× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Finlyandiya taʼlim platformalaridan unumli foydalanish muhokama qilindi

21 Dekabr 2022

Joriy yilning 20-dekabr kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Edtech Finland kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Xalqaro Nordik universiteti koʻmagida tashkil etilgan uchrashuv davomida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, tegishli boshqarma va boʻlim boshliqlari hamda EdTech kompaniyasi asoschisi, taʼlim sohasi eksperti Mervi Palander va HY+ trening markazi malaka oshirish tizimi eksperti Xanne Kolilar ishtirok etdi.

Muhokamalar avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi xorijlik mehmonlarga Oʻzbekistonda taʼlim sifati va samaradorligini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, inspeksiya faoliyati haqida maʼlumot berdi.

Shu bilan birgalikda, EdTech kompaniyasi bilan amalga oshiriladigan hamkorlik aloqalarining asosiy yoʻnalishlariga toʻxtalib oʻtdi.

“Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda sohada sifat va samaradorlik koʻrsatkichlari baholashda asosiy tashkilotlardan biri hisoblanadi.

Finlyandiya bilan hamkorlik aloqalarimiz boshlangan yillarda bu faqat hukumatlar darajasidagi muzokaralar bilan cheklanib kelayotgandi. Bugungi kunga kelib esa, alohida sohalar, hududlar miqyosida ham oʻzaro loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlar hatto xususiy sektorni ham qamrab olayotgani kishini quvontiradi.

Oʻtgan davr mobaynida taʼlim jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda oʻquvchilarga real hayotiy koʻnikmalar asosida taʼlim berish boʻyicha qator ishlarni amalga oshirdik.

Xususan, mamlakatimizdagi qariyb 100 foiz maktablar tezkor internet bilan taʼminlandi. Shuningdek, Finlyandiya va dunyoning boshqa ilgʻor mamlakatlari tajribalari asosida oʻquv adabiyotlari va darsliklar yangilanmoqda. Bunda esa oldimizga qoʻyilgan eng muhim vazifa – bolalar taʼlim jarayonlarida oʻzlari uchun zarur boʻlgan barcha koʻnikmalarga ega boʻlishlari lozim.

Oʻylaymanki, sizlar tomoningizdan taqdim etilayotgan ushbu dasturlar orqali kutilgan natijaga erishishimiz yanada osonlashadi. Shuningdek, finlyandiyalik hamkorlarimiz bilan ushbu yoʻnalishdagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishdan doim mamnun boʻlamiz”, – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.

Oʻz navbatida, Mervi Palander xonim samimiy qabul uchun Taʼlim inspeksiyasi vakillariga minnatdorlik bildirib, Edtech Finland kompaniyasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari haqidagi maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

“Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan taʼlim islohotlaridan qaysidir darajada xabardorman. Ammo soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar haqiqatda, tahsinga sazovor.

Yana shuni alohida taʼkidlashim lozimki, zamonaviy dunyoda axborot texnologiyalari boshqa sohalar qatorida taʼlimga ham keng joriy etilmoqda. Xususan, endilikda bolalar faqat anʼanaviy usul bilan emas, gadjetlar orqali ham yangi bilimlarni oʻzlashtirishmoqda.

Ayni shu nuqtayi nazardan, GraphoGame platformasi taʼlimning inklyuzivligini oshirishda muhim vositalardan biri boʻlib xizmat qiladi. Ushbu dastur orqali bolalar hatto uylaridan turib ham bevosita taʼlim olishi mumkin.

Ushbu dasturni ishlab chiqishda 90 ta doktorlik tadqiqoti oʻtkazilgan boʻlib, 14 ta tilga tarjima qilingan ular 9 tasini esa bevosita ochiq internet platformalari yuklab olish mumkin”, – dedi EdTech kompaniyasi asoschisi.

Muzokaralar davomida, shuningdek, Oʻzbekistondagi taʼlim muassasalarida GraphoGame, Claned learning solution elektron taʼlim platformalarini joriy etish imkoniyatlari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

Xususan, HY+ trening markazi malaka oshirish tizimi eksperti Xanne Koli ushbu dasturni mamlakatimiz taʼlim tizimiga joriy etish boʻyicha Navoiy viloyatidagi oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan tajriba-sinov natijalari bilan oʻrtoqlashdi.

“Rivojlanib borayotgan axborot texnologiyalari bolalarning taʼlimga boʻlgan talabi va ehtiyojlarini oshirib bormoqda. Koʻnikmalarni boshqarish va ularni baholash haqida gapirar ekanmiz, AKTdan mashinalardan unumli foydalanishning ahamiyatiga ham toʻxtalib oʻtishimiz lozim.

GraphoGame platformasi nafaqat pedagogik balki neyrologik tadqiqot hamdir. Ushbu tadqiqot natijalarini Oʻzbekistonga ham tatbiq etish maqsadida Navoiy viloyatidagi boshlangʻich sinfda oʻqiyotgan 40 nafar bola oʻrtasida kichik sinov oʻtkazdik.

3 oy davomida ularning ingliz tilidagi soʻz boyligi va talaffuzi maktabning 11-sinf oʻquvchilaridan ham mukammal boʻlganiga guvoh boʻldik. Shuningdek, ota-onalar farzandlarining oʻrganishdan har doim zavqlanayotganini taʼkidlashdi. Hattoki, ularning oʻzlari ham bu dasturdan foydalanishni boshlashdi.

Shundan xulosa qilish mumkinki, GraphoGame platformasi inklyuzivligi bilan barchaga birdek taʼlim olishga imkoniyat yaratadi. Bu Oʻzbekiston xohlayotgan yaʼni tez fursatda taʼlim sifatini yaxshilashda yordam bera oladigan yechimlardan biri boʻla oladi”, dedi Xanne Koli xonim.

Uchrashuv yakunida koʻtarilgan masalalar boʻyicha muloqotlarni izchil davom ettirishga kelishib olindi.

Maʼlumot uchun, GraphoGame platformasi bogʻcha yoshidagi va boshlangʻich sinf oʻquvchilariga turli qiziqarli 3D darajalari orqali harflar, qofiyalar va tovushlarni oʻrganishga yordam beradi. Ushbu dastur Kembrij universiteti Neyrologiya markazi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan boʻlib, asosan, maktab va uyda foydalanish uchun moʻljallangan.

Claned learning solution platformasi esa talabalarning oʻquv maydoni va agregatlari bilan oʻzaro taʼsiri haqida maʼlumotlarni toʻplaydi. Ushbu maʼlumotlar oʻquvchilarning faoliyatini, oʻrganishga yoʻnaltirilganligini va keyinchalik oʻqituvchining fikr-mulohazasi sifatida ishlatilishi mumkin boʻlgan xususiyatlarni koʻrsatadi.

Mazkur maʼlumotlar esa oʻqituvchilarning taʼlim jarayonlariga yondashuvida oʻquvchilarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda yondashishlariga imkon yaratadi.