× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Oʻzbekiston Xalq oʻqituvchisi Toʻxtamurod Jumayev vafoti munosabati bilan hamdardlik
14.07.2021


Mamlakatimizning taʼlim-tarbiya tizimini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan Oʻzbekiston Xalq oʻqituvchisi “Qorakoʻl maktabi” asoschisi Toʻxtamurod Jumayev 76 yoshida vafot etdi.

Toʻxtamurod Jumayev qariyb 60 yil davomida mohir pedagog va tajribali rahbar sifatida umrini yosh avlodga bagʻishlab keldi. Bolalarga bilim berishni, yosh qalblarda ilmga mehr uygʻotishni hayotining mazmuni deb bildi.

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan kunlardan boshlab birinchilardan boʻlib ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktab-internatini tashkil qildi. Uzoq yillar isteʼdodli oʻquvchilar bilan ishlash, ularni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish borasida ibratli ishlarni amalga oshirib, Respublikamizda alohida oʻringa ega boʻlgan Buxoro viloyatidagi xalqaro matematika faniga ixtisoslashtirilgan “Qorakoʻl maktabi” asoschisi sifatida taʼlim muassasasini jahonga tanitdi.

Hozirga qadar litseyning 3114 nafar bitiruvchisi, respublika oliy oʻquv yurtlarida, 56 nafari esa xorijiy davlatlar universitetlarida tahsil olgan. Litseyning oʻquvchilari jahon va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli oʻrinlarni egallab Vatanimiz nomini dunyoga tanitmoqdalar.

T.Jumayevning taʼlim-tarbiya tizimini isloh qilish, rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Marhumning oila aʼzolariga, yaqinlariga, taʼlim sohasidagi barcha hamkasblariga chuqur hamdardlik bildiramiz.

Mahoratli pedagog, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon va talabchan ustozi Toʻxtamurod Jumayevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish 
davlat inspeksiyasi