× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi

22 Noyabr 2022

Joriy yilning 22-noyabr kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev va “Minerva” loyihasining strategik hamkorlik boʻyicha direktori Maykl Karuana oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarini xalqaro reytinglarga kiritish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, OTMlar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha dastur loyihasi hamda “Akademik ustuvorlik” loyihasini davomli tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi ekspertlarga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirar ekan kun tartibidagi masalalar yuzasidan oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

"Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda ularning jamiyatimizga malakali va salohiyatli kadrlarni yetkazib berishlari uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Davlatimiz rahbari tomonidan oldimizda mamlakatimizning kamida 10 ta oliy taʼlim muassasalarini nufuzli xalqaro reytingga kirishini taʼminlashimiz boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan.

Shu munosabat bilan, oʻtgan yillarda sizlar bilan OTMlarimiz milliy reytingi tizimini yoʻlga qoʻyishda hamkorlik qildik va bir qator ijobiy natijalarga erishdik. Biroq, bu natijalar mamlakatimiz OTMlarining xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallashlari uchun yetarli emas.

Bu jarayonlarni yanada takomillashtirish uchun oliy taʼlim muassasalaridagi mavjud maʼlumot bazalarini nufuzli agentliklar va markazlardagi tizimlar bilan oʻzaro integratsiya qilishimiz lozim. Shuningdek, bu jarayonlarda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining izchil davom ettirilishi juda muhim", – Ulugʻbek Tashkenbayev.

Shuningdek, oʻz navbatida Minerva” loyihasining strategik hamkorlik boʻyicha direktori bildirilgan fikrlarni qoʻllab-quvvatlab, hamkorlik loyihasini yanada takomillashtirishda tomonlarning oldida turgan muhim vazifalarga toʻxtalib oʻtdi.

"Soʻnggi yillarda hamkorlikda amalga oshirilgan ishlarimiz natijasida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari qator yoʻnalishlar boʻyicha sezilarli darajada oʻsishga erishdi. Xususan, Taʼlim inspeksiyasi bilan shu yilning aprel oyida oʻtkazilgan muloqotlarimizdan soʻng koʻplab ishlarni amalga oshirdik.

Shu oʻrinda taʼkidlashim lozimki, har qanday mamlakatda taʼlim islohotlarini amalga oshirish maʼlum muddatlarni talab etadi. Xalqaro reytinglar esa oliy taʼlim muassasalarini amalga oshirilayotgan ushbu jarayonlarni yanada jadallashtirishga undaydi.

Mamlakatingiz oliy taʼlim tizimini yanada takomillashtirish hamda yetakchi universitetlarni rivojlantirish uchun davlat dasturini ishga tushirish va qoʻllab-quvvatlash zarur. Bunda mazkur OTMlarning rivojlanish va bitiruvchilarning bandlik koʻrsatkichlarini monitoring qilish muhim.

Shu bilan birgalikda Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimida xususiy sektorning ulushi ham ortib bormoqda. Bu esa sohada raqobat muhitining yanada kuchayishiga xizmat qiladi. Shuningdek, xorijga taʼlim olish uchun ketayotgan abituriyentlar uchun oʻz mamlakatida taʼlim olish imkoniyatini yaratadi.

Bu jarayonda esa mazkur taʼlim muassasalarida ham talabalarning tadqiqotchilik qobiliyatini rivojlantirib, ular tomonidan ishlab chiqilayotgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Qolaversa, oliy taʼlim muassasalarining milliy iqtisodiyot, ijtimoiy sohani rivojlantirishga qoʻshgan hissasini va xalqaro mehnat taqsimotidagi ishtirokini baholashning tekshiriladigan tizimini yaratish lozim.

Bunda, albatta amalga oshiriladigan dastur arxitekturasini mukammal ishlab chiqish uchun kuchlarni oʻzaro birlashtirishimiz lozim", – dedi Maykl Karuana.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha hamkorlik aloqalarini izchil davom ettirishga kelishib olindi.

Taʼkidlash lozim, joriy yilning aprel oyida ham Taʼlim inspeksiyasi va “Minerva” loyihasi vakillari oʻrtasida uchrashuv tashkil etilgandi.

Mazkur muloqotlar natijasiga koʻra, bugungi kunda oliy taʼlim muassasalarining milliy iqtisodiyotga qoʻshayotgan hissasini oshirish, ularni rivojlantirish va ixtisoslashtirish yoʻnalishlarini mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadlariga muvofiq yoʻnalishlar boʻyicha takomillashtirish, oliy taʼlim muassasalariga iqtidorli yoshlarni jalb etishning samarali tizimini yaratish boʻyicha hamkorlik aloqalari izchil davom etmoqda.