× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Nodavlat maktablarni qiynayotgan muammolar tinglandi

29 Iyul 2022



Joriy yilning 29-iyul kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Xalq taʼlimi vazirligi va Nodavlat taʼlim muassasalari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlar rahbarlari ishtirokida respublika seminari oʻtkazildi.

“Nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik hamda taʼlim sifati va samaradorligini oshirish” mavzusida tashkil qilingan seminarda poytaxtimizdagi va Toshkent viloyatidagi nodavlat maktablarning rahbarlari inspeksiya binosidan ishtirok etishgan boʻlsa, hududlardagi nodavlat maktablarning direktorlari videokonferens aloqa orqali onlayn tarzda qatnashdi.

Seminarni kirish soʻzi bilan ochib bergan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev ushbu seminar yangi oʻquv yili oldida nodavlat maktablarga amaliy yordam koʻrsatish, muammolarni tinglash va ularni birgalikda hal qilish boʻyicha takliflar tayyorlash maqsadida oʻtkazilayotgani maʼlum qildi.

“Yurtimizdagi nodavlat taʼlim tashkiloti soni oshishi bilan birga ular oʻrtasida raqobat muhiti shakllanmoqda. Sogʻlom raqobat, bu — taʼlim sohasida taʼlim sifati, madaniyatini shakllantiruvchi, oʻzini oʻzi rivojlantirishga muhit yaratuvchi koʻrinmas kuchdir. Qolaversa, xususiy sektor davlatning taʼlim xizmatlari bilan taʼminlash yukining bir qismini oʻziga olgan holda xalqimizning taʼlim olishga boʻlgan ehtiyojlarini qondirmoqda. Bundan tashqari, sinalgan xalqaro standartlar asosida taʼlim berish, ilgʻor taʼlim texnologiyalari va resurslari sohaga aynan nodavlat taʼlim tashkilotlari orqali faol tarzda kirib kelmoqda.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, oʻzining qimmatli sarmoyasini aynan farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasiga yoʻnaltirilgan insonlarni haqiqiy vatanparvar fidoiylar desak mubolagʻa boʻlmaydi. Nodavlat taʼlim xizmatlari sohasida faqat pul topishni asosiy maqsad qilganlar katta muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Sifatli taʼlim xizmatlarini koʻrsatib, oʻquvchilarga yuqori darajada bilim berayotgan, ota-onalarni, xalqimizni rozi qilib, ularning duosini olayotganlargina uzoq yillar yaxshi natijaga erishib, koʻzlagan maqsadlariga yetishmoqda.

Yangi oʻquv yili oldidan uchrashuvdan maqsad ham nodavlat maktablar faoliyatiga xalal berayotgan muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilab olish hamda metodik yordam koʻrsatishdir”, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

Shundan soʻng, inspeksiya, vazirlik va assotsiatsiyaning masʼul xodimlari nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyatini uslubiy jihatdan toʻgʻri tashkil etish, oʻzaro tajriba almashish, amaldagi huquqiy meʼyoriy hujjatlarga amalga qilish va ular faoliyatining tahlili natijalari maʼruza qilishdi.

Xususan, Taʼlim inspeksiyasi tomonidan respublikamizdagi nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyatini oʻrganish davomida ayrim nodavlat taʼlim tashkilotlarida aniqlangan qonun buzilishlari va litsenziya talablariga amal qilmaslik holatlari boshqa muassasalarda ham takrorlanmasligi uchun oʻqib eshittirildi.

Erkin muloqot tarzida tashkil qilingan seminarda nodavlat maktablarning muassislari va direktori ular faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga toʻsqinlik qilayotgan ayrim muammolar boʻyicha amaliy yordam koʻrsatishni soʻrashdi va bir qator takliflar bildirishdi. Xususan, yakunlangan oʻquv yilida ayrim sinflardagi darslik va mashq daftarlarning kech yetkazib berilgani, ayrim darsliklarda xatolar uchrashi aytib oʻtildi. Shuningdek, pedagoglar uchun bir yilda 36 soatlik majburiy malaka oshirish belgilangani, biroq onlayn malaka oshirish platformasi faoliyati rus tilida yoʻlga qoʻyilmagani va malakasini oshirish faoliyati bilan shugʻullanadigan nodavlat taʼlim tashkilotlari reyestri tasdiqlanmaganligi bir qator noqulayliklar tugʻdirayotgani taʼkidlandi. Bundan tashqari, maktablarda yangi joriy qilingan tabiiy fan (SCIENCE) boʻyicha oʻqituvchilar malakasi oshirilmagani sabab kelgusida uni sifatli oʻqitishda muammolar kuzatilishi mumkinligi aytib oʻtildi.

Muloqot davomida nodavlat maktablarning oʻqituvchilari pedagog kadrlar attestatsiyasida faqatgina ixtiyoriy tarzda ishtirok etishi, ular majburiy attestatsiyaga jalb qilinmasligi tushuntirildi.

Yakunda nodavlat maktablar faoliyatini samarali tashkil qilishga toʻsqinlik qilayotgan muammolar boʻyicha zarur choralari koʻrilishi taʼkidlandi hamda ularni qiziqtirgan mavzular boʻyicha seminarlarni doimiy tarzda tashkil qilib borishga kelishib olindi.