× Карта сайта
Sound
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

Чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Maxsus imkoniyatlar Maxsus imkoniyatlar

Jahon bankining Oʻzbekistonda oliy taʼlimni modernizatsiya qilish loyihasi muhokama qilindi
17.07.2021

1.png

Joriy yilning 16-iyul kuni oliy taʼlimni modernizatsiya qilish loyihasi boʻyicha Jahon bankining navbatdagi missiyasi yakunlariga bagʻishlangan onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Rahimjon Hakimov hamda Jahon bankining global taʼlim amaliyoti boʻyicha katta mutaxassisi, loyiha rahbari Diyego Ambaj, taʼlim sifati boʻyicha konsultant Xaviyer Botero va oliy taʼlimni boshqaruv tizimi boʻyicha mutaxassis Xusayn Abdul Hamidlar ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda taʼlim sifatini taʼminlash tizimini takomillashtirish, OTMlarga boshqaruv axborot tizimini joriy etish hamda ularga akademik mustaqillik berish bilan bogʻliq qator masalalar muhokama qilindi.

Muhokamalar davomida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev mazkur jarayonlarda xalqaro ekspertlarning amaliy koʻmagini alohida eʼtirof etar ekan, loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi:

2.png

– Prezidentimizning tashabbuslari bilan Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimini tubdan isloh qilishga katta eʼtibor qaratib kelinmoqda. Mazkur jarayonlar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi koʻzda tutilgan boʻlib, dastlabki bosqich qamrovni oshirish, OTMning moliyaviy holatini yaxshilash, professor-oʻqituvchilarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada faqatgina raqamlar bilan cheklanib qolmasdan, oliygohlarda sifat koʻrsatkichlarini muntazam oshirib borish ham ustuvor yoʻnalishlardan biri etib belgilangan.

Jahon banki moliyaviy va texnik koʻmagi asosida amalga oshirilayotgan Oliy taʼlimni modernizatsiya qilish loyihasi esa belgilangan ushbu vazifalarni amalga oshirishda alohida oʻrin tutadi.

Oʻtgan ikki yil davomida masʼul vazirlik va oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda oliy taʼlimni boshqaruv axborot tizimi ishlab chiqildi va bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Shuningdek, Taʼlim sifatini ichki va tashqi taʼminlash tizimlari ilgʻor xorijiy tajriba va milliy xususiyatlarni inobatga olgan holda takomillashtirilmoqda.

Shu bilan birgalikda, taʼlim muassasalariga akademik mustaqillik berish, ularning taʼlim sifatiga boʻlgan javobgarlik hissini ragʻbatlantirish boʻyicha katta qadamlar tashlanmoqda. Akademik mustaqillik berish taʼlim sifatini taʼminlash tizimini ham taqozo qiladi. Ushbu jarayonlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish uchun taʼlim sifatini tashqi taʼminlash standartlari ishlab chiqildi.

Bu esa oʻz navbatida oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini ichki taʼminlash tizimi mukammal ishlashini talab etadi. Bu bir tomondan ularga katta erkinlik bersa, ikkinchi tomondan taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha katta masʼuliyat belgilamoqda, – dedi, Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

Oʻz navbatida Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha rahbari Diyego Ambaj Oʻzbekistonning oliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish borasida erishgan natijalarini alohida eʼtirof etar ekan, hamkorlikning istiqboldagi yoʻnalishlariga ham toʻxtalib oʻtdi.

3.png

– Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida juda koʻp yaxshi natijalarni qayd etdi. Endi yangi loyihalarga investitsiya kiritishdan oldin, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab olishimiz kerak. Agar barcha tomonlar uchun maʼqul boʻlsa, oktyabr oylariga Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Taʼlim inspeksiyasi va hamkor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda oliy taʼlim masalalariga bagʻishlangan forum tashkil etishimiz, istiqboldagi rejalarni belgilab olishimizda muhim qadam boʻlib xizmat qilishi mumkin.

Shu bilan birgalikda, mazkur jarayonlarni yana-da jadallashtirish uchun oliy taʼlim sohasida mintaqaviy hamkorlik aloqalarini ham rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu hamkorlik aloqalari faqat bir mamlakatning oʻzida emas, mintaqadagi taʼlim sifati koʻrsatkichlarining oʻsishiga hamda oliy taʼlim boʻyicha hamkorlikni kengaytirish, professor-oʻqituvchilar va talabalar oʻrtasidagi mobillikni oshirish, taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha jarayonlarni oʻzaro muvofiqlashtirishga xizmat qiladi. Chunki qoʻshni davlatlar taʼlim tizimida ham Oʻzbekistondagi kabi muammolar mavjud. Ushbu muammolarni esa faqat kuchlarni birlashtirgan holda, hal qilishimiz mumkin.

Umid qilamizki, mazkur loyiha yakunlanganida yaʼni 2022-yil soʻngiga kelib, Oʻzbekistonda taʼlim sifatni taʼminlashga qaratilgan yangi akkreditatsiya tizimiga yoʻlga qoʻyilishiga erishamiz, – dedi Jahon banki vakili.

Uchrashuv yakunida, koʻtarilgan masalalar boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.