× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Buxoroda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha seminar tashkil etildi

23 Dekabr 2022

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ishchi guruhi tomonidan Respublikamiz boʻylab xalqaro tajriba asosida oʻtkaziladigan 1-4-sinf darsliklari tajriba-sinovdan oʻtkaziladigan tayanch maktablari hamda pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyati samaradorligini oʻrganish jarayonlari oʻtkazildi.

Oʻrganishlardan koʻzlangan asosiy maqsad taʼlim muassasalaridagi sifat va samaradorlik koʻrsatkichlarini oshirish hamda pedagogika oliy taʼlim muassasalarida ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish orqali kadrlar tayyorlash tizimining raqobatbardoshligini oshirishdan iborat.

Mazkur oʻrganishlar doirasida joriy yilning 23-dekabr kuni Buxoro shahridagi Yoshlar markazida pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalari hamda maktablarni attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi muhokamasiga bagʻishlangan seminar tashkil etildi.

Unda Taʼlim inspeksiyasi vakillari hamda viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi mutasaddilari, hududdagi taʼlim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalaridan kelib chiqib, amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, oʻqituvchilarning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligini baholash jarayonlarini odilona baholash boʻyicha aniq tavsiyalar berildi.

Qayd etish lozim, oʻrganishlar davomida taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklar) boʻyicha taʼlim dasturlari (malaka talabi, oʻquv reja va dasturlar)ni kadrlar buyurtmachilarining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilganligi va ularga kiritilgan oʻzgarishlar holati va xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS, TALIS) talablariga hamda xorijiy tajribalar asosida taʼlim dasturlariga kiritilgan oʻzgartirishlarga eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, oliy taʼlim muassasalaridagi maʼnaviy-maʼrifiy muhit, kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan 2-4-bosqich talabalari uchun haftalik oʻquv mashgʻulotlarini “4+2” tartibida tashkil etish boʻyicha qilingan ishlar holati, ixtisoslik kafedralari professor-oʻqituvchilarining xorijiy davlatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish tizimi, mustaqil taʼlimni tashkil etish boʻyicha elektron taʼlim platformalarining holati hamda uni boyitish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar ham oʻrganildi.

Shuningdek, mazkur oʻrganishlarda oliy taʼlim muassasalari bilan bir qatorda maktablardagi taʼlim sifatini oshirish oid belgilangan vazifalar ijrosi, umumtaʼlim maktablari faoliyatini ichki va tashqi baholash hamda davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish jarayonlari hamda xalqaro tajribalar asosida yaratilgan zamonaviy darsliklarini tajriba-sinovdan oʻtkazish jarayonlarini tizimli tashkil etish boʻyicha hududda yaratilgan sharoitlar tahlil qilindi.

Oʻrganish natijalari boʻyicha yuqori turuvchi tashkilotlarga tegishli tartibda maʼlumot kiritildi.