× Карта сайта
Ovozli hamrohlik

Saytda ovozli hamkor mavjud.

matnni tinglash uchun uni sichqoncha bilan tanlang

Maxsus imkoniyatlar

Jamiyatdagi har qanday islohotlar oilalardan boshlanishi lozim

18 Noyabr 2022

Xizmat yuzasidan chet el safarlariga oʻzi bilan moʻjaz bayroqchamizni olib ketadigan hamkasblarimga, oʻz xonadonida bayrogʻimiz uchun joy ajratgan ustozlarimga havas qilib, safar xaltam va xonadonimdagi kitob javonida doim bayrogʻimizni saqlayman.

Davlat bayrogʻi har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardan biridir. Bayrogʻimiz shu yurtda yashovchi har bir fuqaro singari menga ham gʻurur, faxr va iftixor bagʻishlaydi. Ayniqsa, jahon arenalarida yurtimiz sportchilari sharafiga bayroq koʻtarilganda, xorijiy davlatlarda xizmat safarida boʻlgan chogʻlarim davlatimiz bayrogʻiga koʻzim tushganda beixtiyor yuragim hapqirib ketadi. Ruhimda joʻshqinlik va shijoat oshganini his qilaman.

Juda katta maʼno-mazmunga ega yuksak did va mahorat bilan puxta ishlangan, xalqimizning asriy orzu-istaklarini, gʻayrati va shijoatini, ajdodlar yodi hamda millat gʻururini oʻzida mujassam etgan bayrogʻimiz dunyo mamlakatlari bayroqlari orasida koʻzimga olovdek koʻrinadi, uning chiroyidan koʻnglim faxrga toʻladi.

Bugun milliy bayrogʻimiz davlat idora va muassasalari, oʻquv yurtlari, Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz aʼzolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrogʻimiz Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻururini yorqin aks ettirmoqda.

Bayrogʻimizdan gʻururlanish tuygʻusini faqat bayram kunlari emas har kuni his qilish, unga hurmat tuygʻusini nafaqat davlat xizmatchilari yoki sportchilar balki har bir fuqarolarning his qilishi yurtimizda ommaviy vatanparvarlikni shakllanishiga olib keladi. Ommaviy vatanparvarlik esa davlat va jamiyat rivojlanishining asosiy omillaridan biridir.

Bu boradagi targʻibot tadbirlarini jamiyatning bir boʻlagi boʻlgan oilalardan boshlash kerak nazarimda. Oilalarda ota-onalar tomonidan farzandlarga davlat ramzlari toʻgʻrisida maʼlumot berilishi, ulardan gʻururlanishda shaxsiy namuna koʻrsatilishi yoshlarimizni chin maʼnoda vatanparvar boʻlib yetishishida tamal toshi vazifasini oʻtaydi.

Xulosa oʻrnida aytish lozimki, davlatimiz bayrogʻi tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorugʻ kelajagimizga boʻlgan ishonchimiz timsolidir…

Ravshan Ergashev

Taʼlim inspeksiyasi boʻlim boshligʻi