× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

“Taʼlimdagi xalqaro tadqiqotlarning Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi axborot xati

26 Mart 2022

Hurmatli ishtirokchilar, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi sizni 2022-yil 11-12-aprel kunlari Toshkent shahrida oʻtkaziladigan “Taʼlimdagi xalqaro tadqiqotlarning Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etish uchun taklif qiladi.

Ushbu xalqaro konferensiya Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) oʻrtasida imzolangan shartnoma asosida 2022-yil aprel-may oylarida Oʻzbekiston umumtaʼlim muassasalarida “Oʻquvchilarni baholash xalqaro PISA 2022 dasturi” asosiy sinov jarayonlarining ramziy ochilishiga bagʻishlanadi.

Xalqaro konferensiya tashkilotchilari: Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD), YUNISEF, YUNESKO

Xalqaro konferensiyaning maqsadi: Oʻzbekistonda taʼlimdagi islohotlar haqida xalqaro hamjamiyatning xabardorligini oshirish, mamlakatimizning taʼlimga oid nufuzli xalqaro reytingda namoyon boʻlishi hamda nufuzining mustahkam-lanishiga erishishning ilmiy asoslarini yaratish. Taʼlim sifatini baholash tizimini takomillashtirishda xalqaro talablarni joriy qilish.

Xalqaro tadqiqotlarda mamlakat ishtirokining muhimligi va ularning inson kapitalini rivojlantirish hamda yurtimizning strategik rivojlanishidagi ahamiyati haqida jamoatchilikni xabardor qilish. Shuningdek, taʼlim sohasidagi yirik xalqaro tashkilotlar va nufuzli ekspertlarning fikrlari va tavsiyalarini olish hamda Oʻzbekistonning xalqaro miqyosda nufuzini yuksaltirish orqali xorijiy investitsiyalar oqimini kengaytirishdan iborat.

Xalqaro konferensiyaning dolzarbligi: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2019-yil 29-apreldagi PF-5712-son farmoniga koʻra Oʻzbekistonning Oʻquvchilarni baholash xalqaro PISA dasturi reytingida jahonning birinchi 30 ta ilgʻor mamlakatlari qatoriga kirishiga erishish maqsadlari belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Xalq taʼlimi tizimida taʼlim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 8-dekabrdagi 997-son qaroriga muvofiq taʼlim tizimida oʻqish, matematika va tabiiy-ilmiy yoʻnalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini rivojlantirishning innovatsion metodlarini ishlab chiqish va joriy etishga yoʻnaltirilgan ilmiy izlanishlar olib borish, taʼlim sifatini baholash sohasida xalqaro aloqalarni oʻrnatish, hamkor loyihalarni amalga oshirish, xalqaro ilmiy anjumanlar va simpoziumlarni tashkil etish, xalqaro baholash dasturlarini taʼlim jarayoniga joriy etish, ushbu sohadagi ilgʻor tajribalarni ommalashtirish hamda uning asosida taʼlim muassasalari uchun tavsiyalar va qoʻllanmalar ishlab chiqishda ishtirok etish vazifalari dolzarb masala sifatida qayd etilgan.

Xalqaro konferensiya quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha maqolalarni qabul qiladi:

Inson kapitalini rivojlantirish

Taʼlim sifatini oshirishda xalqaro tadqiqotlarning ahamiyati (PISA, PIRLS, TIMSS, TALIS);

Oʻquvchilarning amaliy koʻnikmalari, kreativligini baholash va rivojlantirish (PISA misolida);

Taʼlim sifatini baholash tizimini takomillashtirishda xalqaro tajriba;

Oʻquvchilarning oʻqish savodxonligini baholash va rivojlantirish (PIRLS, PISA);

Oʻquvchilarning matematik va tabiiy-ilmiy savodxonligini baholash va rivojlantirish (PISA, TIMSS misolida);

Maktablarda boshqaruv tizimi va muhitini yaxshilash, oʻqituvchilar maqomini oshirish (TALIS misolida).

Xalqaro konferensiyaning rasmiy tillari: oʻzbek, rus, ingliz tillari.

Konferensiyada xalqaro va xorijiy tashkilotlar ekspertlari, mahalliy vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlari, oliy taʼlim muassasalari professor oʻqituvchilari, umumtaʼlim maktablari pedagoglari, yosh olimlar, tayanch doktorantlar hamda mustaqil izlanuvchilar, taʼlim tizimi boshqaruv organlari vakillari tomonidan yuborilgan maqolalar qabul qilinadi.

Maqolalar 2022-yil 5-aprelgacha pisa2022conference@gmail.com elektron pochtasi hamda @pisa2022conference telegram manziliga yuborilishi mumkin.

Axborot xati

Информационное письмо

Information letter