× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Xalqaro ekspertlar Oʻzbekiston OTMlarida sifatni taʼminlash boʻyicha taqdimot oʻtib berishdi

6 Mart 2020
Joriy yilning 5-mart kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida xalqaro ekspertlar ishtirokida “Taʼlim sifatini taʼminlash va nazorat qilishda zamonaviy yondashuvlar” mavzusidagi seminar boʻlib oʻtdi.

Prezidentimizning 2020-yilning 24-yanvarida Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida oliy taʼlimda taʼlim sifatini taʼminlash tizimini xorij tajribasi asosida takomillashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan taʼlim sifatini xalqaro darajada koʻtarish, tan olingan xorijiy tajribalarni milliy taʼlim tizimi xususiyatlarini inobatga olgan holda joriy etish, bu borada boshqa davlatlar yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklarni takrorlamaslik, milliy taʼlim tizimini xalqaro taʼlim tizimiga integratsiyasini jadallashtirish kabi ustuvor vazifalar ijrosini samarali taʼminlash maqsadida xalqaro ekspertlar bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda.

Seminarni ochib bergan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev xalqaro ekspertlarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirar ekan, inspeksiya faoliyatini tashkil etishda ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganib, amaliyotga tatbiq etib borilayotganini taʼkidladi.

Xususan, xalqaro toifali ekspert Bastian Baumanning Taʼlim inspeksiyasida rahbar maslahatchisi etib tayinlanib, u bilan hamkorlikda yurtimizdagi taʼlim muassasalarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibini takomillashtirilgani maʼlum qilindi.

Ilgʻor xorijiy tajribalar asosida ishlab chiqilgan mazkur nizomga asosan taʼlim tashkilotlarining akkreditatsiyalashning yangi institutsional tizimi joriy etildi. Janubiy Koreya, AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yevropa ittifoqi davlatlari va ENQA xalqaro sifat agentligi tajribalari asosida takomillashtirilgan ushbu yangi tizim xalqaro tan olingan ISO 9001/29990 va Yevropa Ittifoqi standartlariga (ESG) uygʻunlashtirildi.

Oʻz navbatida xorijiy ekspertlar ushbu saʼy-harakatlarning samarali amalga oshirilish orqali xalqaro taʼlim agentliklari ENQA (Yevropa taʼlim kafolati agentliklari tizimi) va EQAR (Oliy taʼlimda sifatni taʼminlashning Yevropa reyestri) tashkilotlariga aʼzo boʻlishga va ENIC-NARIC xalqaro taʼlim sifati axborot tarmogʻiga kirish imkoniyati yaratilishi, Oʻzbekistonda oʻqib olingan taʼlim kvalifikatsiyalarini xalqaro maydonda tan olinishini hamda oʻzbek taʼlimining jozibadorligini oshishini maʼlum qilishdi.

Mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida sifatni taʼminlash masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirda xalqaro ekspertlar quyidagi mavzularda taqdimot oʻtkazishdi:

Axim Xopbax – Avstriyaning sifat kafolati va akkreditatsiya agentligi direktori AQ Austria (“Zamonaviy taʼlim sifatini taʼminlash tizimida OTMlar, sifat kafolati agentliklari va taʼlim vazirliklari oʻrtasidagi munosabat”)

Nora Skaburskiyene – Gediminas nomidagi Vilnyus texnika universitetining akademik masalalar boʻyicha direktori (“Davlat taʼlim standarti va OTM mustaqilligi — ular bir-biri bilan hamoxangmi va bunda zamonaviy taʼlim sifatini taʼminlash tizimining oʻrni qanday?”)

Katya Jibert Kamshek – Lyublyana universiteti, Sifatni taʼminlash, tahlil qilish va hisobot berish universiteti sifat boʻlimi boshligʻi (“Litsenziyalash va akkreditatsiya maqsadlarining oʻzaro farqi, zamonaviy taʼlim sifati kafolati tizimida bu jarayonlar qanday amalga oshiriladi.”)

Ishtirokchilarga zamonaviy taʼlim tizimida taʼlim sifatini kafolatlashning uzviy mexanizmlari, jarayon ishtirokchilarining roli va vazifalari, akkreditatsiya jarayonlari haqida, tashkiliy masalalar boʻyicha batafsil maʼlumotlar berildi.

Yakunda xalqaro ekspertlar ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarishdi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Matbuot xizmati