× Карта сайта
Звуковое сопровождение

На сайте присутствует звуковое сопровождение.

чтобы прослушать текст необходимо выделите его мышкой

Версия для слабовидящих

Yevropa ittifoqi parlamenti va Oʻzbekiston oʻrtasida taʼlim sohasida aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

25-го октября 2021

Screenshot_1.png

Joriy yilning 25-oktyabr kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Polshalik kuzatuvchilar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Taʼlim inspeksiyasi rahbariyati va mutasaddilari hamda “Oʻzbekiston-Yevropa ittifoqi doʻstlik guruhi” raisi, Yevro deputat Rishard Charneskiy, Varshava Menejment universiteti rektori Pavel Charneskiy, universitet asoschisi Mixal Glachinskiylar ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida Yevropa ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasida taʼlim sohasida aloqalarni rivojlantirish hamda Varshava Menejment universiteti Andijon filialini tashkil etilishidagi jarayonlar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev nufuzli Polsha vakillariga Oʻzbekistonda taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berib, mamlakatimiz va Yevropa ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarining yangi yoʻnalishlariga toʻxtalib oʻtdi.

Screenshot_2.png

– Taʼlim inspeksiyasi faoliyatining ilk yillaridan boshlab, Oʻzbekistonda taʼlim sifati va samaradorligini oshirish boʻyicha qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Bu borada dunyoning rivojlangan mamlakatlarining ilgʻor tajribalari izchil oʻrganilib kelinmoqda.

Xususan, nufuzli reyting agentliklari bilan amalga oshirilgan bir qator hamkorlik loyihalari natijasida oliy taʼlim muassasalarining milliy reytingi tizimi tashkil etildi. Shuningdek, OTMlarda taʼlim sifatini baholashning institutsional tizimi ham joriy etildi.

Taʼlim sifatini taʼminlash tizimini Yevropa talablari darajasida joriy etish maqsadida Davlat inspeksiyasi 2020-yilda Oliy taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha Yevropa assotsiatsiyasiga (ENQA) kuzatuvchi sifatida kiritildi.

Ishonchim komilki, bugungi uchrashuv koʻp tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam boʻlib xizmat qiladi va belgilangan vazifalar muvaffaqiyatli amalga oshiriladi.

Oʻz navbatida “Yevropa Ittifoqi — Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi raisi Rishard Charneskiy ham mazkur yoʻnalishda oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

Screenshot_3.png

– Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning Yevropa ittifoqi doʻstlik guruhiga aʼzo boʻlgan ikki mamlakatidan biri hisoblanadi. Ushbu guruhning asosiy vazifasi Yevropa ittifoqi mamlakatlarining xalqaro hamkorlik yoʻnalishlarini kengaytirishdir.

Shu nuqtai nazardan taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda mamlakatingizda amalga oshirilayotgan islohotlar tahsinga loyiq. Mazkur jarayonlarda esa Taʼlim inspeksiyasining ham oʻz oʻrni mavjud ekanligini eʼtirof etish lozim.

Yevropa ittifoqi tomonidan 6 yil davomida Oʻzbekistonga 168 million yevro atrofida moliyaviy koʻmak koʻrsatildi. Oʻzim polshalikman va Oʻzbekistonda qadrdon shahrim nomi bilan ataladigan Varshava Menejment universiteti filialining tashkil etilishi men uchun alohida ahamiyatga ega.

Shuningdek, Yevropa parlamenti aʼzosi sifatida Yevroittifoq mamlakatlarining mamlakatingizga koʻproq investitsiyalar kiritishi, bu yerdagi tizimning shaffofligi va hamkorlik aloqalari uchun ochiqligi bilan bogʻliq. Universitet kanslerlari kengashi raisi sifatida aytishim mumkinki, mamlakatingizda kadrlar tayyorlar boʻyicha yangicha yondashuvlarni tatbiq qilish bizning asosiy maqsadlarimizdan biridir. Ishonchim komilki, biz bilan amalga oshirilayotgan mazkur yirik investitsion loyiha boshqa Yevropa davlatlari uchun kelgusidagi taʼlim investitsiyalarining Oʻzbekistonga qaratilishda namuna boʻlib xizmat qiladi – deydi “Yevropa Ittifoqi — Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi raisi Rishard Charneskiy.

Shuningdek, Yevropa parlamenti aʼzosi Oʻzbekiston va Polsha mamlakatlari oʻrtasida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish boʻyicha oʻxshash jihatlar mavjudligini taʼkidlab, Taʼlim inspeksiyasi vakillarini Polshaga taklif qildi.

Maʼlumot oʻrnida, “Yevropa Ittifoqi — Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi siyosiy, ishbilarmon doiralar, shuningdek, fuqarolik jamiyati vakillari oʻrtasida yuqori darajadagi muloqotni taʼminlash orqali Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi aloqalarni yanada yaqinlashtirishda mustaqil platforma hisoblanadi. Doʻstlik guruhi faoliyati madaniyat, taʼlim, ilm-fan sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni, shuningdek, fuqarolar oʻrtasida aloqalarni rivojlantirish, keng doiradagi konstruktiv uchrashuvlar va parlament diplomatiyasi orqali Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi institutlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni kuchaytirishga qaratilgan.

Taʼkidlash lozim, Varshava menejment universiteti 2018-yilda tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda universitetning Andijon viloyatidan tashqari Poznan (Polsha), Rjetsov(Polsha), Praga(Chexiya), Fridek-Mistek(Chexiya) va Bratislava(Slovakiya) shaharlarida filiallari mavjud.

Bugungi kunda universitetning Andijon shahridagi filialida dastlabki bosqichda 6 ta taʼlim yoʻnalishlari, jumladan “Moliya va buxgalteriya hisobi”, “Transport va logistikada menejment”, “Xalqaro biznes va marketing”, “Turizm, mehmonxona ishi va umumiy ovqatlanishda menejment va marketing”, “Kichik va oʻrta biznesni boshqarish”, “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari” bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha talabalar qabuli amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. 2021-2022 oʻquv yilida mazkur yoʻnalishlarga 500 nafar talaba qabul qilinadi.