× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Oʻzbekiston delegatsiyasi taʼlim tajribasi oʻrganish uchun Singapurga tashrif buyurdi

24 Noyabr 2022

Ayni kunlarda Taʼlim inspeksiyasi delegatsiyasi Singapurning taʼlim sohasidagi tajribasini joyiga chiqqan holda oʻrganish hamda bu borada hamkorlik aloqalarini yanada takomillashtirish maqsadida ushbu mamlakatda boʻlib turibdi.

Tashrifdan koʻzlangan maqsad Singapur taʼlim modelini chuqur oʻrganish, taʼlim sifatini oshirish jarayonlarida ushbu mamlakat tajribasini qoʻllash yuzasidan kelishuvlarga erishish, maktablarda Science va STEM fanlarini oʻqitish metodikalarini tahlil qilish, taʼlim boshqaruvi kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirish dasturlarini ushbu mamlakat tajribasi asosida takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Tashrifning dastlabki kunida delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistonning Singapurdagi elchisi Qahramon Shokirov hamrohligida Singapur taʼlim vazirligiga tashrif buyurishdi. Vakillarimizni vazirning xalqaro hamkorlik boʻyicha maslahatchisi doktor Lian Xui boshchiligidagi mutaxassislar kutib olishdi.

Muhokamalar davomida vazirlikning loyihalashtirish boʻyicha mutaxassisi janob Kvan Qi Xangning Singapur taʼlim tizimi boʻyicha taqdimoti tinglandi.

Shuningdek, vazirlik vakillariga Taʼlim inspeksiyasi bosh boshqarma boshligʻi Asliddin Odilov tomonidan Oʻzbekiston taʼlim tizimi boʻyicha taqdimot qilib berildi.

Uchrashuv davomida tomonlar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan oʻrtoqlashdilar.

Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya aʼzolari Singapur davlat imtihonlari va baholash kengashiga tashrif buyurishdi. Ushbu tashkilot rahbari boshchilikdagi mutaxassislar kengash faoliyatiga oid taqdimot qilishdi hamda tomonlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Shundan soʻng delegatsiya aʼzolariga imtihon javob varaqalarini tekshirishning elektronlashtirilgan (OnScreen Marking) tizimi va bevosita ekspertlar tomonidan tekshirish jarayonlari tanishtirib oʻtildi.

Tashrif tafsilotlari haqida keyingi xabarlarimizda batafsil axborot berib boriladi.