutaxassislari oʻrtasida reyting jarayonlari bilan bogʻliq savollar va muhokamalar ham oʻrin egalladi.

Suhbat davomida Oʻzbekistonning xalqaro ilmiy nashrlar boʻyicha koʻrsatkichlariga ham toʻxtalib oʻtildi. Scopus bazasidagi statistikalar shuni koʻrsatadiki, 2011-yilgacha Oʻzbekistonning ilmiy nashrlar boʻyicha koʻrsatkichi Markaziy Osiyo boʻyicha eng yuqori boʻlgan. 2012-yildan Qozogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim tizimini takomillashtirishga qaratilgan qarorlar va chora-tadbirlar natijasi oʻlaroq, ilmiy koʻrsatkichlarda keskin oʻsishlar qayd etildi. Jumladan Qozogʻistonning nufuzli xalqaro ilmiy jurnallardagi materiallar soni yiliga 6000 dan ortiq, Oʻzbekiston esa 2018-yildan boshlab yana oʻsishda davom etmoqda, hozirda bu koʻrsatkich 3500-4000 tani tashkil etmoqda.

Shuningdek yaqin kunlarda Oʻzbekistonlikning 10 ta OTMda reyting jarayonlariga bagʻishlangan seminar-treninglar oʻtkazish rejasi ustida ishlanmoqda.