× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

PISA dasturi tashabbuskori va rahbari Andreas Shlyaxer Taʼlim inspeksiyasida boʻldi

10 Aprel 2022

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 10–13-aprel kunlari Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) bosh kotibining Taʼlim siyosati boʻyicha maxsus maslahatchisi, PISA dasturining tashabbuskori va rahbari Andreas Shlyaxer amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Tashrifning ilk kunida IHTT bosh kotibining Taʼlim siyosati boʻyicha maxsus maslahatchisi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va inspeksiya huzurida tashkil etilgan Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirishi milliy markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Xususan, markazdagi bosmaxona, chop etilgan qoʻllanmalar, studiya va bu yerda tayyorlangan videodarslar hamda testlarni tarjima qilish va ekspertizadan oʻtkazish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, milliy markaz xodimlari mamlakatimizda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish va bu boradagi oʻziga xos yondashuvlar boʻyicha taqdimot oʻtib berishdi.

Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) bosh kotibining Taʼlim siyosati boʻyicha maxsus maslahatchisiga tashrif va hamkorlik aloqalari uchun minnatdorchilik bildirar ekan, mamlakatimiz taʼlim tizimini takomillashtirish, xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish boʻyicha erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar boʻyicha atroflicha maʼlumot berdi.

"Bugungi kunda mamlakatimizda taʼlim sohasini isloh qilish, unda sifat va samaradorlik koʻrsatkichlarini muntazam oshirib borish boʻyicha Davlatimiz rahbari boshchiligida qator izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oʻquv dasturlari, darsliklar, oʻqitish metodikasi va taʼlim natijalarini baholash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish boʻyicha katta islohotlar boshlab yuborilgan.

Biroq shu kunga qadar mamlakatimizning taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etmagani, mavjud holatni xalqaro darajada baholash, boshqa davlatlar bilan taqqoslash va tahlil qilish imkoniyatlarimizni cheklab kelayotgan edi. Hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bu borada ham ilk qadamlar tashlandi. Xususan, 2018-yilda Taʼlim inspeksiyasi huzurida Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tashkil qilinib, unga umumtaʼlim muassasalarining xalqaro tadqiqotlarda ishtirokini taʼminlash vazifasi yuklandi.

Oʻtgan davr mobaynida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) hamda Taʼlimdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) bilan kelishuvlarga erishilib, Oʻzbekiston ilk marotaba PISA, TALIS, PIRLS va TIMSS xalqaro dasturlarida ishtirok etmoqda.

2021-yilda respublikaning 83 ta maktablarida PISA tadqiqotining tajriba-sinovlari oʻtkazildi, endilikda tanlab olingan 202 ta taʼlim muassasalarida 2022-yilda aprel-may oylarida asosiy sinov jarayonlarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Albatta mamlakatimiz taʼlim tizimiga butun dunyo miqyosida baho beriladigan bunday tadqiqotda ishtirok etish, barchamizga ulkan masʼuliyat yuklaydi.

Oʻylaymanki, Sizning tashrifingiz va berayotgan tavsiyalaringiz nafaqat sinovlarni tashkil qilishda balki, kelgusida uning natijalari qarab taʼlim tizimimizni isloh qilishda va oʻzimizga yangi rejalar tuzishda juda asqatadi", – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

Oʻz navbatida PISA dasturining tashabbuskori mamlakatimizda taʼlim sifati va samaradorligini oshirish hamda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ishlarini eʼtirof etar ekan, bu borada oʻz taklif va tavsiyalarini bildirib oʻtdi.

"Koʻrib turibmanki, inspeksiya Oʻzbekistonda taʼlim mazmunining markazi turibdi. Yaʼni oʻquvchilarning yaxshi oʻzlashtirishi, oʻqituvchilarning malakasi yaxshilanishi hamda ilgʻor mamlakatlarning eng yaxshi tajribalarini joriy qilish yoʻlida sezilarli ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

Xususan, Milliy markazda PISA tadqiqotlariga tayyorgarlik jarayonlarini koʻrib mamnun boʻldim. Materiallarni tarjima qilish, chop etish va joyiga yetkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

shuni alohida taʼkidlashim lozimki, yurtingiz ilk marotaba PISA ishtirok etayotgani quvonarli. Biroq, tadqiqotning ahamiyati shundaki, jarayonlar natija eʼlon qilinishi bilan toʻxtab qolmaydi. Shu asosda sohani takomillashtirish bilan bogʻliq xulosalar qilish, zarur islohotlarni amalga oshirish juda muhim.

Yaʼni bunda shunchaki, oʻquv dasturlarining oʻzini oʻzgartirib qoʻyish bilan yuqori natija kutish mantiqqa toʻgʻri kelmaydi. Buning uchun oʻqitish jarayonini, uning ishtirokchilari boʻlgan oʻquvchilar va ularning ota-onalarining dunyoqarashini oʻzgartirish lozim.

Bunda esa oʻqituvchilar mahorati, bilim va saviyasining muntazam oʻsib borishi hal qiluvchi kuch ahamiyat kasb etadi. Zero, biz oʻquvchilarni hozirgi zamon uchun emas kelajak uchun tayyorlashimiz kerak. Bu borada esa hamkorlik qilish va amaliy yordam koʻrsatib borishga tayyormiz", – dedi Andreas Shlyaxer.

Tashrif yakunida tomondan uchrashuv davomida koʻtarilgan masalalar boʻyicha muhokamalarni yanada kengroq davrada, mutasaddi vazirlik va idoralar ishtirokida davom ettirishga kelishib olindi.