× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Oliy taʼlim sohasiga fin tajribasini joriy etish istiqbollari muhokama qilindi

12 May 2022

Joriy yilning 9–13-may kunlari Kareliya amaliy fanlar universiteti rektori janob Petri Rayvo boshchiligidagi universitet vakillari amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad, oliy taʼlim borasida oʻzaro hamkorlikning bugungi kundagi holati va uni kengaytirish boʻyicha istiqboldagi rejalarni muhokama qilishdan iborat.

Mazkur tashrif rejasiga asosan, 12-may kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Kareliya amaliy fanlar universiteti vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov, Finlyandiyaning Oʻzbekistondagi faxriy konsuli Alisher Joʻrayev, Kareliya amaliy fanlar universiteti rektori Petri Rayvo, universitetning xalqaro hamkorliklar boʻlimi boshligʻi Liisa Timonen hamda global taʼlim mutaxassisi Katri Truonglar ishtirok etishdi.

Uchrashuv kun tartibidan Finlyandiya bilan taʼlim sohasida amalga oshirilgan hamkorlik aloqalarining bugungi kundagi holati va istiqboldagi yoʻnalishlari, Kareliya va Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti hamkorligi, fin ekspertlarini hududlarga jalb qilish, Kareliya universiteti bilan akademik almashuv jarayonlarida hamkorlik loyihalarini kengaytirish masalalari bilan bogʻliq qator masalalar oʻrin oldi.

Muhokamalar avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev mehmonlarga Oʻzbekistonda taʼlim sifati samaradorligini oshirish hamda Finlyandiya tajribasini joriy etishda hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirar ekan, bu boradagi ishlar kelajakda izchil davom ettirilishini taʼkidladi.

“Soʻnggi yillar davomida taʼlim sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal rivojlanishida taʼlim sohasi alohida oʻrin tutadi. Tizimda sifat koʻrsatkichlarini oshirish boʻyicha xalqaro tajribalarni oʻrganish barobarida, yoshlarning malakali kadrlar boʻlib yetishishlari uchun qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, bugungi kunda mamlakatimiz taʼlim tizimida, xususan oliy taʼlim sohasiga Finlyandiya tajribasini joriy etish orqali isloh qilishga katta eʼtibor qaratilyapti.

Bu borada mamlakatingiz oliy taʼlim tizimida muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayotgan amaliy fanlar sohasini takomillashtirish hamda taʼlim klasterlarini joriy etish, uzluksiz taʼlim tizimidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish Oʻzbekistonda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va taʼlim sifati va samaradorligini oshirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi”, – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.

Shuningdek, oʻz navbatida, Kareliya amaliy fanlar universiteti rektori iliq mehmondoʻstlik uchun minnatdorchilik bildirib, Oʻzbekiston oliy taʼlim sohasiga ilgʻor tajribalarni joriy etish hamda hamkorlikning istiqbollari haqida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

“Oʻzbekistonga ilk marotaba kelishim. Mamlakatingiz taʼlim tizimini isloh qilish va kelajak avlodni tarbiyalashdagi ishtiyoqi meni hayratga soldi.

Menimcha, bu kabi tashriflarni koʻproq amalga oshirish hamkorligimizning istiqbollari uchun ijobiy taʼsir koʻrsatishi shubhasiz.

Kareliya amaliy fanlar universiteti Oʻzbekistondagi qator oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, Qoʻqon xalqaro universitetidan 4 nafar talabaning universitetimizda oʻqishni boshlagani fikrimning dalili boʻla oladi.

Shuningdek, ertaga biz Samarqand shahrida boʻlib, Samarqand davlat universiteti qoshida tashkil etilgan Oʻzbek-fin pedagogika instituti bilan ham hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishni rejalashtiryapmiz.

Bu albatta, erishiladigan ulkan natijalarning yakuni emas. Kelajakda mazkur aloqalar yanada kengayib, mamlakatlarimiz va madaniyatlarimiz oʻrtasida muhim koʻprik boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

Ushbu yoʻnalishda esa oʻzaro harakatlarimizni muvofiqlashtirib, yoʻl xaritasini ishlab chiqishimiz, unda tomonlar manfaatidan kelib chiqqan holda, aniq vazifalarni belgilab olishimiz maqsadga muvofiq boʻlardi”, – dedi Petri Rayvo.

Uchrashuv davomida, shuningdek, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov talabalar almashinuvi, qoʻshma taʼlim dasturlari bilan bogʻliq loyihalarni amalga oshirish boʻyicha istiqboldagi rejalar yuzasidan oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

“Taʼkidlaganingizdek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda taʼlim tizimini isloh qilish, sohani takomillashtirishda xorijiy tajribalarni oʻrganish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi nomidan mamlakatimiz taʼlim tizimiga fin tajribasini joriy etish boʻyicha harakatlaringizni yuksak qadrlaymiz. Shuningdek, bu borada amalga oshiriladigan loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz.

Finlyandiya soʻnggi 30 yil ichida aynan taʼlim sohasiga juda katta eʼtibor qaratdi. Bu esa mamlakatingiz farovonligi va iqtisodiy taraqqiyotiga sezilarli taʼsir koʻrsatganiga bugun barchamiz guvohmiz.

Bugungi kunda Oʻzbekiston ham oʻz taraqqiyotida ushbu yoʻlni tanladi. Hozirgi kunda faqat oliy taʼlim sohasi emas balki, professional taʼlim hamda kadrlar malakasini oshirish sohalarida ham hamkorlik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha ulkan salohiyatga egamiz.

Bu borada ham Sizlardan oʻrganadigan jihatlarimiz talaygina”, – dedi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari.

Muhokamalar yakunida koʻtarilgan masalalar boʻyicha hamkorlik aloqalarini davom ettirishga hamda amalga oshirilayotgan loyihalar koʻlamini muntazam kengaytirib borishga kelishib olindi.

Qayd etish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “Taʼlim tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida Finlyandiya taʼlim tajribasini oʻrganish va yurtimizda samarali tatbiq qilish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan 2021-yildan Finlyandiyalik oʻqituvchilar tomonidan Toshkent, Zarafshon va Qoʻqon shaharlarida fin tilini qoʻshimcha xorijiy til sifatida oʻqitish yoʻlga qoʻyildi.

Finlyandiya oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent davlat stomatologiya institutida qoʻshma taʼlim dasturlari qoʻyildi. Samarqand davlat universiteti tarkibida Oʻzbekiston-Finlyandiya Pedagogika instituti tashkil etildi.

Shuningdek, Taʼlim inspeksiyasi rahbari boshchiligidagi delegatsiya tomonidan 2021-yilning 22-26-noyabr kunlari Finlyandiyaning taʼlimdagi tajribasi joyiga borib oʻrganildi. Tashrif doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha bir qator kelishuvlarga erishildi.

Kareliya amaliy fanlar universiteti vakillarining mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifi mazkur hamkorlik aloqalarining yanada kengayishiga xizmat qiladi.