× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Samarqandlik oʻqituvchilar uchun PISA dasturi asoschisi ishtirokida seminar tashkil etildi

13 Aprel 2022

Joriy yilning 13-aprel kuni Samarqand shahridagi Yoshlar markazida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) bosh kotibining Taʼlim siyosati boʻyicha maxsus maslahatchisi, PISA dasturining tashabbuskori va rahbari Andreas Shlyayxer ishtirokida “Taʼlim sifatini oshirish va oʻqituvchilar maqomini yuksaltirish mavzusida” xalqaro seminar tashkil etildi.

Tadbirda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiya boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Xurshid Ochilov, Samarqand davlat universiteti rektori, senator Rustam Xolmurodov, Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi, Samarqand viloyatidagi pedagoglar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining rahbarlari, professor-oʻqituvchilari, boʻlajak pedagog-talabalar, hududiy xalq taʼlimi boshqaruv boshqaruv organlari rahbarlari hamda maktab direktorlari va oʻqituvchilar ishtirok etishdi.

Seminar avvalida soʻz olganlar, bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston poydevori boʻlgan inson kapitalini rivojlantirish, maktab taʼlimini isloh qilish, oʻquvchilarni mustaqil hayotga tayyorlash, ularda muvaffaqiyatga erishish uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni shakllantirish dolzarb vazifaga aylanganini taʼkidlashdi. Buning uchun yurtimizda oʻquv dasturlari, darsliklar, oʻqitish metodikasi va taʼlim natijalarini baholash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish boʻyicha katta islohotlar boshlab yuborilgani aytib oʻtildi.

Seminarda bosh maʼruzachi sifatida ishtirok etgan Taʼlim siyosati boʻyicha maxsus maslahatchisi, PISA dasturining tashabbuskori va rahbari Andreas Shlyayxer, tashkiloting 60 yillik tajribasi, dunyo mamlakatlarida uzoq yillar davomida olib borilgan tahlillari asosida, taʼlim sifatini oshirish, oʻqituvchilar maqomini koʻtarish, oʻquvchilarning hayotiy koʻnikmalarini shakllantirishda pedagoglarning roli haqida taqdimot oʻtib berdi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) bosh kotibining Taʼlim siyosati boʻyicha maxsus maslahatchisi Andreas Shlyaxer xalqaro tadqiqotlarning mamlakatimiz taʼlim tizimi rivojidagi ahamiyati va bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarga toʻxtalib oʻtar ekan, shunday dedi:

“Yurtingiz ilk marotaba PISA ishtirok etayotgani quvonarli. Biroq, tadqiqotning ahamiyati shundaki, jarayonlar natija eʼlon qilinishi bilan toʻxtab qolmaydi. Shu asosda sohani takomillashtirish bilan bogʻliq xulosalar qilish, zarur islohotlarni amalga oshirish juda muhim.

Bu jarayonda esa, oʻqituvchilarning oʻz ustlarida koʻproq ishlashlari, hamkasblari bilan tajriba almashishlari juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekiston taʼlim sohasida oʻz oldiga juda ham yuksak maqsadlarni belgilab olgan. Ishonchim komilki, Sizlar oʻqituvchi sifatida ushbu maqsadlarni roʻyobga chiqarish uchun oʻquvchilarning salohiyat va koʻnikmalarini oshirib borishlarida oʻz hissangizni qoʻsha olasiz.”

Muhokamalar yakunida xalqaro ekspert ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.

Maʼlumot uchun, mamlakatimiz 2022-yilda ilk marotaba PISA (15-16 yoshli oʻquvchilar savodxonligini baholash) boʻyicha xalqaro dasturida ishtirok etadi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan oʻtkaziladigan ushbu tadqiqotda 90 ga yaqin davlatlar qatnashadi.

PISA tadqiqoti 15-16 yoshli oʻquvchilarning matematik, tabiiy-ilmiy, oʻqish savodxonligi va kreativ fikrlash qobiliyatini baholashga qaratilgan boʻlib, joriy yilning aprel-may oylarida xalqaro tashkilot tomonidan tasodifiy reprezentativ tanlab olingan 202 ta taʼlim muassasalarida tadqiqotning asosiy sinov jarayonlari oʻtkaziladi.

Sinov jarayonlari, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti standartlari, AQSHning ETS Taʼlim test xizmati, Westat tashkilotlari muvofiqlashtiruvchi asosida Taʼlim inspeksiyasi huzuridagi Milliy markaz tomonidan tashkil etiladi.

Mazkur tadqiqot har bir mamlakatga taʼlimga oid siyosatini tahlil qilish, oʻqitishdagi kuchli va zaif tomonlarini dunyo mamlakatlari bilan qiyoslash imkonini beradi. Shuningdek, xorijiy inson kapitali haqidagi maʼlumotlar esa, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga yordam beradi.

Taʼkidlash lozim, mamlakatimizning taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etayotganligi, mavjud taʼlim tizimini xalqaro darajada baholash, boshqa davlatlar bilan taqqoslash va tahlil qilish imkoniyatlarini yaratish bilan birga uzoq muddatli strategik qarorlar qabul qilishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.