× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Yangiliklar

Maʼlumki, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan soʻnggi 4 yilda oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish, taʼlim sifatini yanada yuqori bosqichga olib chiqish va ularni xalqaro reytinglarga kirishiga har tomonlama koʻmaklashish uchun oliy taʼlim muassasalarining Milliy reytingi eʼlon qilib borilmoqda. Mazkur reyting doirasida oliy taʼlim muassasalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini baholash hamda kuchaytirish shuningdek, mehnat bozorida malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojlarni oʻrganish maqsadida ish beruvchilar oʻrtasida onlayn soʻrovnoma tashkil etib kelinadi. Joriy yilning 3-avgust kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan ushbu masala yuzasidan videokonferensiya tashkil etildi. Unda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, tegishli boshqarma va boʻlim boshliqlari hamda 1 000 nafardan ortiq turli tashkilotlar rahbarlari, vakillari ishtirok etishdi. Konferensiya davomida oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari sifatiga baho berish uchun oʻtkazilayotgan soʻrovnomada qatnashish boʻyicha tegishli tavsiyalar bildirib oʻtildi. Tadbirni kirish soʻzi bilan ochib bergan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev mazkur soʻrovnomaning oliy taʼlim muassasalarining milliy reytingini aniqlashdagi oʻrniga toʻxtalib oʻtar ekan, bu borada barcha tomonlarni izchil hamkorlikka chaqirdi. “Mamlakat kelajagi, barcha sohalar va loyihalar muvaffaqiyati bilimli insonlarga bogʻliq. Shu nuqtayi nazardan milliy reyting tizimida ish beruvchilar soʻrovnomasi muhim va yuqori darajadagi indikatorlardan biri hisoblanadi. Joriy yilda tashkil qilinayotgan onlayn soʻrovnoma avvalgisidan farqli, real vaqt rejimida amalga oshiriladi va bunda ish beruvchi idora yoki tashkilotlar oʻzlarining elektron kaliti orqali tizimga kiradilar va qatnashadilar. Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida toʻrtinchi yoʻnalish sifatida aynan inson kapitalini rivojlantirishga eʼtibor qaratilishi ham bejiz emas. Chunki aynan oliy taʼlim muassasalari taraqqiyot lokomotivi sifatida mehnat bozorini malakali kadrlar bilan taʼminlashi lozim”, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi. Taʼkidlash joizki, Joriy yilgi reytingda 92 ta oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan 23 ta filiallar ishtirok etmoqda. Oʻtkazilayotgan onlayn soʻrovnoma avvalgisidan farqli tarzda survey.tdi.uz sayti orqali real vaqt rejimida amalga oshiriladi. Bunda ish beruvchi idora yoki tashkilotlar oʻzlarining elektron raqamli imzo orqali tizimga kiradilar va soʻrovnoma toʻldirishadi. Ish beruvchilarning ortiqcha vaqtini olmaslik va soʻrovnomada qatnashishi samarali boʻlishi uchun oliy taʼlim muassasalari sohalarga boʻlib chiqilgan. Har bir ish beruvchi idora faoliyat yoʻnalishiga qarab oliy taʼlim muassasalari sohalari bilan biriktirildi. Ish beruvchilarga bitta oliy taʼlim muassasasiga bir marta baho berish imkoniyati beriladi va barcha maʼlumotlar avtomatik tarzda maxsus elektron bazaga kelib tushadi. Joriy yilgi soʻrovnomaga kamida 50 nafar xodimi boʻlgan 16 000 tadan ortiq idoralar shu jumladan, xususiy tashkilotlar ham jalb qilinishi rejalashtirilgan. Soʻrovnoma shu yilning 15-avgustiga qadar davom etadi va uning natijalari joriy yilda oliy taʼlim muassasalari milliy reytingini aniqlashda inobatga olinadi.
Joriy yilning 2-avgust kuni Toshkent viloyatida “Pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish vazifalari” yuzasidan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamkorligida oʻquv-seminar boʻlib oʻtdi. Unda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, xalq taʼlimi boshqarmasi mutasaddilari hamda tuman (shahar) lar taʼlim sifati monitoringi boʻlimi bosh inspektorlari va taʼlim muassasalari oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlari, oʻqituvchilar ishtirok etdi. Seminar davomida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari yuzasidan savol-javoblar orqali tegishli tartibda tushunchalar berildi. Tadbir yakunida pedagoglarni qiziqtirgan savollarga masʼullar tomonidan atroflicha javob qaytarildi hamda bu borada istiqboldagi rejalar belgilab olindi.
Joriy yilning 29-iyul kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Xalq taʼlimi vazirligi va Nodavlat taʼlim muassasalari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlar rahbarlari ishtirokida respublika seminari oʻtkazildi. “Nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik hamda taʼlim sifati va samaradorligini oshirish” mavzusida tashkil qilingan seminarda poytaxtimizdagi va Toshkent viloyatidagi nodavlat maktablarning rahbarlari inspeksiya binosidan ishtirok etishgan boʻlsa, hududlardagi nodavlat maktablarning direktorlari videokonferens aloqa orqali onlayn tarzda qatnashdi. Seminarni kirish soʻzi bilan ochib bergan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev ushbu seminar yangi oʻquv yili oldida nodavlat maktablarga amaliy yordam koʻrsatish, muammolarni tinglash va ularni birgalikda hal qilish boʻyicha takliflar tayyorlash maqsadida oʻtkazilayotgani maʼlum qildi. “Yurtimizdagi nodavlat taʼlim tashkiloti soni oshishi bilan birga ular oʻrtasida raqobat muhiti shakllanmoqda. Sogʻlom raqobat, bu — taʼlim sohasida taʼlim sifati, madaniyatini shakllantiruvchi, oʻzini oʻzi rivojlantirishga muhit yaratuvchi koʻrinmas kuchdir. Qolaversa, xususiy sektor davlatning taʼlim xizmatlari bilan taʼminlash yukining bir qismini oʻziga olgan holda xalqimizning taʼlim olishga boʻlgan ehtiyojlarini qondirmoqda. Bundan tashqari, sinalgan xalqaro standartlar asosida taʼlim berish, ilgʻor taʼlim texnologiyalari va resurslari sohaga aynan nodavlat taʼlim tashkilotlari orqali faol tarzda kirib kelmoqda. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, oʻzining qimmatli sarmoyasini aynan farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasiga yoʻnaltirilgan insonlarni haqiqiy vatanparvar fidoiylar desak mubolagʻa boʻlmaydi. Nodavlat taʼlim xizmatlari sohasida faqat pul topishni asosiy maqsad qilganlar katta muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Sifatli taʼlim xizmatlarini koʻrsatib, oʻquvchilarga yuqori darajada bilim berayotgan, ota-onalarni, xalqimizni rozi qilib, ularning duosini olayotganlargina uzoq yillar yaxshi natijaga erishib, koʻzlagan maqsadlariga yetishmoqda. Yangi oʻquv yili oldidan uchrashuvdan maqsad ham nodavlat maktablar faoliyatiga xalal berayotgan muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilab olish hamda metodik yordam koʻrsatishdir”, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi. Shundan soʻng, inspeksiya, vazirlik va assotsiatsiyaning masʼul xodimlari nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyatini uslubiy jihatdan toʻgʻri tashkil etish, oʻzaro tajriba almashish, amaldagi huquqiy meʼyoriy hujjatlarga amalga qilish va ular faoliyatining tahlili natijalari maʼruza qilishdi. Xususan, Taʼlim inspeksiyasi tomonidan respublikamizdagi nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyatini oʻrganish davomida ayrim nodavlat taʼlim tashkilotlarida aniqlangan qonun buzilishlari va litsenziya talablariga amal qilmaslik holatlari boshqa muassasalarda ham takrorlanmasligi uchun oʻqib eshittirildi. Erkin muloqot tarzida tashkil qilingan seminarda nodavlat maktablarning muassislari va direktori ular faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga toʻsqinlik qilayotgan ayrim muammolar boʻyicha amaliy yordam koʻrsatishni soʻrashdi va bir qator takliflar bildirishdi. Xususan, yakunlangan oʻquv yilida ayrim sinflardagi darslik va mashq daftarlarning kech yetkazib berilgani, ayrim darsliklarda xatolar uchrashi aytib oʻtildi. Shuningdek, pedagoglar uchun bir yilda 36 soatlik majburiy malaka oshirish belgilangani, biroq onlayn malaka oshirish platformasi faoliyati rus tilida yoʻlga qoʻyilmagani va malakasini oshirish faoliyati bilan shugʻullanadigan nodavlat taʼlim tashkilotlari reyestri tasdiqlanmaganligi bir qator noqulayliklar tugʻdirayotgani taʼkidlandi. Bundan tashqari, maktablarda yangi joriy qilingan tabiiy fan (SCIENCE) boʻyicha oʻqituvchilar malakasi oshirilmagani sabab kelgusida uni sifatli oʻqitishda muammolar kuzatilishi mumkinligi aytib oʻtildi. Muloqot davomida nodavlat maktablarning oʻqituvchilari pedagog kadrlar attestatsiyasida faqatgina ixtiyoriy tarzda ishtirok etishi, ular majburiy attestatsiyaga jalb qilinmasligi tushuntirildi. Yakunda nodavlat maktablar faoliyatini samarali tashkil qilishga toʻsqinlik qilayotgan muammolar boʻyicha zarur choralari koʻrilishi taʼkidlandi hamda ularni qiziqtirgan mavzular boʻyicha seminarlarni doimiy tarzda tashkil qilib borishga kelishib olindi.
Joriy yilning 28-iyul kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Buyuk Britaniyaning Oliy taʼlim sifatini taʼminlash agentligi (Quality Assurance Agency for Higher Education, QAA) vakillarining onlayn-uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistonning Londondagi elchixonasi koʻmagida tashkil qilingan tadbirda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev hamda inspeksiyaning tegishli boshqarma va boʻlim boshliqlari, Britaniya tomonidan agentlikning Akkreditatsiya va konsalting boʻlimi boshligʻi Elison Fels xonim, siyosiy masalalar boʻyicha mutaxassis Rozi Kennedi xonim hamda Biznesni rivojlantirish, xalqaro va professonal xizmatlar boʻlimi boshligʻi Djuli Till xonim ishtirok etdi. Uchrashuvda ikki tashkilot oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va Britaniyaning oliy taʼlim sifatini baholash boʻyicha ilgʻor tajribasi oʻrganish masalalari muhokama qilindi. Muloqot avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev QAA agentligi vakillariga Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasida taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini modernizatsiya qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, shuningdek, milliy oliy taʼlim muassasalarida sifatni yaxshilash orqali ularning nufuzini oshirish, xalqaro reytinglardan oʻrin olishlariga koʻmaklashish boʻyicha istiqboldagi rejalar haqida batafsil maʼlumot berib oʻtdi. «Soʻnggi yillarda yurtimizdagi oliy taʼlim tashkilotlari soni va yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish foizi bir necha barobarga oshdi. Hozirgi paytda oldimizga turgan dolzarb vazifa ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrgangan holda ortiqcha qogʻozbozlik va byurokratiyadan holi taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini yoʻlga qoʻyish sanaladi. Buning uchun inspeksiya tomonidan qator ilgʻor davlatlarning tajribalari oʻrganib kelinmoqda. Xususan, ilgʻor xorijiy tajribalar asosida taʼlim tashkilotlarining akkreditatsiyalashning yangi institutsional tizimi joriy etildi. Janubiy Koreya, AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yevropa ittifoqi, ENQA xalqaro sifat agentligi tajribalari asosida takomillashtirilgan ushbu yangi tizim xalqaro tan olingan ISO 9001/29990 va Yevropa Ittifoqi standartlariga (ESG) uygʻunlashtirildi. Natijada, xalqaro taʼlim agentliklari ENQA (Yevropa taʼlim kafolati agentliklari tizimi) va EQAR (Oliy taʼlimda sifatni taʼminlash Yevropa reyestri) tashkilotlariga aʼzo boʻlishga va ENIC-NARIC xalqaro taʼlim sifati axborot tarmogʻiga kirish imkoniyati yaratildi. Hozirgi paytda Buyuk Britaniyaning Oliy taʼlim sifatini taʼminlash agentligi (Quality Assurance Agency for Higher Education, QAA) tomonidan ishlab chiqilgan Oliy taʼlimning sifat kodeksi va standartlarini oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Bugungi uchrashuvimizda ushbu jarayonlar boʻyicha savol va takliflarimizga javob olamiz hamda tashkilotlarimiz oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyamiz degan umiddaman», –deydi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi. Oliy taʼlim sifatini taʼminlash agentligi (QAA) vakillari Angliyadagi oliy taʼlim sifatini nazorat qilish tizimi, bu borada erishilgan yutuqlar haqida maʼlumot berib, mazkur yoʻnalishda inspeksiyaga yaqindan yordam koʻrsatishga tayyor ekanliklarini maʼlum qilishdi. Uchrashuv davomida inspeksiya vakillarining Buyuk Britaniyada oliy taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollariga QAA xodimlari batafsil javob qaytarishdi. Jumladan, QAA tomonidan OTMlarda oʻtkazilgan baholash natijalariga koʻra aniqlangan kamchiliklar va yoʻl qoʻyilgan xatoliklar kelgusida qanday oqibatlarga olib keladi degan masalada: Tegishli ravishda OTMlarni qabul kvotalarini belgilashda, toʻlov -kontrakti miqdorini kelishishda inobatga olinishi, qatʼiy choralar jumladan OTMlarga moddiy jarima choralari qoʻllanishi, hattoki universitet maqomi toʻliq bekor qilinishi mumkinligi maʼlum qilindi. Yakunda tomonlar hamkorlik yoʻnalishlari boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqishga va muhokama qilishga kelishib olishdi. 1997-yilda tashkil etilgan QAA Buyuk Britaniyaning mustaqil davlat agentligi boʻlib, unda 200 dan ortiq mutaxassis xodimlar va 4500 dan ortiq ekspertlar jamoasi faoliyat koʻrsatadi. QAA tarmogʻiga 300 dan ortiq OTMlar aʼzo boʻlib, har bir OTM oʻzidagi talabalar sonidan kelib chiqqan holda muntazam ravishda yillik aʼzolik badalini toʻlaydi. QAA oliy taʼlim standartlari va sifatini tekshiradi, sifat baholash boʻyicha oʻrganishlar olib boradi va taʼlim muassasalari uchun yoʻriqnomalar ishlab chiqadi.