× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Maktablar reytingi maqsadi jazolash emas, balkim amaliy yordam koʻrsatish va ragʻbatlantirishdir

9 Fevral 2022

Blogerlar Nurbek Alimov va Bahodir Ahmedov telegram kanallarida Marhamat tumanida oʻqituvchilar bilan sodir boʻlgan holat yuzasidan munosabat bildira turib maktablar reytingi haqida turli fikrlar bildirilgan.

Taʼlim inspeksiyasi ushbu masala yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi:

Birinchidan, Hukumat qarori (345-son, 03.06.2021-y.) bilan tasdiqlangan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan maktablar reytingi aniqlashda quyidagi 8 ta koʻrsatkich inobatga olinadi:

1.1. 11-sinf bitiruvchilari tomonidan OTMlarga kirishda toʻplagan oʻrtacha ballari (bunda bitiruvchi OTMga kirgani yoki kirmagani ahamiyatsiz) – 10 ball;

1.2. OTMga oʻqishga kirganlar salmogʻi – 10 ball;

2. Oʻquvchilarining chet tilini bilish darajasi – 10 ball;

3. Oʻqituvchilarning chet tilini bilish darajasi – 10 ball;

4. 11-sinf bitiruvchilarining bandligi – 10 ball;

5. Oʻquvchilar oʻrtasida sodir etilgan jinoyatlar ulushi (Bosh prokuratura maʼlumoti asosida) – 10 ball;

6. Pedagoglarning sifati (salohiyati) – 20 ball;

7. Maktablar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va oʻquv-tarbiyaviy muhitni qoʻllab-quvvatlash uchun tuman (shahar) mahalliy byudjetining orttirilgan mablagʻlari hisobidan qilingan qoʻshimcha xarajatlar hajmi (Moliya vazirligi maʼlumoti asosida) – 10 ball;

8. Taʼlim muassasasida maʼnaviy-maʼrifiy va oʻquv tarbiyaviy muhit (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan besh tashabbus doirasida qilingan ishlar asosida) kabi koʻrsatkichlar inobatga olinadi – 10 ball.

Ikkinchidan, oʻtgan yili ilk marotaba eʼlon qilingan maktablar reytingi Prezident topshirigʻiga asosan avvalo hokimlar hamda ularning taʼlim va tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchilari faoliyatini baholash maqsadida aniqlab eʼlon qilingan.

Uchinchidan, hech bir huquqiy meʼyoriy hujjatda maktablar reytingida past natija koʻrsatgan maktab pedagoglariga chora koʻrish boʻyicha normalar mavjud emas. Yaʼni ushbu maktablarni jazolash emas, balkim taʼlim sifatini oshirish boʻyicha ularga yordam berish maqsad qilingan.

Toʻrtinchidan, maktablar reytingi jazolash emas, aksincha ragʻbatlantirishni koʻzda tutadi. Yaʼni Prezident farmoni(PF-6108-son, 06.11.2020)ga koʻra:

tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi oʻrinni egallagan umumtaʼlim muassasalari direktorlari mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik ragʻbatlantiriladi;

xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari va metodistlariga, umumtaʼlim muassasalari direktorlariga hamda tuman (shahar) kesimida tuzilgan reytingda birinchi beshta oʻrinlarni egallagan umumtaʼlim muassasalarining 2 nafar oʻqituvchilariga Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hisobidan sanatoriylarda dam olish uchun bepul yoʻllanmalar beriladi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, reyting natijalarini tahlil qilish asosida sogʻlom raqobat muhitni shakllantirish, muassasalarda taʼlim sifatini koʻtarish, oʻqituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirish, umumtaʼlim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik darajasini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha barcha imkoniyatlar ishga solinadi.

Taʼlim inspeksiyasi taʼlim sifatida mavjud muammolar uchun pedagoglarni ayblash yoki behurmat qilishni qatʼiyan qoralaydi. Marhamat tumanidagi ustozlar bilan sodir boʻlgan holat esa, vakolatli organlar tomonidan batafsil oʻrganib chiqilib, aybdorlarga qatʼiy chora koʻrish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Marhamat tumanidagi 9-maktab (hozirgi 72-IDUM) reytingda respublika boʻyicha 9622 ta maktab oʻrtasida 5144-oʻrinni, tumandagi 45 ta maktab oʻrtasida 23-oʻrinni egallagan. Yaʼni past natija qayd etmagan.

Fursatdan foydalanib, yurtimizda taʼlim sifatini baholash masalasiga eʼtibor qaratib, fikr bildirayotgan blogerlarimizga minnatdorchilik bildiramiz hamda maktablar reytingini takomillashtirish boʻyicha keng jamoatchilik, xususan xalq taʼlimi fidoyilari, taniqli olimlar, tajribali oʻqituvchi va murabbiylar, jurnalist va blogerlar bilan uchrashib muhokama qilishga va hamkorlikda ishlashga tayyor ekanligimizni maʼlum qilamiz.