× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Oliy taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha Britaniya tajribasi oʻrganilmoqda

29 Iyul 2022



Joriy yilning 28-iyul kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Buyuk Britaniyaning Oliy taʼlim sifatini taʼminlash agentligi (Quality Assurance Agency for Higher Education, QAA) vakillarining onlayn-uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekistonning Londondagi elchixonasi koʻmagida tashkil qilingan tadbirda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev hamda inspeksiyaning tegishli boshqarma va boʻlim boshliqlari, Britaniya tomonidan agentlikning Akkreditatsiya va konsalting boʻlimi boshligʻi Elison Fels xonim, siyosiy masalalar boʻyicha mutaxassis Rozi Kennedi xonim hamda Biznesni rivojlantirish, xalqaro va professonal xizmatlar boʻlimi boshligʻi Djuli Till xonim ishtirok etdi.

Uchrashuvda ikki tashkilot oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va Britaniyaning oliy taʼlim sifatini baholash boʻyicha ilgʻor tajribasi oʻrganish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev QAA agentligi vakillariga Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasida taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini modernizatsiya qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, shuningdek, milliy oliy taʼlim muassasalarida sifatni yaxshilash orqali ularning nufuzini oshirish, xalqaro reytinglardan oʻrin olishlariga koʻmaklashish boʻyicha istiqboldagi rejalar haqida batafsil maʼlumot berib oʻtdi.

«Soʻnggi yillarda yurtimizdagi oliy taʼlim tashkilotlari soni va yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish foizi bir necha barobarga oshdi. Hozirgi paytda oldimizga turgan dolzarb vazifa ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrgangan holda ortiqcha qogʻozbozlik va byurokratiyadan holi taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini yoʻlga qoʻyish sanaladi. Buning uchun inspeksiya tomonidan qator ilgʻor davlatlarning tajribalari oʻrganib kelinmoqda.

Xususan, ilgʻor xorijiy tajribalar asosida taʼlim tashkilotlarining akkreditatsiyalashning yangi institutsional tizimi joriy etildi. Janubiy Koreya, AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yevropa ittifoqi, ENQA xalqaro sifat agentligi tajribalari asosida takomillashtirilgan ushbu yangi tizim xalqaro tan olingan ISO 9001/29990 va Yevropa Ittifoqi standartlariga (ESG) uygʻunlashtirildi. Natijada, xalqaro taʼlim agentliklari ENQA (Yevropa taʼlim kafolati agentliklari tizimi) va EQAR (Oliy taʼlimda sifatni taʼminlash Yevropa reyestri) tashkilotlariga aʼzo boʻlishga va ENIC-NARIC xalqaro taʼlim sifati axborot tarmogʻiga kirish imkoniyati yaratildi.

Hozirgi paytda Buyuk Britaniyaning Oliy taʼlim sifatini taʼminlash agentligi (Quality Assurance Agency for Higher Education, QAA) tomonidan ishlab chiqilgan Oliy taʼlimning sifat kodeksi va standartlarini oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Bugungi uchrashuvimizda ushbu jarayonlar boʻyicha savol va takliflarimizga javob olamiz hamda tashkilotlarimiz oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyamiz degan umiddaman», –deydi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

Oliy taʼlim sifatini taʼminlash agentligi (QAA) vakillari Angliyadagi oliy taʼlim sifatini nazorat qilish tizimi, bu borada erishilgan yutuqlar haqida maʼlumot berib, mazkur yoʻnalishda inspeksiyaga yaqindan yordam koʻrsatishga tayyor ekanliklarini maʼlum qilishdi.

Uchrashuv davomida inspeksiya vakillarining Buyuk Britaniyada oliy taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollariga QAA xodimlari batafsil javob qaytarishdi.

Jumladan, QAA tomonidan OTMlarda oʻtkazilgan baholash natijalariga koʻra aniqlangan kamchiliklar va yoʻl qoʻyilgan xatoliklar kelgusida qanday oqibatlarga olib keladi degan masalada: Tegishli ravishda OTMlarni qabul kvotalarini belgilashda, toʻlov -kontrakti miqdorini kelishishda inobatga olinishi, qatʼiy choralar jumladan OTMlarga moddiy jarima choralari qoʻllanishi, hattoki universitet maqomi toʻliq bekor qilinishi mumkinligi maʼlum qilindi.

Yakunda tomonlar hamkorlik yoʻnalishlari boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqishga va muhokama qilishga kelishib olishdi.

1997-yilda tashkil etilgan QAA Buyuk Britaniyaning mustaqil davlat agentligi boʻlib, unda 200 dan ortiq mutaxassis xodimlar va 4500 dan ortiq ekspertlar jamoasi faoliyat koʻrsatadi. QAA tarmogʻiga 300 dan ortiq OTMlar aʼzo boʻlib, har bir OTM oʻzidagi talabalar sonidan kelib chiqqan holda muntazam ravishda yillik aʼzolik badalini toʻlaydi. QAA oliy taʼlim standartlari va sifatini tekshiradi, sifat baholash boʻyicha oʻrganishlar olib boradi va taʼlim muassasalari uchun yoʻriqnomalar ishlab chiqadi.