× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Taʼlim sifatiga qaratilgan qarorlar ijrosi uchun shaxsiy masʼuliyat — muhim masala

24 Dekabr 2022

Yangi Oʻzbekistonda taʼlim tizimini takomillashtirish islohotlari zamirida yosh avlodga sifatli taʼlim-tarbiya berish orqali inson kapitalini rivojlantirish, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan jamiyatni shakllantirish maqsadi mujassam. Oʻtgan davr mobaynida taʼlim sifati va samaradorligini oshirishga, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 2 ta qonun, Prezidentimizning 3 ta Farmoni va 2 ta qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 11 ta qarori qabul qilindi.

Islohotlar samaradorligi va koʻzlangan maqsadlarga erishishda bevosita har bir tashkilotda mustahkam ijro intizomining yoʻlga qoʻyilgani muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, har qanday hujjat yoki qarorning hayotdagi ijrosi taʼminlanmasa, islohotlar natijasi yuzaga chiqmaydi. Shundan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi qarori va hukumatning 2017-yil 18-iyuldagi qarori bilan uzluksiz taʼlim tizimida sifatni shaffof va adolatli baholab boradigan mutlaqo yangi va yaxlit tizimni yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etildi.

Yangi tuzilmaga taʼlim tashkilotlarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish, pedagog kadrlarga malaka toifalarini, nodavlat taʼlim tashkilotlariga litsenziyalar berish, xorijiy mamlakatlarda berilgan taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olishni tashkil etish jarayonlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida yoʻlga qoʻyish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, ilk marotaba taʼlim tashkilotlari reytingini aniqlash, oʻquvchilarning bilim darajasini baholash boʻyicha xalqaro dastur va tadqiqotlarda Oʻzbekistonning ishtirokini taʼminlash hamda dunyoning yetakchi reyting tashkilotlari bilan hamkorlik qilish va milliy oliy taʼlim muassasalarining ushbu reytinglarga kirishiga har tomonlama koʻmaklashishdek oʻnga yaqin dolzarb vazifa yuklandi.

Nodavlat taʼlim tashkilotlari soni 11 barobar oshdi

Prezidentimiz 2017-yili Oliy Majlisga Murojaatnomasida nodavlat taʼlim tashkilotlarini ochish uchun litsenziya berish tartibini soddalashtirish boʻyicha zarur vazifalarni belgilab bergan edi.

Ushbu vazifa ijrosini sifatli taʼminlash yuzasidan tizimdagi islohotlar ikki bosqichda amalga oshirildi.

Birinchi bosqichda 2017-2018-yillarda nodavlat taʼlim tashkilotini ochish istagida boʻlgan tadbirkorlar uchun nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.

Litsenziya uchun talabgorlar tomonidan topshiriladigan hujjatlar soni 9 tadan 5 taga qisqartirildi. Ushbu soddalashtirilgan tartib asosida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan belgilangan talablarga javob beradigan 5 mingdan ortiq nodavlat taʼlim tashkilotiga litsenziya rasmiylashtirib berildi.

Natijada nodavlat taʼlim tashkilotlari soni 2017-yilda 512 tani tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunga kelib 5787 taga yetdi. Yaʼni soʻnggi besh yilda qariyb 11 barobar oshdi. Jumladan, maktabgacha taʼlim boʻyicha 2243 ta, umumiy oʻrta taʼlim boʻyicha 334 ta, professional taʼlim boʻyicha 2 ta, oliy taʼlim xizmatlari boʻyicha 67 ta litsenziya rasmiylashtirib berilgan.

Oʻzbekiston Prezidentining “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan boshlab maktabdan tashqari taʼlim hamda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv kurslari xabardor qilish tartibida tashkil etilmoqda. Hozir ularning soni 1671 taga yetdi.

Ikkinchi bosqichda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tar[1]tib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish sohasida yangi litsenziya talablari va shartlari ishlab chiqildi hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi va 25-fevraldagi qarorlari qabul qilindi.

Ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib, nodavlat taʼlim tashkilotlariga qoʻyilgan talablar aniq, bandma-band koʻrsatib oʻtildi. “Taʼlim toʻgʻrisida”- gi qonunning yangi tahririda nodavlat taʼlim tashkilotlarining huquqiy maqomi belgilandi, ularning faoliyati boʻyicha normalar tartibga solindi.

2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasidagi vazifalardan biri sifatida nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi tashkilotlarga sharoit va imkoniyat[1]larni kengaytirish orqali ularning ulushini 2026-yilda 8 foiz, jumladan, 2022-yilda 3 foiz oshirish belgilangan. Shuningdek, 2026-yilgacha nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari sonini kamida 50 taga yetkazish, xususan, 2022-yilda Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida kamida 1 tadan nodavlat oliy taʼlim tashkilotini tashkil etish vazifasi qoʻyilgan.

2022-yilning oʻtgan davri mobaynida 33 ta nodavlat oliy taʼlim tashkilotiga litsenziya berildi. Birorta ham nodavlat oliy taʼlim tashkiloti boʻlmagan Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Namangan, Samarqand, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi kabi hududlarda joriy yilda xususiy oliygohlar ish boshladi.

Joriy yilning 15-iyun kuni Prezidentimiz raisligida aholini kasb-hunarga tayyorlash boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida sanoat, qurilish, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi yoʻnalishlarida hamkorlarni jalb etgan holda, xususiy texnikumlar va kollejlarni tashkil etishga koʻmaklashish vazifasi belgilangan edi.

Ushbu topshiriqning ijrosini taʼminlash maqsadida 2022-yil 19-oktyabr kuni hukumatning xususiy kollej va texnikumlarni tashkil etish uchun bir qator imtiyozlar berishni nazarda tutuvchi qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, xususiy kollej va texnikumga litsenziya olish talablari yengillashtirildi. Natijada oʻtgan bir oyning oʻzida 2 ta nodavlat professional taʼlim tashkiloti tashkil etildi.

Malaka toifasi pedagogik mahorat va psixologik tayyorgarlikka koʻra beriladi

Prezidentimizning 2020-yil yakuniga bagʻishlangan Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan oʻqituvchilarning oʻz fanini bilishi, pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligidan kelib chiqib, toifa berish mezonlari ham qayta koʻrib chiqilib, yangi tartiblar joriy qilindi.

Pedagoglarga koʻproq qulaylik va imkoniyat yaratish hamda pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan yangi nizom tasdiqlandi.

Ushbu qarorda keltirilgan vazifalarning soʻzsiz amalga oshirilishini taʼminlash, topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish va taʼsirchan mexanizmini yaratish boʻyicha barcha darajadagi rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish yuzasidan aniq yoʻnalishlar belgilab olindi.

Unga koʻra, oʻqituvchilardan talab qilinadigan hujjatlar soni 9 tadan 3 tagacha qisqartirildi. Pedagog kadrlarga qogʻoz shaklidagi attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi sertifikat berish amaliyoti bekor qilinib, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va QR-kod qoʻyilgan elektron shakldagi sertifikat berish tartibi joriy etildi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining “pedkadr.tdi.uz” platformasi UzASBO hamda maktab boshqaruv (ERP) dasturlari bilan integratsiya qilindi. Bu, oʻz navbatida, toifasini oshirgan oʻqituvchilardan hech qanday hujjat talab qilmasdan, ularning ish haqini avtomatik tarzda qayta hisoblash va toʻlab borish imkonini beradi.

Malaka sinovlari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlangan xonalarda onlayn tarzda oʻtkazilmoqda. Madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi mutaxassislik va umumkasbiy fanlarda ijodiy imtihon tashkil qilinmoqda. Barcha hududlarda oʻtkazilgan sinovlar imtihon.tdi.uz sayti orqali berib borilmoqda.

Vazirlik va idoralar hamda taʼlim muassasalari miqyosidagi attestatsiya komissiyalarini tuzish va yigʻma jild orqali hujjat topshirish amaliyoti bekor qilindi. Oʻz ustida ishlaydigan va malakali pedagoglarga 1 yilda ikki marotaba toifa sinovlarida ishtirok etishi uchun imkoniyat berildi. Shu bilan birga, oʻqituvchilarga Davlat xizmatlari markazi, uyi yoki ishxonasidan turib Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi veb-sayti orqali toʻgʻridan-toʻgʻri hujjat topshirish imkoniyati yaratildi.

Natijada 2022-yil birinchi yarmida 280 ming pedagog attestatsiyada ishtirok etish uchun murojaat yoʻllagan boʻlsa, 215 ming nafari navbatdan tashqari oʻz ixtiyori bilan attestatsiyada qatnashish istagini bildirgan.

Ikkinchi yarim yillikda oʻtkaziladigan attestatsiya jarayoniga 228 ming pedagog qamrab olinishi rejalashtirilgan boʻlib, 212 ming nafari, yaʼni 90 foizi navbatdan tashqari oʻz ixtiyori bilan attestatsiyada ishtirok etish istagini bildirgan. Yakuniy natijalarga koʻra, birinchi yarim yillikda attestatsiyada ishtirok etgan oʻqituvchilarning 68 foizi ijobiy natijani qayd etgan.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali oʻtkazilgan anonim soʻrovnomada ishtirok etgan 18 mingdan ortiq pedagogning 92 foizi 2022-yil birinchi yarmida oʻtkazilgan pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonlarini ijobiy baholagan.

Xorijiy diplomlarni tan olish jarayoni soddalashtirildi

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga yuklatilgan navbatdagi muhim vazifa xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish hisoblanadi. Soʻnggi oʻn yillikda butun dunyo oliy taʼlim tashkilotlariga qabulning misli koʻrilmagan oʻsishi talabalar mobilligining oshishi fonida yuz berdi. Bu asta-sekin talabalar, oʻqituvchilar va tadqiqotchilarning global kampusi paydo boʻlishiga olib kelmoqda.

YUNESKO tahlillariga koʻra, 2011-yilgacha boʻlgan oʻn yilda oʻz mamlakatidan tashqarida oʻqishni tanlagan talabalar soni ikki barobardan oshib, 4,3 millionni tashkil etdi. Konservativ hisob-kitoblarga koʻra, bu koʻrsatkich 2025-yilga borib yana ikki barobar koʻpayishi kutilmoqda. Oʻz navbatida, yurtimiz yoshlari oʻrtasida ham xorijiy davlatlarda taʼlim olayotganlar soni oshmoqda. Ularning taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarini tan olishni zamon talablariga moslash, ortiqcha qogʻozbozlik va ovoragarchilikning oldini olish maqsadida ushbu jarayon ham takomillashtirildi.

Ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda, 2019-yil 24-iyulda Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish tartibini takomillashtirish haqida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur xizmatni Davlat xizmatlari markazlari orqali hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirish tizimi joriy qilindi, taqdim etiladigan hujjatlar soni 5 tadan 2 taga, arizani koʻrib chiqish muddati 30 kundan 10 kunga qisqartirildi.

Jarayonni soddalashtirish, unda inson aralashuvini kamaytirish maqsadida ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasini oʻrgangan holda, ikki bosqichli tizimdan voz kechilib, faqat mutaxassislik boʻyicha test sinovlari oʻtkaziladigan boʻldi. Bundan tashqari, ushbu qaror bilan xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar oʻnga yaqin holatda toʻgʻridan-toʻgʻri (sinovlarsiz) tan olinishi belgilandi.

Xususan, xalqaro tan olingan agentliklar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi 1000 talikdan joy egallagan xorijiy oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olgan talabgorlarning hujjati toʻgʻridan-toʻgʻri sinovlarsiz tan olinishi yoʻlga qoʻyildi.

Bundan tashqari, Rossiya va Belarus bilan diplomlarni oʻzaro tan olish boʻyicha hukumatlararo shartnomalar imzolandi va diplomlarning hech qanday toʻsiqlarsiz tan olinishiga erishildi. Qisqa muddatda mutlaqo yangi dasturiy taʼminot ishga tushirildi, zamon talablariga javob beradigan testlarni xalqaro va mahalliy ekspertlar yordamida tuzish va tatbiq etish masalasi hal etildi.

Bugungi kunda sinovlarga kelgan talabgor 1 soatu 40 daqiqa davomida testni topshirib, natijasini shu zahoti bilib ketadi. Ijobiy natija koʻrsatganlarning sertifikatlari esa Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuboriladi.

Soʻnggi toʻrt yilda xorijiy diplomlarni tan olish boʻyicha murojaatlar 4,3 barobar oshgan. Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2018-2022-yillarda arm.gov.uz tizimi orqali xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish boʻyicha 31 267 ta ariza qabul qilingan. Shundan 18 967 talabgor belgilangan test sinovlarida ishtirok etgan.

Sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan hamda hujjatlari toʻgʻridan-toʻgʻri (sinovlarsiz) tan olishga tavsiya etilgan 10 019 talabgorga sertifikatlar rasmiylashtirib berilgan.

Ilk marotaba taʼlim sifati xalqaro darajada baholandi

Ijro intizomini mustahkamlashda tizimdagi har bir xodimning masʼuliya[1]tini oshirish, qatʼiy intizom oʻrnatish, ularda kasbiy gʻurur, mehnatsevarlik, tashabbuskorlik hissini uygʻotish muhim ahamiyat kasb etadi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi qarorida ilk marotaba xalq taʼlimi tizimida taʼlim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarda mamlakatimiz ishtirokini taʼminlash boʻyicha vazifalar belgilangan edi. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi “Xalq taʼlimi tizimida taʼlim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida PIRLS, TIMSS, PISA va TALIS xalqaro tadqiqotlariga tayyorgarlik koʻrila boshladi.

2019-yil noyabr oyida ilk bor Jahon banki bilan hamkorlikda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, TIMSS xalqaro tadqiqotlari savollari asosida matematika boʻyicha maktab oʻquvchilarining bilimini oʻrganish boʻyicha sinovlar tashkil etildi. Mazkur sinovlarda qayd etilgan natijalardan Jahon banki tomonidan Oʻzbekistonda inson kapitalini aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotlarda foydalanildi.

Dunyo aholisining 98 foizi istiqomat qiluvchi 174 ta mamlakat qatorida ilk marotaba ishtirok etgan Oʻzbekiston 62 foiz natija bilan yuqori oʻrta daromadli davlatlar qatoridan joy egalladi.

Joriy yil aprel oyida Oʻzbekiston maktablarida 4-sinf oʻquvchilarining matnni oʻqib tushunish darajasini baholash boʻyicha (PIRLS) xalqaro tadqiqotlar oʻtkazildi. 2001-yildan beri har besh yilda bir marotaba oʻtkazib kelinayotgan ushbu tadqiqotlarda mamlakatimiz ilk marotaba dunyoning 60 dan ortiq davlati qatorida ishtirok etdi.

2018-yilda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzurida Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tashkil qilinib, unga umumtaʼlim muassasalarining xalqaro tadqiqotlarda ishtirokini taʼminlash vazifasi yuklandi.

Bugungi kunga qadar xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik boʻyicha 14 ta hududda 348 ta tayanch maktab belgilanib, boshqa 9691 ta maktab ushbu tayanch maktablarga biriktirildi.

Oʻtgan davr mobaynida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) hamda Taʼlimdagi yutuqlarni baholash xalqaro uyushmasi (IEA) bilan kelishuvlarga erishilib, Oʻzbekiston ilk marotaba PISA, TALIS, PIRLS va TIMSS xalqaro dasturlarida ishtirok etmoqda.

PISA tadqiqotlari har bir mamlakatga oʻzining kuchli va zaif tomonlarini dunyo taʼlim tizimi bilan qiyoslash imkonini beradi. Shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etadi, yaʼni investorlar mamlakatda bilimli, malakali kadrlar bormi, degan savolga bu tadqiqot natijalari orqali javob topadi.

Ushbu tadqiqotlar orqali mamlakatimizdagi taʼlim tizimi, taʼlim muhiti, taʼlimning tashkil etilishi, tanqidiy va ijodiy fikrlash, egallangan bilimlarni hayotda qoʻllay olish qobiliyati, ota-onalarning farzandlari taʼlimiga eʼtibori va uyda yaratilgan sharoitlar boʻyicha atroflicha ilmiy asoslangan va ishonchli maʼlumotlar olishga erishish koʻzlangan.

Sohalardagi tarixiy oʻzgarishlar va tub islohotlar zamirida “Odamlar ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak”, degan shior mujassam.

Har bir rahbar yetarli vakolatlarga, resurslarga ega va oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun “Ishni jamoa bajaradi, masʼuliyat esa shaxsiy!” tamoyiliga qatʼiy amal qilgan holda, shaxsan javobgardir. Zero, shaxsiy masʼuliyat, temir intizom, kasbiy gʻurur va professional mahorat ijro intizomining mustahkam poydevoridir.

Ulugʻbek Tashkenbayev

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi